Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro maqom festivaliga o‘n beshga yaqin xorijiy davlatdan ariza kelib tushdi

Xalqaro maqom festivaliga o‘n beshga yaqin xorijiy davlatdan ariza kelib tushdi

2018-yilning 6-10-sentyabr kunlari Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida ilk marotaba o‘tkaziladigan Xalqaro maqom san’ati anjumanida ishtirok etish uchun dunyonnig 15ga yaqin davlatlari ijodiy jamoalari va yakkaxon xonandalaridan arizalar kelib tushdi. Bu haqda maqomforum.uz saytida xabar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorining qabul qilinishi hamda bundan buyon har ikki yilda bir marotaba mamlakatimizda Xalqaro maqom san’ati anjumanining o‘tkazilishi bu san’atning dunyoviy ahamiyatini belgilab beradi.

Ayni kunlarda ushbu xalqaro anjumanga tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda. 2018-yil 2, 6, 13-iyul kunlari «O‘zbek milliy maqom san’ati markazi» binosida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tuzilgan saralash komissiyasi Shahrisabz shahrida o‘tkazilayotgan «Xalqaro maqom san’ati anjumani»da ishtirok etish istagini bildirgan xorijiy davlat maqom ansambllari va yakkaxon xonandalarining ijod namunalarini ko‘rib chiqdi.

Yig‘ilishda Hindiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy, AQSh, Tojikiston, Turkiya, Belgiya, Jazoir, Bangladesh, Suriya va Eron kabi xorijiy davlat maqom ansambllari va yakkaxon xonandalarining ijod namunalari anjuman nizom talablari doirasida o‘rnatilgan tartibda o‘rganildi.

Saralash bosqichi davomida komissiya a’zolari tomonidan Afg‘onistonning «Safar» guruhi, AQShning «Shashmaqom akademiyasi» bolalar musiqiy jamoasi, Hindistonning Ustad Iqbal jamoasi, Ozarbayjonning Sahib Pashshazade rahbarligidagi «Mugham» ansambli jamoasi, Xitoy Xalq Respub­likasidan Gulzira Ablat yakkaxon ijrochi, Jazoirning Djazira musiqiy jamoasi, Tojikistondan yakkaxon ijrochi Sirojiddin Jo‘rayev, Hindistonning Dvali musiqiy jamoalarining ijod namunalari ma’qul deb topildi.

Endi ayrim ishtirokchilar haqida.
Sirojiddin Jo‘rayev – 1975-yil 27-dekabr kuni Tojikiston Respublikasida tug‘ilgan. Tojikiston Respublikasi fuqarosi. 2005-yilda Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlagan. F.Shaxobov nomidagi Tojikiston davlat Shoshmaqom ansamblida musiqa dutorchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. U xalqaro maqom san’ati anjumanida «Mushkuloti Navo» (silsila – Tasnif, Tarje, Gardun), «Talqini Bayot» (Navo maqomidan), «Ne ajab» va «Ochilsin» (xalq kuylari), «Zulf» (M.Mo‘minov kuyi) kuylarini ijro etishi ko‘zda tutilmoqda.

Hindistonning Dvali musiqiy jamoasi Yangi Dehlida o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda. Mazkur jamoa ko‘plab fes­tivallarda ishtirok etib keladi. Jumladan, O‘zbekistonning Xiva shahrida o‘tkazilgan «Raqs sehri» festivalida ham qatnashgan. Joriy yil 6-10-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan «Xalqaro maqom san’ati anjumani»da hind klassik musiqasini ijro etishi ko‘zda tutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring