Xususiy klinikalarga a’zo ko‘chirishga ruxsat beriladi
Tibbiyot sohasida xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi prezident farmoni qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga 2027-yil 1-maydan inson a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish amaliyoti bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.
Farmonda qayd etilishicha, xususiy tibbiyot muassasalari transplantatsiya faoliyatini amalga oshirishda qonunchilikda belgilangan tartiblarga qat’iy rioya qilishi shart.
Shuningdek, nodavlat tibbiyot tashkilotlarining transplantatsiya bilan bog‘liq faoliyati «xavfni tahlil qilish» tizimi orqali xavfi yuqori yo‘nalish sifatida baholanadi.
Yangi tartibga muvofiq, transplantatsiya amaliyoti o‘tkazilgan bemorlar va donorlar haqidagi ma’lumotlar Sog‘liqni saqlash vazirligiga muntazam taqdim etib boriladi.
Farmonda tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha mexanizmlar ham belgilangan. Xususan, 2027-yil 1-yanvardan Samarqand viloyatida tajriba-sinov tariqasida birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilishning yangi modeli joriy etiladi.
Unga ko‘ra, tadbirkorlar obyektlarda qurilish-montaj ishlarini o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi. Ishlar yakunlangach, belgilangan tartibda qabul qilingan obyektlar uchun mablag‘lar tadbirkorlarga qaytarib beriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter