Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Husniddin Olimovga fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasi berildi

Husniddin Olimovga fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasi berildi

Foto:«Inha.uz»

Toshkent shahridagi Inha universitetining fizika fani bo‘yicha professori Husniddin Olimov O‘zbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashning yig‘ilishida o‘zining fizika-matematika fanlari doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va fizika-matematika fanlari doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini qo‘lga kiritdi.

Ilmiy kengashning qatnashgan barcha 17 a’zolari, shu jumladan uchta O‘zbekiston fanlar akademiyasi akademigi, yashirin ovoz berish orqali bir ovozdan Husniddin Olimovga fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasi (Doctor of Science)ni taqdim etishdi.

O‘zbekiston fanlar akademiyasi akademiklari va professorlar Mirzayusuf Musaxanov, Shuhrat Egamberdiyev, Tolib Mo‘minovlar Olimovning doktorlik dissertatsiyasini yuqori ilmiy saviyasini hamda olingan ilmiy natijalarni yuqori energiyali fundamental yadro fizikasi sohasini jahondagi rivojlanishiga katta hissa qo‘shganini hamda sohaning yetakchi halqaro olimlar tomonidan e’tirof etilganini alohida ta’kidlab o‘tishdi.

Shuni ta’kidlash joizki, roppa-rosa 16 yil avval 2002-yil 28-iyun kuni xuddi shu O‘zbekistonning eng yirik ilmiy dargohida Husniddin Olimov fizika-matematika sohasida o‘zining nomzodlik (Falsafa doktori - PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan edi. Husniddin Olimovga taqdim etilgan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi eng yuqori va nufuzli ilmiy daraja hisoblanib, ko‘pgina Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida, sharqiy Yevropa va ayrim g‘arbiy Yevropa davlatlarida, jumladan Buyuk Britaniyada, mavjud. Shu tariqa, Husniddin Olimov nufuzli fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini qo‘lga kiritgan Toshkent shahridagi Inha universitetining birinchi va yagona fan doktori bo‘ldi.

Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini qo‘lga kiritgandan so‘ng, fan doktori (Doctor of Science) dissertatsiyasini tayyorlash va yakunlash uchun ko‘p yillik samarali ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va olingan natijalarni sohadagi nufuzli halqaro ilmiy jurnallarda chop ettirish talab etiladi. O‘zining fan doktori (Doctor of Science) dissertatsiyasi mavzusi bo‘yicha Husniddin Olimov 33 ta ilmiy ish chop etdi, shu jumladan 20 ta ilmiy maqola yadro fizikasi sohasidagi nufuzli halqaro ilmiy jurnallarda chop etildi: 5 ta maqola amerika fizika jamiyatining «Physical Review C» jurnalida, 2 ta maqola Yevropa fizika jamiyatining «The European Physical Journal A» jurnalida, 6 ta maqola nufuzli World Scientific bosma korporatsiyasining «International Journal of Modern Physics E» jurnalida, 6 ta maqola Rossiya fanlar akademiyasining «Physics of Atomic Nuclei – Yadernaya fizika» jurnalida va 1 ta maqola Polsha fizika jamiyatining «Central European Journal of Physics» jurnalida chop etilgan.

Fizika-matematika fanlari doktori Xusniddin Olimov 20 yillik muvaffaqiyatli ilmiy-pedagogik stajga ega. U 100 dan ortiq ilmiy ish chop ettirgan, shu jumladan nufuzli Web of Science ro‘yxatiga kiruvchi yadro fizikasi sohasidagi halqaro ilmiy jurnallarda (Physical Review C, The European Physical Journal A, Journal of Physics, International Journal of Modern Physics E, Physics of Atomic Nuclei) 50 ta ilmiy maqola chop etilgan. X.K. Olimovni ilmiy rahbarligida 2 ta PhD (Falsafa doktori) va 2 ta magistr dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan.

2017-yili Husniddin Olimov nufuzli Web of Science ga kiruvchi halqaro ilmiy jurnallarda 41 ta ilmiy maqola chop etgani uchun fizika-texnika sohasida nufuzli halqaro «Science Leader» mukofotini qo‘lga kiritdi va turli fan sohalarida shu mukofotga ega bo‘lgan oltita ilg‘or o‘zbekistonlik olimlar qatoridan joy oldi. 2016-yilda Olimov o‘zining halqaro ilmiy maqolalari uchun Xalqaro fanlar akademiyasining (TWAS, Italiya) nufuzli mukofotini O‘zbekistondan qo‘lga kiritgan yagona olim bo‘ldi.

Toshkent shahridagi Inxa universiteti rahbariyati fizika professori Husniddin Olimovni fizika-matematika fanlari doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini qo‘lga kiritgani bilan tabriklaydi va kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring