Yakkabog‘da do‘koni buzilishga tushgan shaxs hokim o‘rinbosariga benzin sepib, yoqib yubordi (video)
2019-yil 20-iyul kuni soat 17:30 larda 1976-yilda tug‘ilgan Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev «Hisor Sarlochin» MChJga tegishli savdo do‘konlarini buzish ishlarini tashkillashtirayotgan vaqtda mazkur jamiyatda ishlovchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro B.I. o‘ziga tegishli savdo do‘konini buzilishiga faol qarshilik ko‘rsatib, M.T.ning yuz qismiga yelim idishda bo‘lgan benzin yoqilg‘isini sepib, uni yoqib yuborgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Oqibatda, hokim o‘rinbosari tanasining 35−40 foizi kuyib, shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan shu kuni tuman prokuraturasi tomonidan B.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda tegishli protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Xorijiy va mahalliy OAVlarda ma’lum qilinishicha, tadbirkor kreditga qurilgan ikki qavatli do‘konini tovon puli bermasdan turib buzmasliklarini so‘ragan, ammo uning talabi inobatga olinmagan. Yakkabog‘ hokimi o‘rinbosari o‘zi buldozerga chiqib, do‘kon ustiga haydayotgan vaqtda tadbirkor Tuymayevga benzin sepib, ëqib yuborgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter