Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«UzAuto Motors»ga yetkazilgan yukda katta o‘g‘irlik sodir bo‘ldi

«UzAuto Motors»ga yetkazilgan yukda katta o‘g‘irlik sodir bo‘ldi

Noma’lum shaxslar tomonidan 2000 dan ortiq «Chevrolet Nexia» kuzovini ishlab chiqarishga yetadigan po‘lat listlar o‘g‘irlandi.

Joriy yilning 12 iyun kuni «UzAuto Motors»ning Asaka shahridagi zavodiga yetkazilgan yukda po‘lat listlarning bir qismi yetishmayotganligi aniqlangan.

Rossiya Federatsiyasi «Severstali» kompaniyasining yuk vagonlari zavodga kirish paytida ko‘rikdan o‘tkazilganida, vagondagi yuklardan birining qadog‘i buzilganligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan «UzAuto Motors» AJning komplayens xizmati tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, vagonga ortilgan po‘lat listlarning bir qismi kompaniyaga yetib kelgunga qadar, noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlanganligi aniqlandi.

Ishlab chiqarish standartlariga muvofiq, ushbu talon-toroj qilingan po‘lat listlar me’yor sarfiga muvofiq, 2030 ta «Nexia-3» yoki 871 ta «Gentra» yoki 970 ta «Labo» avtomashinalari kuzov qismlarini ishlab chiqarish uchun ishlatilgan bo‘lardi.

Ushbu hodisa yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida to‘plangan barcha materiallar aybdor shaxslarni aniqlash uchun, hamda yuklar tashilishida ularning xavfsizligi va samarali qo‘riqlanishiga mas’ul bo‘lgan IIVning transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalari xodimlarining xizmat vazifalarini qonuniy bajarganligiga huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasiga yuborilgan.

Kompaniya ushbu voqea mijozlarga avtomobillarni yetkazib berish muddatiga ta’sir qilmasligini ma’lum qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring