Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

«Ucell» qachon o‘zbekcha gapiradi?

«Ucell» qachon o‘zbekcha gapiradi?

Shuni unutmaylikki, tilimizni o‘zimiz hurmat qilmasak, chet eldan kelayotganlar umuman hurmat qilmaydi.

Foto: «ucell.uz»

Yaqinda «Ucell» uyali aloqa kompaniyasidan bir SMS xabar keldi. Mana o‘sha xabar:

«Now communication during Umrah and Hajj is just for 3500 UZS/min. In roaming with Ucell! For more information visit: www.ucell.uz/fpc».

Garchi ingliz tilini uncha bilmasam ham bu SMS xabardagi «Umrah», «Hajj», «roaming» so‘zlaridan kompaniya umra va hajga boradigan ziyoratchilarimiz uchun o‘z rouming xizmatlarini taklif etayotganini tushundim. Ajablanarlisi shuki, kompaniya ushbu SMS xabarini o‘z mijozlariga faqat ingliz tilida jo‘natayapti. O‘zbek yoki rus tilida emas.

Shundan keyin men ushbu kompaniyaning o‘z mijozlariga jo‘natayotgan SMS xabarlarini kuzata boshladim. Aksariyat xabarlar ingliz tilida. Yana bir qismi faqat rus tilida. O‘zbek tilida jo‘natilayotgan xabarlar esa foiz hisobida eng kam.

Kuzatishlarim natijasida yana shularni aniqladimki, bu uyali aloqa kompaniyasining mijozlari o‘z balanslarini tekshirganda ham, internet paketlarning qoldiqlarini tekshirganda ham USSD kodlar orqali olinadigan turli xabarlarning aksariyati ingliz tilida keladi.

Xabarlardan skrinshot.

Ana shu yerda muhtaram o‘quvchilarda «Xo‘sh, nima bo‘pti? Ingliz tilida jo‘natsa qaytaga yaxshi-ku, odamlar ingliz tiliga ham ko‘zlari o‘rganib boraveradi» degan fikr tug‘ilishi mumkin. Mening yurtdoshlarimning chet tillarini o‘rganishiga qarshiligim yo‘q. Aksincha, buni qo‘llab-quvvatlayman. O‘z tilini bilsa va hurmat qilsa, xohlasa mingta tilni o‘rgansin. Ammo o‘z tilini unutish, mensimaslik hisobiga chet tillarini o‘rganadiganlarni, chet tillarda gaplashadiganlarni oqlamayman.

Endi «Ucell»ga qaytsak, agar bu kompaniya o‘z mijozlariga jo‘natadigan har bir SMS xabarini o‘zbek tilida yo‘llab, orqasidan rus va ingliz tillarida ham jo‘natsa, aslo qarshiligim yo‘q. Aksincha, buni qo‘llab-quvvatlayman. Ammo mamlakatimizda davlat tili o‘zbek tili bo‘lgani holda bu kompaniya muhim xabarlarni faqat ingliz tilida jo‘natishini oqlab bo‘lmaydi.

Endi o‘sha umra va hajga boruvchilarga arzon narxlarda rouming xizmatini ko‘rsatish haqidagi xabarga kelsak, umra va hajga boradiganlarning ko‘pchiligi ingliz tilini mutlaqo bilmaydi. Shunday ekan, kompaniya nimaga asoslanib bu xabarni mijozlariga ingliz tilida jo‘natayapti? Yoki bundan boshqa ko‘pgina SMS xabarlar ham ingliz tilida jo‘natilayapti. Buni kim nazorat qiladi? Agar kimdir nazorat qilsa, nega bu kompaniyaga tilimizga qilayotgan hurmatsizligi uchun hech kim chora ko‘rmaydi?

Umuman olganda, mamlakatimizga kirib keladigan xalqaro kompaniya va firmalarga o‘z mahsulotlari qadog‘ida yoki xizmat ko‘rsatganda xalqaro tillar bilan birga o‘zbek tilidan ham albatta foydalanishni qat’iy talab qilib qo‘yishimiz kerak. Shuni unutmaylikki, tilimizni o‘zimiz hurmat qilmasak, chet eldan kelayotganlar umuman hurmat qilmaydi.

P.S.: Ushbu mulohazalarni qoralab qo‘yganimga bir oydan oshdi. Telefonimga «Ucell» kompaniyasidan faqat ingliz tilida yozilgan xabarlar kelishi hamon to‘xtagani yo‘q.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring