Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq ta’limi: boshqaruv, «Zamonaviy maktab» davlat dasturi, bolalarni qabul qilishning yangi tartibi va boshqa o‘zgarishlar

Xalq ta’limi: boshqaruv, «Zamonaviy maktab» davlat dasturi, bolalarni qabul qilishning yangi tartibi va boshqa o‘zgarishlar

Foto: «Xabar.uz»

Prezidentning 5.09.2018 yildagi «Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilingan.


Davlat organlarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi

Xalq ta’limi sohasidagi davlat organlarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi:

Xalq ta’limi vazirligi

Xalq ta’limi vaziri:

– umumiy o‘rta ta’limni moliyalashtirish uchun Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘larni hisobga olgan holda umumiy o‘rta ta’lim davlat ta’lim standartlari va maktabdan tashqari ta’limga qo‘yiladigan davlat talablarini tasdiqlaydi;

– mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishmasdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi rahbarlari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari, shuningdek, Vazirlikka idoraviy mansub boshqa tashkilotlar va muassasalar boshliqlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;

– muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan maktablar negizida tarmoqli maktablarni tashkil etish, ushbu tarmoqqa yuklamasi past koeffitsiyentli maktablarni kiritish haqida qaror qabul qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xalq ta’limi muassasalarini qo‘llab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish masalasida har tomonlama ko‘maklashish, xususan:

– tegishli hududda umumta’lim muassasalariga yordam ko‘rsatishni tashkil etish va muvofiqlashtirish, shu jumladan, o‘qituvchilar va ushbu soha xodimlarining maqomini yaxshilashga va oshirishga yordam berish;

– xalq ta’limi muassasalariga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini belgilangan tartibda eshitish;

– nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga berish uchun bo‘sh yer uchastkalari (har bir hududda yiliga 50 lotdan kam bo‘lmagan) ro‘yxatini tasdiqlash va ulardan doimiy foydalanish huquqini «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida realizatsiya qilish;

– xalq ta’limi muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yo‘llar va boshqalar) zarur holatda saqlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish;

– xalq ta’limi muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta’minlash;

– tumanlar (shaharlar) kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda xalq ta’limi muassasalarini o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish;

– umumta’lim muassasalarining xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, videokuzatuv kameralari, yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlarini, kirish yo‘llarida qoidabuzarliklarni qayd etuvchi qurilmalarni o‘rnatish chora-tadbirlarini ko‘rish;

– xalq ta’limi muassasalari hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta’minlash;

– umumta’lim muassasalarini rivojlantirish uchun investitsiyalar va homiylik yordamini jalb etishga ko‘maklashish;

–xalq ta’limi muassasalaridagi mavjud muammolarni tez va samarali hal qilish bo‘yicha boshqa choralar ko‘rilishini tashkil etish uchun shaxsan javob beradi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

2019-yil 1-yanvardan tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida muntazam ravishda umumta’lim muassasalari faoliyati samaradorligi bo‘yicha reyting (bundan keyin – reyting) tuzadi.

Reyting yakunlari OAVda va Davlat inspeksiyasining veb-saytida keyingi o‘quv yili boshlanishidan kechiktirmay joylashtiriladi.

O‘quvchilarning bilim darajasini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlar va tadqiqotlarda (PISA, TIMSS, PIRLS va boshqalar) umumta’lim muassasalari o‘quvchilarining ishtirokini tashkil etadi.


«Zamonaviy maktab» davlat dasturi ishlab chiqilmoqda

Joriy yil oxirigacha «Zamonaviy maktab» davlat dasturi ishlab chiqiladi. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • ekologik jihatdan toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar asosida zamonaviy maktablar qurish;
  • maktablarni, shu jumladan, o‘quv sinflari ichini yangi qulay mebellar, zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari, darsliklar va o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikasi, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash.

Maktab direktorlarini kuzatuv kengashlari saylaydi

2018-yil 1-oktyabrdan boshlab umumta’lim muassasalarining vasiylik kengashlari tugatiladi. Ularning o‘rniga yuridik shaxs maqomisiz umumta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tashkil etiladi. Kuzatuv kengashlari tarkibiga muassasa faoliyatiga jiddiy hissa qo‘shishga qodir eng faol ota-onalar, bitiruvchilar, homiylar va boshqa shaxslar kiritiladi.    

Quyidagilar umumta’lim muassasasi kuzatuv kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • Vazirlik tomonidan tavsiya etilgan nomzodlardan umumta’lim muassasasi rahbarini saylash, shuningdek, belgilangan tartibda uni egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida takliflar kiritish;
  • umumta’lim muassasasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
  • umumta’lim muassasasi rahbarining muassasa faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy-xo‘jalik holati, daromadlar va xarajatlar, budjet, budjetdan tashqari, homiylik va boshqa mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida hisobotlarini vaqti-vaqti bilan tinglash;
  • umumta’lim muassasasi rahbarining taqdimnomasi bo‘yicha yillik moliyaviy rejalarni, ko‘rsatilayotgan pullik xizmatlar narxining miqdorlarini va muassasa mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqi miqdorini, shu jumladan, auksiondagi boshlang‘ich narxni ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
  • o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar ustidan tizimli ravishda monitoring o‘rnatish;
  • o‘quvchilar va ular ota-onalarining murojaatlarini ko‘rib chiqish, umumta’lim muassasasining pedagog va rahbar xodimlari faoliyati to‘g‘risida ijtimoiy so‘rovlarni o‘tkazish;
  • ta’lim muassasasining faoliyatini tashkil etishga taalluqli boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etish.

Tekshirishlar soni maktabning reytingda egallab turgan o‘rniga bog‘liq bo‘ladi 

Yaqin orada umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirishga vakolatli organlarning qat’iy ro‘yxatini, tekshiruv tayinlash va o‘tkazish mezonlari hamda huquqiy asoslarini nazarda tutgan holda tekshirishning yangi tartibi belgilanadi. Bunda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirish davriyligi umumta’lim muassasasining reytingda egallab turgan o‘rniga bog‘liq bo‘ladi.

Bosh prokuraturaga umumta’lim muassasalari faoliyatini noqonuniy tekshirishga yo‘l qo‘ymaslik ustidan nazoratni kuchaytirish vazifasi topshirildi. Aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq qat’iy javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Nazorat qiluvchi organlar mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish davomida aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik ishlarida har tomonlama ko‘maklashadi.

Maktablarga kuchli mutaxassislar jalb etiladi

2019-yil 1-yanvardan boshlab umumta’lim muassasalari xodimlari bo‘lgan pensionerlarga, ularning ushbu muassasalardagi faoliyati asosiy ish joyi hisoblangan taqdirda, pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadi.

Maktab direktorlariga xalq ta’limi muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi daromadlarining jami summasidan 10%ini o‘z moddiy rag‘batlantirishi uchun yo‘naltirish huquqi taqdim qilindi. Ilgari ushbu jamg‘arma mablag‘laridan faqat moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun foydalanilar edi.

Prezidentning 14.08.2018 yildagi PQ–3907-son qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari ikki marta indeksatsiyalanadi. Xuddi shu hujjat bilan pedagog kadrlar va ularning oila a’zolarini moddiy jihatdan rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga doir boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, umumta’lim muassasalarining pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi qayta ko‘rib chiqiladi. Tegishli fanni o‘qitish bo‘yicha bilim va ko‘nikma darajasi ular malakasini aniqlashning asosiy mezoni sifatida belgilanadi. Bunda pedagogik mahorat va bilim darajasini doimiy oshirib borishga ko‘maklashuvchi ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, xalq ta’limi tizimi xodimlarining bilim darajasiga oid malaka toifalari va talablarini takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar kiritiladi.

Umumta’lim muassasalarining rahbar va pedagogik xodimlari malakasini oshirish tartibi va tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda o‘quv rejalari va dasturlarini optimallashtirish, innovatsion, shu jumladan, masofaviy pedagogik usullardan keng foydalanish, ushbu jarayonning samaradorligini butunlay oshirish nazarda tutiladi.

Bolalarni maktabga qabul qilishning yangi tartibi

2019-yil 1-martdan boshlab davlat umumta’lim muassasalariga bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunday tartib XTV va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan ro‘yxati tasdiqlanadigan ayrim maktablardagina belgilanadi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring