«Xabar.uz» surishtiruvi: 23 yoshli o‘qituvchining o‘limida kim aybdor?
Hokimlar va’da berishgandi!
Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning va’dasi: «O‘qituvchilar va duxturlarni nafaqat obodonlashtirish ishlarida, hatto qishloq xo‘jaligi ishlarida ham ishlatib keldik. Bu ikki soha — eng zabardast, ishongan sohalarimiz. Mana, hokimlar ham turibdi, o‘qituvchi va shifokorlarni unaqangi ishlarga jalb etish taqiqlanadi! Chiqarmaymiz ularni bunday ishlarga!».
Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning va’dasi: «O‘qituvchi va shifokorlarni boshqa ishlarga jalb qilish – taraqqiyotga to‘siq. Tuman hokimlariga buyruq berdik, endi o‘qituvchi va shifokorlar o‘z ishidan boshqa ishga jalb etilmaydi!».
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning va’dasi: «O‘qituvchi va shifokorlarni boshqa ishlarga jalb qilish – jinoyat! Birorta tuman hokimi o‘qituvchi va shifokorlarni boshqa ishga jalb qilsa, o‘zim olib borib qamayman!».
Surxondaryo viloyati hokimi ham, Buxoro viloyati hokimi ham, boshqa hokimlar ham bunday va’dalarni bergan edilar. Ammo qaysi viloyatda o‘qituvchilar va shifokorlar paxtaga olib chiqilmadi?
Kerak bo‘lsa, vodiy o‘qituvchilarini vagonlarga «yuklab», ota-bobosi ko‘rmagan Qoraqalpog‘istonga olib borib, paxta terdirishdi.
Deputatlar tan olmaydigan majburiy mehnat
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zolari bilan televideniyeda bo‘lgan uchrashuvda Senatning agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bunday degan edi: «Respublikamizning turli hududlarida deputatlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarning birortasida biror o‘qituvchi «Bugun biz ko‘cha tozalayapmiz» degan shikoyat bilan chiqqani yo‘q. Ular biz bilan uchrashuvlarda majburiy mehnat haqida og‘iz ochayotgani yo‘q va bunday holat kuzatilmagan».
O‘sha uchrashuvda jurnalist Barchinoy Jo‘rayevaning «Nafaqat o‘qituvchilar, shifokorlar, bog‘cha tarbiyachilari ham ko‘cha tozalagani chiqayapti. Buni o‘zimiz ham ko‘ryapmiz-ku?» degan savoliga Svetlana Ortiqova bunday javob bergan edi: «Siz bilan biz yashaydigan yerni siz bilan biz tozalamasak, tashqaridan kelgan odam tozalab beradimi?».
Shundan keyin ham men ko‘cha supurayotgan o‘qituvchilar va shifokorlarni ko‘p ko‘rdim, ammo ularning orasida vatanni sevadigan, uning tozaligini istaydigan parlament vakillarini ko‘rmadim.
Yolg‘onchilik nega kerak?
Prezident falon viloyatga borarmish degan gap chiqishi bilan o‘sha viloyatning barcha o‘qituvchilari ko‘cha supurish, yuvish, bo‘yashga chiqishi kimga sir?
Prezident o‘tadigan yo‘llarninggina yaltiratib qo‘yilishini davlat rahbari bilmaydimi? Juda yaxshi biladi!
Shavkat Mirziyoyev Urgutga kelganida ochiqchasiga aytgan edi: «Bu yo‘llarni prezident keladi deb, tuni bilan uxlamasdan shu oqshom qilganlaringni ham bilaman, hammani aldasalaring ham meni alday olmaysizlar, ko‘zimga cho‘p suqmasdan, halol ishlanglar!».
Faqat ko‘cha tozalatishsa, supurtirishsa, to‘siqlarni oqlatishsa ham mayli edi, endi hokimlar o‘zini ko‘rsatishning yangi-yangi usullarini o‘ylab topishayapti: prezident o‘tadigan yo‘llar yoqasida soxta issiqxonalar va tok ishkomlarini ham qilishayapti. Ularning prezident o‘tib ketishi bilan yig‘ishtirib olinishini ham, bu «issiqxonalar»da bir dona ko‘kat ko‘karmasligini ham hamma biladi. Ammo amaldorlar bu yolg‘onlarga davlat rahbarini ishontirishdan umidvor, yo‘qsa boshlarini «dorga tikib» bu ishlarni qildirisharmidi?!
23 yashar, yoshgina o‘qituvchi ayol o‘ldi!
Shunchaki o‘lmadi, «KamAZ» yuk mashinasi ostida qolib, majag‘i chiqib ketdi! Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktabning mehnat ta’limi o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Yenekeyeva (dastlabki xabarlarda Inikova deb berilgan) majburiy (balki kimningdir nazarida ixtiyoriy) mehnat qurboni bo‘ldi.
— Bizni Samarqand — Buxoro trassasiga chiqarishdi, — deydi Diana bilan birga ko‘cha tozalashga chiqqan o‘qituvchilardan biri (suhbatdoshlarimizning ism-familiyalari va suhbatning audioyozuvi bizda mavjud — «Xabar.uz»). — Qora «Lasetti»da kelgan XTB vakili bizga alohida hududni chegaralab berdi. Men unga «Bu — katta trassa, yuk mashinalari katta tezlikda yuradi, odamlarga yaqin yerda tezlikni pasaytirish lozimligini ko‘rsatuvchi yoki ta’mirlash ishlari ketayotganini bildiruvchi belgilar qo‘yilmaydimi, GAI (DYHXX) xodimlari bizga yaqin yerda turishmaydimi?» dedim. Ammo u «Ana, mashinalarida GAIlar o‘tiribdi, sizlarga qaraydi» deya mashinasiga o‘tirib, jo‘nab ketdi. Mashinadagi GAI xodimlari bizga yaqin ham kelishmadi, biror belgi ham qo‘yilmadi, birortamizga aqalli birorta bayroqcha ham berishmadi, keyin shu fojia sodir bo‘ldi. Biz yo‘l chetidagi daraxtlarni oqlayotgan, kimdir yo‘llarni supurayotgan, Dianalar to‘siqni ohaklayotgan edi. Katta tezlikda kelgan «KamAZ» Dianani urib ketdi...
— Men Diana bilan birga edim, — dedi Prezident tashrifi munosabati bilan ko‘cha tozalashga jalb etilgan o‘qituvchilardan yana biri. — Biz daraxtlarni oqlayotgandik. Diananing otini aytib chinqirishganida mashina uni urganini ko‘rdim. Bir «Damas»ni to‘xtatib, uni shaharga, «tez yordam»ga olib keldik. Bo‘yin tomirini ushlab ko‘rdim, yuragi urayotgan edi. Afsus, shifoxonada joni uzildi. Dianani biz, hamkasblar ham, o‘quvchilari ham bir umr unuta olmaymiz, u bolalarni juda ham sevadigan, o‘z kasbining fidoyisi edi.
O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilrabo Erkayeva imkon qadar savollarimga javob bermaslikka harakat qildi. «Hech bo‘lmasa, Diana qanday o‘qituvchi edi, shuni ayting» deganimdan keyingina uning sha’niga juda yaxshi gaplarni aytdi:
— O‘z kasbini yaxshi ko‘rardi, deyarli hamma vaqtini maktab uchun sarflardi. O‘quvchilarini yaxshi ko‘rardi. Ularga turli narsalar yasattirib, tanlovlarga olib borardi. O‘quvchilari bir necha bor tuman tanlovlarida g‘olib bo‘lgan edi.
— 14-mart kuni ham darsi bormidi? – so‘rayman.
— Ha, to‘rt soat darsi bor edi, — dedi Dilrabo Erkayeva. — Ammo darslari o‘tilmay qoldi...
Ha, endi Diananing darslari o‘tilmaydi!
— Nega darslarni qoldirib, ko‘cha tozalashga ketishiga ruxsat berdingiz?
— Bitta bizda bo‘libdimi? Hamma maktabdan har kuni o‘qituvchilar chiqadi, bilmaysizmi yo ko‘rmayapsizmi? — dedi Dilrabo Erkayeva.
U haq edi. Eng qizig‘i, bir o‘qituvchini mashina bosib o‘ldirganidan keyin ham katta trassadagi ishlar to‘xtatilgani yo‘q, 15-mart kuni ham o‘qituvchilar «ko‘chaga haydaldi». Buni o‘zim ko‘rdim, albatta, ertasi kuni ishlayotgan o‘qituvchilarni DYHXX xodimlari «qo‘riqlab» turishardi.
Shuncha gapdan keyin, mana, bugun ham Kattaqo‘rg‘onga borar ekanman, yo‘lning ikki cheti muallimlar bilan to‘la! To‘xtab, Pastdarg‘om tumanining 103-maktabi o‘qituvchilari bilan gaplashdim. Hammasi «o‘qitib» qo‘yilibdi:
— Bizni birov majbur qilgani yo‘q, o‘zimiz ko‘cha tozalashga chiqdik, — dedi bir muallima.
Hokimlar, XTB mudirlari hech narsadan qo‘rqmas ekan-da deb Kattaqo‘rg‘on tuman XTBga bordim. Mudir Alisher Jumanazarov bugun ishga kelmabdi. Tobi yo‘q emish. Ikkita telefoniga ham bir necha bor qo‘ng‘iroq qildim, ko‘tarmadi.
— Ovora bo‘lmang, mudirimiz hozir hech kimning qo‘ng‘irog‘iga javob bermayapti, — dedi XTBning bir xodimi. — U kishiga ham qiyin. Qon bosimlari ko‘tarilib ketgan.
Ana bo‘lmasa! Men prokuror yo qozi emasman, jurnalistman. Qolaversa, u ham buyruqni bajargan.
Albatta, mudir o‘z qo‘l ostidagi xodimlarini himoya qila olmagani uchun tegishli joyda javob beradi, hech bo‘lmaganda qiyomat kuni Diana uning yoqasidan olganida javob berishi aniq. Ammo hozircha tobi qochgani rostga o‘xshaydi.
XTB mudirining OAVga aytgan oxirgi so‘zi mana bu bo‘lib turibdi:
— Hech kim majburan ko‘cha tozalashga olib chiqilmagan!
Bu «Ularni o‘zim chiqarganman» deganimi, «Direktorlar olib chiqqan» deganimi yoki «O‘qituvchilarning o‘zlari otilib chiqishdi» deganimi, bunisini bilmadim.
XTB mudirining tobi qochganida maktab direktori kim bo‘libdi? Ancha kuttirib bo‘lsa-da, maktabga kelgan direktor opa Nargiza Boltayeva ham qon bosimi ko‘tarilib ketganini, hozirgina «kapelnitsa» olib kelayotganini aytdi.
— Men o‘zi Toshkentda, davolanishda edim, fojiani eshitishim bilan yetib keldim, — dedi direktor. – O‘rinbosarim XTBga yig‘ilishga borgan va topshiriq bo‘yicha o‘qituvchilarni ko‘cha tozalashga olib chiqqan. Qolganini rahbarlarimizdan so‘rab olaverasiz. Diana nomiga ishlaydigan o‘qituvchim emas edi. U o‘z ishini, o‘quvchilarini qattiq sevadigan o‘qituvchim edi. Unga juda achinayapman, kuyayapman...
Nega ko‘zlaring ma’yus, bolajon?
Diananing uyiga bordim. Ota-onasi farzand dog‘ida ado bo‘libdi.
— Qizim nega buncha shoshganini endi anglagandek bo‘layapman, — deydi otasi Aleksandr Marsovich Yenekeyev. — Ishonasizmi, u besh yoshida maktabga borgandi. Maktabni a’lo baholar bilan tugatdi. Bolalarni yaxshi ko‘rganidan o‘qituvchi bo‘laman dedi. Kattaqo‘rg‘on pedogogika kollejiga o‘qishga kirdi. Uni ham a’lo baholar bilan tugatdi. Uyda ruscha tarbiya olgani bilan maktabda ham, kollejda ham o‘zbekcha o‘qidi, o‘zbekchani juda yaxshi bilardi. Maktabdoshi Yegorni yaxshi ko‘rdi, to‘yi ham barvaqt bo‘ldi. 23 ga kirgan ko‘p tengdoshlari hali turmushga chiqmadi, u esa farzandli bo‘lishga ham ulgurdi. Maktabda olti yil ishlabdi. Endi bilsam, ko‘proq ish qilishga ulgurib qolish uchun shoshgan ekan-da...
— Men hech kimga hech narsa da’vo qilmayman, — deydi Oksana Anatolevna Yenekeyeva. — Hamkasblari ko‘ngildan chiqarib bergan pullarni oldim, ammo XTBdan yordam deb olib kelgan uch million so‘mni olmadim. Yagona qizimni hech qanaqa millionlar qaytarib bermaydi endi. Kuyovim o‘g‘limdek bo‘lib qolgan. Otasi Turkmanistondan uni go‘dakligida olib kelgan edi. Oldin otasi, keyin onasi o‘lib, kuyovim dunyoda hech kimsiz qolgan edi. Qizim bilan bir-birini qattiq sevishar edi. Shuning uchun o‘zimiz ham rozi bo‘lib, ularni nikohlab qo‘ygandik. Mana, g‘irt yetim o‘sgan, xotinidan boshqa qarindoshi bo‘lmagan kuyovim yana yolg‘iz qolib, yetimlikni o‘g‘li, mening nevaram ham meros qilib oldi. Prezidentimizga rahmat, kuyovimga vaqtincha yashash ruxsati bergan edi. Umid qilamanki, kuyovimga O‘zbekiston fuqaroligini ham beradi. Nevaramga ham g‘amxo‘rlik qiladi. Men bunga ishonaman.
— Mening Dianadan boshqa hech kimim yo‘q edi, biz ikkimiz bir butun odam edik, — deydi Diananing eri Yegor. — Endi yarmim yo‘qdek, bir qo‘lli, bir oyoqli odamga o‘xshayman.
Qaynonasi uning ikki kun ichida rostan ham ozib ketganini, ikki kundirki, og‘ziga ushoq solmayotganini aytdi.
Oilada motamsaro onaga ko‘makchi bo‘lib yurgan qiz e’tiborimni tortdi. Durdona Hikmatzoda Diananing dugonasi ekan. Fojiani eshitib, shifoxonaga kelgan ko‘yi Diananing onasidan ajralmay, unga dalda bo‘lib yuribdi ekan.
— Eng yaqin dugonalar edik, birga tikuvchilikni o‘rganishga qatnar edik, bir daqiqa ham ajralmasdik, — deydi Durdona. — Fojiadan sal oldinroq qo‘ng‘iroq qilgan edi. «Trassadamiz, bu yer shamol, shovqin, ishimizni tugatsak, senga qo‘ng‘iroq qilaman, ustozimiz Oksana opanikiga birga boramiz», — degan edi. Yarim soat o‘tmasdan bu mash’um xabarni eshitdim. Hech kimdan yordamini ayamaydigan, hammaga mehribon qiz edi...
Diananing o‘g‘ilchasini ham ko‘rdim. Bolani erkalatdim, ammo kuldira olmadim.
— Biz go‘dakning oldida hali biron marta onasiga nima bo‘lganini gapirganimiz yo‘q, — deydi Diananing xolasi Ira. – Ammo oldin nuqul kuladigan sho‘x Danila endi faqat onasini so‘rab, yig‘laydi. Uning ko‘zlari ma’yus bo‘lib qoldi. Eng ajablanarlisi, onasining suratiga qarab, nuqul «Mama, «KamAZ» deydi...
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga
Hurmatli Shavkat Miromonovich! Sizdagi g‘ayrat-shijoat tahsinga loyiq. Shu elni, shu yurtni deb, tinim bilmasdan viloyatlarga chiqayapsiz, qo‘shni davlatlarga borib, bir nimalar undirib kelayapsiz, hammasini olqishlaymiz. Ammo iltimos, qaysi viloyatga borishingizni oldindan aytmang! Viloyatga borishingiz sho‘rlik o‘qituvchilarga zo‘r kelayapti! Ular 10-15 kun oldin boshlab, to kelib-ketguningizcha darslarini tashlab, siz o‘tadigan ko‘chalarni supurib, yuvib, oqlab chiqishayapti.
Bilaman, siz ko‘zbo‘yamachilik qilishlarini istamaysiz. Sizga yolg‘on yaltiratilgan, siz o‘tadigan kunigina yuvib qo‘yiladigan ko‘chalar ham kerak emas.
Bilaman, sizga siz o‘tib ketguncha ishlab turadigan soxta issiqxonalar ham, katta yo‘llar chetida tashkil etilayotgan, sog‘lom odamning aqli qabul qilmaydigan tok ishkomlari ham kerak emas.
Bilaman, sizga siz kelib ketgan kunlari ko‘karib turadigan daraxtlar ham, shu kunlari ochilib turadigan gullar ham kerak emas.
Bilaman, sizga dala chetidagi ko‘rganni hayratga soladigan, u yerga borishga haqiqiy dehqon hayiqadigan, ko‘zni qamashtiradigan darajadagi orasta, yumshoq kreslolar qo‘yib qo‘yilgan shohona dala shiyponlari ham kerak emas.
Siz baribir ichkarida ahvol qandayligini ham yaxshi bilasiz.
Kattaqo‘rg‘onga kelganingizda sizga juda ko‘p yaltiraydigan ko‘chalarni, yaltiraydigan uylarni, yaltiraydigan maktablarni, yaltiraydigan ...odamlarni ko‘rsatishadi. Mayli, ularni ko‘ring. Ammo Kattaqo‘rg‘ondagi 42-maktab ro‘parasidagi yaltiramaydigan bir ko‘rimsiz uyga kirib, sizga qattiq ishonadigan, yolg‘iz qizlarini yuk mashinasi bosib o‘ldirgan ota-onani ham ko‘rishni, ularning ko‘nglini so‘rab qo‘yishni unutmang!
Siz kelasiz deya jonidan kechgan bir o‘qituvchining ko‘zlari ma’yus o‘g‘ilchasini qo‘lingizga oling va erkalab qo‘ying!
«Boshqa bolalarning ko‘zlari senikiday ma’yus bo‘lmasin, boshqa o‘qituvchilarning go‘daklari senday yetim bo‘lmasin!», — deng.
O‘qituvchilar majburan turli ishlarga jalb etilishini tan olmaydigan deputatlar o‘qituvchini himoya qiladigan qonun chiqarmaydi baribir. Siz farmon chiqaring, iltimos!
Kattaqo‘rg‘onga kelganingizda e’lon qiling shu farmonni!
«O‘qituvchilar o‘qituvchiligini qilsin, boshqa ish qilmasin!», — deng.
«Shifokorlar shifokorligini qilsin, boshqa ish qilmasin!», — deng.
«O‘qituvchi va shifokorni boshqa ishga jalb qilgan odamni o‘zim jazolayman!», — deng.
Siz buni qila olasiz!
Men bunga ishonaman!
Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz» saytining maxsus muxbiri
Kattaqo‘rg‘on, Samarqand
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter