Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Umidsiz soliq qarzlari tugatiladi

Umidsiz soliq qarzlari tugatiladi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi, Bosh prokuraturasi, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Markaziy bank mutasaddi rahbarlari bilan hamkorlikda umidsiz soliq qarzini tugatish orqali tadbirkorlikka keng imkoniyat yaratish yuzasidan olib borilayotgan hamkorlikdagi ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi tashkil etildi.

Prezidentimizning 2018 yil 17 apreldagi iqtisodiyot sohalarida debitorlik va kreditorlik hamda budjet oldidagi qarzdorliklarni qisqartirish yuzasidan o‘tkazilgan majlis bayoni asosida berilgan topshiriqlardan kelib chiqqan holda tashkil etilgan mazkur tadbirda uzoq muddatlardan buyon tugatilmay turgan 277,5 mlrd. so‘mlik soliq qarziga ega 762 ta korxonaga iqtisodiy sudlar tomonidan tayinlangan Sud boshqaruvchilarining hisobotlari eshitildi.

Sud boshqaruvchilari tomonidan undirilishi umidsiz bo‘lgan soliq qarzini bankrotlik taomili asosida tugatish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tanqidiy muhokama etildi.

Xususan, Toshkent shahridagi 82 ta korxonaning 69,8 mlrd. so‘mlik, Namangan viloyatidagi 265 ta korxonaning 58,3 mlrd. so‘mlik va Surxondaryo viloyatidagi 21 ta korxonaning 50,7 mlrd. so‘mlik umidsiz soliq qarzi 3 oydan ortiq muddatlarda tugatilmasdan turganligiga e’tiroz bildirilib, ularni tugatish bo‘yicha aniq muddatlar belgilab olindi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-455-sonli qonuni bilan kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asosan joriy yilning 1-yanvaridan boshlab, yakka tartibdagi tadbirkorlik maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarning soliq qarziga nisbatan ham bankrotlik taomili qo‘llanilishi amaliyotga joriy etildi.

Ushbu toifadagi yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan 30,7 mlrd. so‘mlik soliq qarzi mavjud 5123 nafar jismoniy shaxslarga nisbatan bankrotlik ishini ochish bo‘yicha qo‘shimcha yana 550 nafar soliq organi xodimlariga 4-toifali Sud boshqaruvchisi attestatini olish uchun maxsus o‘qishlarni tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga taklif kiritildi.

Bundan tashqari, bugungi kunda o‘z yechimini kutayotgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2013 yil 31 mayda 2463-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslardan qat’iy belgilangan soliqni undirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom bilan soliq organlari tomonidan 9460 nafar jismoniy shaxslarga 34,4 mlrd. so‘mlik qat’iy belgilangan soliqning yillik summasi miqdorida hisoblangan soliqlarning to‘lanmaganligi natijasida ularning soliq qarzi undirilishida uchrayotgan muammolar muhokama etilib, mazkur nizom bekor qilinishi yuzasidan tegishli takliflar kiritilishi belgilab olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring