Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ular qalb bilan «eshitadi»lar, qo‘llari bilan «gapiradi»lar

Ular qalb bilan «eshitadi»lar, qo‘llari bilan «gapiradi»lar

Kar va eshitish qobiliyati past bo‘lgan bolalarga 4-sonli Qoraqalpog‘iston Respublika maktab-internatida qalb bilan «eshitish»ni qanday o‘rgatishadi? Buni suhbat davomida bilib olasiz.

Internatda 225 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Eng kichkinalari olti yoshda, ular  tayyorlovda o‘qiydilar. Kattalari o‘n sakkizda, kichkinalar uchun aka va opalardek – himoyasiga olishadi, g‘amxo‘rlik qilishadi.

Ularning dunyosi yorqin ranglarga to‘la, ular qalblari bilan «his qilish» va eng muhim so‘zlarni «gapirish»ni biladilar. Imo-ishora tilida his-tuyg‘ularini va taassurotlarini yetkazishadi, raqsga tushishadi, qo‘shiq aytishadi, futbol o‘ynashadi va rasm chizishadi.  

Bolalarga atrofdagi hamma narsani «eshitishni» va o‘rganishni 62 nafar o‘qituvchi o‘rgatadi, ularga 68 nafar tarbiyachilar yordam berishadi. 2005-yilda Nukus shahrida maktab-internat tarbiyalanuvchilari uchun to‘rt qavatli bino qurildi – yorqin keng sinf xonalari, tarbiyalanuvchilar darsdan keyin dam oladigan  shinam yotoqxonalar, sport zali, katta oshxona, dush, ijod qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan xonalar doimo bolalarga muntazir.

– Tibbiy-psixologik pedagogik komissiyadan o‘tgan bolalarni bizga yuborishadi. Shunday bo‘ladi-ki, tayyorlov sinfiga olti yoshdan oshgan bolalar ham qabul qilinadi, – deydi maktab-internat direktori Ra’no Qalandarova. – Bu yerda ular imo-ishora tilini, daktil alifbosini, alifboni boshidan o‘rganishadi. Imo-ishora tilini o‘rganish qiyindek tuyulishi mumkin, ammo «gapirish»ni boshlashingiz bilan uning qanchalik boy va ko‘p qirrali, ma’no va hissiyotlarga to‘la ekanligini tushunasiz.

Mutaxassislar o‘qitishni oddiy so‘zlardan boshlaydilar, barchasi kasallikning murakkabligiga, eshitish darajasiga bog‘liq. Tug‘ilganidan kar bolalarda nutq past bo‘ladi, lekin ba’zida bolaning eshitish qobiliyati yo‘q bo‘lsa-da, yaxshi gapira oladi. Tug‘ilganidan eshitish qobiliyati zaif, eshitish moslamasini taqib yuruvchi bola, deyarli gapirmasligi mumkin, bunda barcha mezonlarni hisobga olish va darslarga yakka tartibda yondashish muhimdir. Bizning surdopedagoglarimiz bolalar bilan ishlashda zarur bo‘lgan barcha maxsus bilim va mahoratlarga ega.

Ma’lumot uchun: Bugungi kunda O‘zbekistonda 86 ta ixtisoslashtirilgan va 22 ta, shu jumladan, tayanch-harakat apparati va nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun 4 ta, ko‘r va ko‘rish qobiliyati zaiflar uchun 14 ta, karlar va eshitish qobiliyati zaiflar uchun 18 ta, aqli zaiflar uchun 50 ta sanatoriy-kurort ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur muassasalarda 28 ming nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan bolalar ta’lim va tarbiya oladi. 8,6 mingdan ortiq bola uy ta’limga o‘tkazildi. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bunday o‘quvchilarga 11 mingdan ortiq turli o‘quv qurollari berilgan.

Qo‘llar «gapirganda»

Otabek va Nazarbek Jumamuratovlar tug‘ma gapirmaydi va eshitmaydi, ularning ota-onalari ham xuddi shunday. Egizaklarning onasi va otasi bir vaqtlar maktab-internatda o‘qigan, 2022 yilda ularning kichik o‘g‘illari tayyorlov sinfiga borishgan. Katta o‘g‘li shu yerda, oltinchi sinfda o‘qiydi.

– Yigitlarning imo-ishora tilida muloqot qilish qobiliyati kam, ular juda ochiq va mehribon, tabassum qilishadi, yangi narsalarni o‘rganishni yaxshi ko‘radilar, – deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Raya Shariboyeva. – Bola qanchalik erta bilim olsa, ta’lim jarayoni shunchalik yengil va oson bo‘ladi.

Maktab-internatda bolalarga ta’lim qoraqalpoq tilida olib boriladi,  shuningdek ular, o‘zbek va rus  tillarini o‘rganadi.

Bir necha yil oldin pedagoglar yordamida darslik kitoblar o‘zbek tilidan qoraqalpoq tiliga tarjima qilingan, shuningdek, san’atkorlar tomonidan bolalarga dars o‘tilgan video qo‘llanmaning ikki qismi nashr etilgan.

– Maqset Utemuratov, Begis Temirboyev, Alan Allanazarov kabi taniqli insonlar loyihada ishtirok etishga rozilik berishdi. Ular tarbiyalanuvchilarimiz bilan bir tilda «so‘zlashganida» ular juda xursand bo‘lishdi, – deydi suhbatdoshimiz Ra’no Qalandarova. – Bu nafaqat qo‘llanma, balki qo‘llab-quvvatlash va muloqotga muhtoj bo‘lgan bolalarga alohida e’tibordir. Masalan, Alan yosh do‘stlari bilan tez-tez uchrashib turadi, bayramlarda ham ularni unutmaydi. Tadbirlarni o‘tkazishda yordam berayotganlar orasida Berdaq nomidagi KDU va Ajiniyoz nomidagi NDPI talabalari ham bor.

Maktab-internatda pedagogika institutining defektologiya kafedrasi  filiali mavjud bo‘lib, bo‘lajak mutaxassislar shu yerda amaliyot o‘taydi.

Bolalar umrining ko‘p qismini maktab-internatda o‘tkazadilar, bu yerda ular internatni tark etganda foydali bo‘ladigan barcha narsani o‘rganadilar. Pedagoglar, ularning o‘quvchilari tovush qanday va qayerda paydo bo‘lishini tushunib, uni qanday talaffuz qilishni bilishlari uchun taktil-operatsion sezgirlikni rivojlantirishga qat’iy e’tibor berishadi. Mustaqil ravishda qaror qabul qilish va o‘zlariga xizmat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlariga ham e’tibor qaratishadi, bu ularning intellektual qobiliyatlari qanday rivojlanishi, xarakterining, irodasining shakllanishi bilan bevosita bog‘liqdir.

O‘zini va o‘qituvchini «eshitish», xato qilishdan qo‘rqmaslik, savol berish yoki unga javob berish – hammasi eng oddiy maktabdagi kabi, faqat bunda har bir o‘quvchiga alohida yondashiladi.

Joriy yildan boshlab o‘rta ta’lim muassasalari va «Ishga marhamat» monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish kurslari tashkil etildi. Ushbu kurslarda ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar, shuningdek, bunday bolalarning ota-onalari bepul tahsil oladilar.

O‘tgan yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan edi.

2024-2025- o‘quv yilidan kar va eshitish qobiliyati zaif bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga faqat darslar o‘tiladigan imo-ishora tilini biladigan pedagog kadrlar o‘qituvchilikka qabul qilinadi.

2023-2024- o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarida «Surdopedagogika» va «Tiflopedagogika» yo‘nalishlari bo‘yicha «budjet» o‘rinlari soni 25 foizga oshiriladi.

Joriy yilning sentyabr oyidan boshlab respublikada «Eng yaxshi imo-ishora tili tarjimoni» ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. G‘oliblarga pul mukofotlari beriladi.

Bolalar bilan ishlashda surdopedagoglarga 2021-yil may oyida «Zamin» jamg‘armasi  tomonidan sovg‘a qilingan maxsus jihozlar qo‘l kelmoqda. Bu zamonaviy FM-tizimlar va nutq trenajyorlari bo‘lib, ular o‘quv jarayonini sezilarli darajada yaxshilashga yordam beradi. Ushbu tizim tufayli o‘qituvchilar o‘quvchilar bilan aloqada bo‘lishlari, ular bilan individual shug‘ullanishlari mumkin. Shuningdek, barcha o‘quvchilar eshitish apparatlari bilan ta’minlangan, – so‘zida davom etadi Ra’no Qalandarova. –Surdopedagoglar va defektologlar, ular noodatiy mutaxassislikni tanlagan bo‘lsalar-da, hech qachon afsuslanishmaydi.

– O‘quvchi faningizdan yaxshi baholar ola boshlaganini ko‘rsangiz, quvonchingiz unikidan kam bo‘lmaydi, – deb jilmayadi fizika o‘qituvchisi Niyetbay Davletov. – Hamkasblarim orasida tasodifiy odamlar yo‘q, maktab-internatga ishga kelganlarning barchasi bu yerda oson bo‘lmasligini tushunishgan, lekin ular ongli ravishda bu qarorga kelishgan.

Maktabdan keyin bolalarning ham qiladigan ishlari bor. Ularning ko‘pchiligi bu yerda qo‘shiq aytishni va raqsga tushishni yaxshi ko‘radilar, yosh san’atkorlar uchun sahnadagi har bir chiqish – bu o‘zini yengish, his-tuyg‘ularini ifoda etish imkoniyati. Ular murabbiyning qo‘llarini «eshitadi» va shu bilan musiqani his qilishadi, ritmda harakatlanishadi, xalq va zamonaviy raqslarni ijro etishadi. Mehnat darslarida qog‘oz va ip yordamida hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlashadi, savat va bezak gilamlari to‘qishadi. Xullas ustozlari o‘g‘il bolalarni xo‘jalik ishlari bo‘yicha hunarmand bo‘lishga, qizlarni tikuvchilikga, to‘qishga va pazandachilikka o‘rgatishadi. Maktab-internat faqat yozgi ta’til paytida bo‘sh qoladi, lekin hatto bu kunlarda ham hamma bolalar uyga qaytishga shoshilmaydi. Rivojlanishda davom etish, sport bilan shug‘ullanish, sevimli to‘garaklariga qatnashish uchun qoladigan  bolalar ham bor.

 

Ular jamiyatda yolg‘iz emas

Ra’no Qalandarova o‘n yildan beri maktab-internatni boshqarib keladi. Yillar davomida internatni o‘nlab o‘g‘il-qizlar tark etgan. Ularning deyarli barchasi, oilasi a’zolaridek bo‘lib qolgan ustozlarini, do‘stlarini yo‘qlab tez-tez mehmonga kelishadi.

– Yoshlarni doimo nazorat qilishga, bandligini ta’minlashga ko‘maklashishga harakat qilamiz. Ular kasb-hunar kollejlarida tahsil olib dizayner, kassir, santexnik, dasturchi kabi mutaxassisliklarni egallashmoqda. Jismoniy tarbiya va boshqa fan o‘qituvchisi bo‘layotgan oliy ma’lumotli yigit-qizlar, hatto hamkasblarimiz orasida maktab-internat bitiruvchilari ham bor.

Bugun nogironligi bo‘lgan yoshlarning inklyuziv ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, ijod qilishi, turli jarayonlarga jalb etilishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Biz, ustozlar uchun asosiysi, ular «ochiq sayohat»ga chiqqanda, jamiyatda yolg‘iz qolmasliklari, o‘zlarini topishlari va to‘liq, maroqli hayot kechirishlari kerak.

Bu yil maktab-internat o‘zining yarim asrlik yubileyini nishonlaydi.

Ma’lumot uchun: Xuddi shu 1973-yili Butunjahon karlar federatsiyasi soddalashtirilgan imo-ishora tili lug‘atini chiqardi. Ikki yildan so‘ng Xalqaro imo-ishora tili qabul qilinadi va tasdiqlandi.

2017-yil 19-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi o‘z rezolyusiyasi bilan 23-sentyabr – Xalqaro imo-ishora tillari kunini e’lon qildi.

Butunjahon karlar federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 300 ga yaqin imo-ishora tili, shuningdek, xalqaro imo-ishora tili mavjud.

 

                                                                                         Alyona Aminova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring