Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Xorazm ishi»: ekspert himoyasiz qizlarni «bolaxo‘r va baloxo‘r»lar qo‘liga tushishiga olib kelgan xatolarni sanadi

«Xorazm ishi»: ekspert himoyasiz qizlarni «bolaxo‘r va baloxo‘r»lar qo‘liga tushishiga olib kelgan xatolarni sanadi

Xorazm viloyatidagi davlat mansabdorlari mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini qariyb bir yil davomida jinsiy aloqa qilishga majburlagani jamoatchilikda keskin e’tiroz uyg‘otdi. Ta’lim bo‘yicha ekspert, o‘z davrida «Kamolot» yoshlar harakatiga rahbarlik qilgan Bahodir G‘aniyev himoyasiz qizaloqlarni «bolaxo‘r va baloxo‘r»lar qo‘liga tushishiga olib kelgan xatolarga e’tibor qaratdi.

Unga ko‘ra, qizlarni jirkanch ayol qo‘liga berib qo‘yilishi oilaviy mehribonlik uylari xodimlarini tanlash va ularga bolalarni berishda nomzodlarni tekshirish tizimi ishlamasligini ko‘rsatadi.

«Bu ayolga bolalarni o‘sha adliyadagi bolaxo‘r kabi bitta rahbarcha tanish-bilishchilik orqali bergan bo‘lishi ham mumkin», – deydi u.

Ayni choqda u, mahalla tizimining harakatsizligiga e’tibor qaratgan.

«Oilaviy mehribonlik uylari mahallalarda joylashgan. Mahalla degan «mukammal va noyob» tizimda mahalla raisi bor, profilaktika inspektori bor, yoshlar yetakchisi bor. Ularning eng muhim vazifalaridan biri – mahalladagi notinch oilalardagi bolalar va alohida toifadagi yoshlar holidan xabardor bo‘lishdir. Ular qayerda edi?» – deya savol qo‘yadi B.G‘aniyev.

Ekspert mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining Milliy gvardiyaga topshirilganini ham xato deb atagan.

«Murakkab masala soha egasi bo‘lmagan tashkilotga berilgan. Harbiy bilimga ega odamlar ijtimoiy ish va bola huquqlariga oid masalalarni qayerdan ham bilsin, aqli yetganicha nimalarnidir qilgan. Ayb ularda emas, masalani ularga topshirganlardadir. Ijtimoiy himoyaga oid maxsus organ bo‘lganida, bolalar holidan malakali mutaxassis doimiy ravishda xabar olgan bo‘lardi», – deya mulohazalarini davom ettiradi mutaxassis.

Qolaversa, haftasiga 6 kun maktabga qatnagan qizlarning zo‘ravonlik qurboni bo‘lganidan maktab ma’muriyati, o‘qituvchilar, psixolog, ta’lim muassasasiga biriktirilgan militsiya inspektori, yoshlar yetakchisining xabarsiz qolishi savol ostiga olingan.

Ekspert ta’kidicha, voyaga yetmaganlarga oid jinoyatlar Bolalar ombudsmanining qat’iy nazoratida bo‘lishi kerak. Davlat organi rahbar xodimining jirkanch xatti-harakatida ayblanishini esa huquq idoralari nazorat qilishi lozim.

«Ammo ular nimagadir kar va ko‘rni yoqib olgan va adolatsizlikka yo‘l qo‘ygan, balki ayrim mas’ullari ko‘maklashgandir ham. Yuqoridagilardan birontasiga bir yil yoki undan ham ko‘p vaqt davomida ham hech qanday signal bormaganiga ishonmayman. Ammo jim o‘tirganlar. Sabab? Kamida mas’uliyatsizlik va malakasizlik. Ayrimlari manfaatdor bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin», – deydi B.G‘aniyev.

Ayni paytda jamoatchilikni Xorazmdagi hodisa takrorlanmasligi uchun nima qilish kerak degan savol qiynamoqda.

«140 ga yaqin oilaviy mehribonlik uylarini o‘rganib chiqish kerak, bu yagona holat bo‘lmasligi mumkin. Boylarning bolalariga milliardlarni sarflab Prezident maktablari tarmog‘ini yaratdik, shu bolalar uchun ham xuddi shunday sharoitdek bir nechta maktablarni tashkil qilsa bo‘lmaydimi?» – deb savol qo‘yadi ekspert.

Bundan tashqari, u yetimlar, nogironlar, ayrim kasalliklarga chalinganlar bilan ishlash uchun ijtimoiy himoyaga qaratilgan maxsus organ yaratish, qonunchilikdagi «teshik»larni yopish, maktab psixologlarining ishini kuchaytirishni taklif etgan. 

Qizlar bilan bo‘lgan zo‘ravonlikni berkitgan va oldini olishga mas’ul bo‘lganlar jazolanishi shartligini ta’kidlagan ekspert mudhish jinoyatga qo‘r urgan boshqa ehtimoliy aybdorlarni ham topish lozimligini uqtirgan.

Kecha, 1-aprel kuni Xorazm viloyati adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazov 10 oy davomida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgani haqida xabar bergan edik.

Bloger Nikita Makarenko ikki sudlangan «pedofil» faqat piramidaning tepasidagi piyodalar ekani haqidagi taxminni ilgari surgan.

Bosh prokuratura O.Masharipov va A.Kuryazovlarga yengil jazo tayinlangani va boshqa holatlar yuzasidan Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirgan.

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring