Xayriddin Sultonovga «O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi» faxriy unvoni berildi
Prezident maslahatchisi – Spichrayteri Xayriddin Sultonovga «O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi» faxriy unvoni berildi.
Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni qabul qilindi.
Hujjatda yozuvchi va davlat arbobining ko‘p yillik samarali mehnati, milliy adabiyot va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi e’tirof etiladi.
«O‘zbek adabiyoti xazinasini tarixiy va zamonaviy mavzudagi yorqin asarlar bilan boyitish, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini aholi o‘rtasida targ‘ib etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi katta xizmatlari, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi – Spichrayteri Sultonov Xayriddin Madriddinovichga «O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi» faxriy unvoni berilsin», – deyiladi davlat rahbarining farmonida.
Eslatib o‘tamiz, Xayriddin Sultonov «Bir oqshom ertagi», «Onamning yurti», «Boburiynoma», «Ishonch telefoni», «Navoiy 30», «Odamlardan tinglab hikoya» va «Yaldo kechasi» singari kitoblar, kinossenariylar, pesalar, jahon adabiyoti namunalaridan qilgan tarjimalar muallifi hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter