Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina va Rossiya urushda qancha qurbon bergani ma’lum qilindi

Ukraina va Rossiya urushda qancha qurbon bergani ma’lum qilindi

2022 yil 24 fevraldan buyon davom etayotgan urush mobaynida Ukraina va Rossiya tomonidan halok bo‘lgan va jarohatlanganlar soni bir million nafardan ortdi.

«The Wall Street Journal» nashri hisob-kitobiga ko‘ra, Ukrainaning 80 ming harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, yana 400 ming nafari jarohatlangan. Bosqinchilik urushini boshlagan Rossiya esa Ukraina hududlarida 200 ming askar qurbon bergan, yana 400 ming nafar rus harbiysi jarohatlangan.

AQSh nashri Ukraina tomonidan berilgan qurbonlarga oid ma’lumotlar Kiyev rasmiylaridan olingani, Rossiyaga oid statistika manbasi esa G‘arb razvedka xizmatlari ekanini ma’lum qilgan.

Rossiya ham, Ukraina ham urushdagi qurbonlarga oid raqamlarni to‘liq va ochiq e’lon qilganicha yo‘q. 2024 yil fevral oyida prezident Vladimir Zelenskiy urushda 31 ming ukrain askari halok bo‘lganini aytgan edi. Rossiya tomoni esa 2022 yil sentyabrdan buyon bu boradagi raqamlarni oshkor etmay kelmoqda.

«The Wall Street Journal» aholisi Rossiyadan bir necha barobar kam bo‘lgan Ukraina uchun yo‘qotishlar kuchliroq seziladi deb hisoblaydi.

Ayni choqda, Rossiya tomonidan halok bo‘lgan va jarohatlanganlar sonini 610 ming deb baholagan Buyuk Britaniya harbiy razvedkasi Moskva ham askar yollashga qiynalayotganiga e’tibor qaratgan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil iyul oyida «Meduza» nashri Ukraina bosqini boshlanganidan buyon jang maydonida Rossiyaning 120 ming nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgani haqida yozgandi. Nashr Rossiya meros reyestri va jamoat hukmiga havola qilingan ta’ziya xatlariga tayangan holda halok bo‘lgan askarlarni hisoblashning maxsus uslubini ishlab chiqqan. Ushbu hisob-kitobga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukraina urushida har kuni 200-250 askaridan ayrilmoqda.

Germaniya kansleri Olaf Sholsga ko‘ra, prezident Putinning imperiyachilik vasvasasi sabab Rossiya har oyda 24 ming askar qurbon berayotir.

«The New York Times» gazetasi 2023 yil avgust oyida yozishicha, qirg‘inbarotda Rossiya tomonidan 120 ming kishi halok bo‘lgan va 170-180 ming kishi yaralangan. Ukraina esa 70 ming nafargacha askarini yo‘qotgan, 100-120 ming kishi jarohatlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring