Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yana imlo xususida: diagrafmi yoki diakritik belgi?

Yana imlo xususida: diagrafmi yoki diakritik belgi?

Foto: «caravan.kz»

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish va isloh qilish borasida ijtimoiy tarmoqlarda bugun qizg‘in bahs-u munozaralar davom etayapti. Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bu borada ishchi guruhi shakllantirilgan. «Facebook» tarmog‘idagi «Oʻzbek tili jonkuyarlari» guruhida esa omma fikri keng muhokama bo‘layapti. Oxiri yo‘q bahs-u munozaralar davom etayapti. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish haqida gap ketganda, avvalo guruh a’zolari va ilmiy kengash a’zolari o‘zlariga aniq maqsad qo‘ygan holda islohot rejasi tuzilishi kerak. O‘ylaymizki, ilmiy kengash guruh a’zolari fikrini jiddiy qabul qiladi.

Guruh a’zolari tomonidan eng ko‘p muhokama bo‘layotgani narsa bu, isloh qilinadigan alifboni to‘liq qo‘sh harfli qilish yo undan voz kechish bo‘yicha bo‘lyapti. Guruh fikri ikkiga bo‘lingan. Hozir kim haq-u, kim nohaqligini emas, balki ikki tomonning takliflarini tahlil qilishni lozim topdim.

Demak, «alifbo va imloni takomillashtirish bizga nega kerak?» degan savolni o‘zimizga beraylik...

Joriy yilning 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri tomonidan 2021 yilgacha «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi» tasdiqlandi. Ha, bu kim uchundir 2000 yildan beri kutilgan kun bo‘lsa, boshqa «rusiyzabonlar» uchun biroz og‘ir qabul qilinishi mumkin. Lekin, 1995 yilda boshlab qo‘yilgan ishni, oxiriga yetkazish vaqti keldi. Demak, to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tar ekanmiz, Harakatlar rejasining o‘z nomidan kelib chiqqan holda, yozuvimizni yanada takomillashtirishni ham to‘liq oxiriga yetkazishimiz kerak.

Islohotdan keyingi o‘zgarishlar aniq, o‘zbek tilining orfoepik, fonetik va imlo qoidalariga to‘liq mos kelishi va aynan hozirgi zamon jonli tilini, iloji boricha maksimum aks ettirishi lozim. Nega aynan jonli tilni? Chunki, bu ayni vaqtdagi lisoniy savodsizlikni ham bartaraf etadi.

1995-yil 15-mayda qabul qilingan lotin yozuvli o‘zbek alifbosi turli ko‘rinishlarni o‘zida mujassam etgan murakkab ko‘rinish taqdim etildi. Birinchidan shu vaqtga qadar o‘zbek tili uchun yangilik bo‘lgan, g‘arb tillari (asosan ingliz tili) uchun xos bo‘lgan diagraf (ma’lum tovushni ifodalash uchun ikki va undan ortiq belgilar ishlatilishi)lar bo‘lgan sh, ch, ng kiritildi. Ikkinchidan, lotin alifbosida ko‘rinishda bo‘lgan O‘ va G‘ harflari uchun diakratik belgili ko‘rinish tanlandi (Oʿ, Gʿ). Uchinchisi esa ikkinchisiga bog‘liq bo‘lgan muammoli, dunyodagi lotin yozuvli tillardagi «noyob hodisa» harfning farqlash belgisi ʿ — «okinta» bilan ajratish imloni g‘alati ko‘rinishga olib keldi. Nihoyat to‘rtinchisi esa alifboda qattiq Xxni ifodalashda, ya’ni tovushga harf biriktirishda aynanlikdan voz kechildi. O‘zbek lotin yozuvida ham Xx ko‘rinishi tanlandi. Bu harf aslida lotin yozuvida yonma-yon kelgan -ks tovushlari uchun yoziladi.

Ko‘rinib turibdiki, hammasi aralash-quralash, chala-chulpa ko‘rinish kasb etgan. Osonroq tilda tushintirganda na u yoqlik, na bu yoqlik! Na, rivojlangan davlatlarga havas qilib «g‘arb standartlari», na soddaroq bo‘lsin, deb harflarni belgi bilan farqlash va na har bir harfni o‘rniga qo‘yishni qoyillatdik!

Hatto, Sobiq ittifoq davridayoq tilshunoslar tomonidan kirill alifbosida J va O o‘zbek tilida ikkita alohida tovushlarni ifodalashi ta’kidlansa-da, negadir 1995 yili yana o‘sha eski xato takrorlandi. Alifbomizni hozirgi ko‘rinishi savod chiqargan va chiqaruvchilarga bilinmasa-da, tovush (fonema) bilan harfni, diakratik belgi bilan diagrafni farqiga bormaydigan holatda o‘qitmoqda. Buni tan olish kerak! Tovush bilan harf, diagraf bilan diakratik belgi farqini esa ingliz va boshqa yevropa tillarini o‘rganish jarayonida (!) bilib olish mumkin. xolos. Demak, xorijiy tillar darsliklari bizni bu boradagi savodimizni chiqarishi kerak ekan-da? Ana xolos! Yo, o‘zbek tili o‘quvchilari va o‘rganuvchilari, borinki o‘qituvchilari ham bu masalani fahmiga bormasalar ham bo‘laveradimi? Yo filologlarimiz uchun bu ahamiyatga ega emasmi? Nega bu masalada darsliklarimiz oqsoq? Bu bitta misol xolos. Xorijiy tillarni o‘rganuvchilar uchun yaratilgan darsliklarga e’tibor bersak, (sifatli qog‘ozda, rasm va illyustratsiyalar orqali misollar keltirilishi boshqa masala) har bir qoida aniq, oddiy misollar bilan sodda tilda tushuntirib berilishini guvohi bo‘lamiz. Balkim shuning uchundir, yevropa tillari grammatikasi va imlo, talaffuz qoidalari murakkab bo‘lsa-da, hozirgi kungacha ularni o‘rganish muammo emas.

Xullas, «gibrid alifbomiz»ni bir yoqli qilish payti kelgan! Undan avval har qanday alifboni tilga moslash masalasiga to‘xtalsam. Aslida, boshqa til uchun yaratilgan alifboni qabul qilishda asli harflar olinadi va harflarga alifboni qabul qilayotgan tildagi harflar biriktiriladi. Masalan, tilimizdagi mavjud Vv harfi lotinda Vvga, Zz esa Zzga biriktirilgan. Lotin yozuvini ko‘pchilik dunyo tillari qabul qilgan bo‘lsa-da, ammo yozuv ularning barcha tovushlarini aks ettira olmaydi, xuddi o‘zbek tili tovushlari kabi.

Bir narsani esdan chiqarmaylikki, lotin yozuvining o‘zligi bo‘lgan lotin tilida sh-sh (ʃ), ch-ch (ʧ) , g‘-gʻ (ɣ, ʁ), -ng-ng (ŋ), sirg‘aluvchi j-j (ʒ - jurnal) va portlovchi j-j (ʤ - jo‘ja), O‘ - O‘ (ɵ) tovushlari bo‘lmagan.

Buni o‘ziga qabul qilgan xalqlar, yozuvda o‘z tovushlarni aks ettirish uchun o‘sha tovushni lotin yozuvidagi yaqinroq bo‘lgan harfning osti, usti yoki atrofiga turli diakratik belgilar qo‘yib (â, ƶ, ä, ş) yoki turdosh tovushni hosil qilish uchun ikki va undan ortiq harflarni birlashtirib yasash qoidalaridan foydalanishgan. Bunda asosan, ikki harfli - diagraf (sh, ch, kh, ng), uch harfli triagraf (sch, dzh, eau) va tetrograf (tsch) lar qo‘llangan va hozirgacha foydalanilmoqda.

Diakratik belgili harflardan ko‘proq, lotin yozuvini nisbatan kechroq qabul qilgan, shuningdek, shimoliy va ba’zi sharqiy yevropa hamda bir qancha osiyo tillari foydalanadi. Bu borada bizga eng yaqini turk, ozarbayjon tillari foydalanishadi. Ma’lumki, o‘zbek kirill yozuvida ham diakratik belgili harflar bor edi. Bular O‘, Q, G‘ va H edi.

Qo‘sh harfli (diagraf, triagraf va tetrograf) lotin yozuvidan asosan, g‘arbiy va markaziy yevropa tillari shuningdek, bir qancha osiyo va afrika tillari foydalanishmoqda. Qo‘sh harflar asosan, undosh ba’zan esa, unli tovushlar uchun qo‘llaniladi.

Qo‘sh harflar ham aslida bizga begona emas. Kirill alifbosida –ng tovushi uchun qo‘llanilgan. Lekin bu tovushni o‘quvchilar birikma deb o‘rgangani bois, o‘zlashtirish tajribasi yetarli darajada emas. Bizdan farqli, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, tatar va boshqa tillar kirill alifbosida aniq harf va tovush sifatida Ң ң, Ҥ ҥ ko‘rinishida qabul qilingan edi. Bu esa, mazkur tovush to‘g‘risidagi tushunmovchiliklarni bartaraf etgan. Bugungi kunda bu tovush to‘g‘risida hatto ko‘pchilik pedagoglarda ham yetarli tushuncha yo‘qligi achinarli holatdir.

Lotin yozuviga o‘tishning birinchi bosqichi, xalqimizning tarixiy bosib o‘tgan yo‘li, ya’ni o‘tgan asrning 20-yillarida qabul qilingan «Yangi alifbo» (Yanalif) edi va bu asosida 1993 yil sentyabrda diakratik belgili ko‘rinishga ega bo‘lgan o‘zbek lotinchasi qabul qilindi. Bunda ba’zi harflar quyidagicha ko‘rinishda bo‘lgan: Sh – Ş, Ch – Ç, G‘ – Ğ, ng – ñ, O‘ – Ö, J - Ɉ (jurnal).

1995 yilda turli sabablarga ko‘ra bir nechta harflar isloh qilindi. Rivojlangan davlatlar foydalanadigan, lotin yozuvini qabul qilganiga 500-1000 yillar bo‘lgan ingliz, fransuz, ispan, nemis tillari (asosan ingliz tili) imlosidan namuna olindi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu jarayon qoniqarli darajada «pishirilmagan». Yana o‘sha G‘, O‘, J (ikkita alohida va jarangsizlari sh – sh, ch – ch bo‘lgan tovush) va X harflarida muammolar kelib chiqmoqda. Birinchi navbatda standart klaviaturalardan foydalanish noqulay. Natijada, mazkur harflar turli belgilar bilan aks etmoqda. Misol uchun, O‘ harfi O‘, O‘, Oʻ, Oꞌ, Oʽ, Oʹ, Oˊ, O‛, Oʹ kabi ko‘rinishlarda yozilayapti. Ayni paytda buni kompyuter dasturlari va axborot texnologiyalaridan foydalanishda murakkabliklar kelib chiqmoqda. Ushbu holatda dasturlar harfni bir emas ikki belgi sifatida «taniydi».

Ikkinchisi esa, atoqli otlar tarjimasida muammolarni ko‘paytirmoqda. Bu ayniqsa ism, familiya va joy nomlarini ingliz va boshqa tillarga o‘girishda noqulaylik va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda. O‘z vaqtida, O‘ harfiga Ö yoki Õ va G‘ harfiga Ğ yoki xalqaro miqiyosda keng qo‘llaniladigan Gh ko‘rinishida bo‘lganda, balkim hozirgi muammo va bahslar kelib chiqmas edi.

Muammodan qochib, uni bartaraf etib bo‘lmaydi. Uni oxirigacha hal qilish zarur, shunda hammasi joyiga tushadi. Endi, bir savolni o‘rtaga tashlab, hissiyotlarga erk bermasdan bir o‘ylab ko‘raylikchi... Bizning takomillashtirilishi ko‘zda tutilgan, muammoli alifbomizga diagrafli (sh, ch, ng, gh) ko‘rinish qoidalashtirilishi kerakmi yoki diakratik belgilimi? Har birining qulaylik va kamchiliklarini ko‘rib chiqamiz.

1-misol

       Harflar

 

Holati

Diagrafli alifbo

Diakratik belgili harflar

Qulayligi

- istalgan standart klaviaturadan foydalanish mumkin;

- turli belgilar bilan harflarning ko‘rinishi o‘zgartirilmaydi;

- Aynan o‘zgartirilmagan lotin harflaridan foydalanilgan shakliy ko‘rinish;

- Dunyo tillari hisoblangan ingliz, fransuz, ispan tillariga shakliy yaqinlik;

- atoqli otlarni boshqa lotin yozuvli tillarda ham shakliy yagona ko‘rinishda yozilishi. Bunda o‘zbekcha atoqli otlarning boshqa tillarda yozilishida o‘zbek tilidagi shakliy ko‘rinishga o‘zgartirish kiritilmaydi. Masalan, Samarqand, Ahmad, Qilich va boshqa nomlar hech qanday shakliy o‘zgarishsiz yoziladi. (Bugun amalda bu narsaga e’tibor berilmayapti. Eskilik sarqiti sifatida ingliz tilidan o‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan ingliz tiliga atoqli otlar ko‘chirilishida asossiz ravishda rus tilidan foydalanilmoqda)

- informatsion texnologiyalar, xususan, internetdan foydalanishda qulay. Masalan, internet saytlari va domenlaridan satrga so‘zni kiritish va umuman foydalanishda nazarda tutilayotgan so‘zni yozishda qulay. Misol uchun chortoq.uz, samdchti.uz, sharq.uz va boshqa.

- asosan, katta avlod va bugun ham kirill yozuvidan foydalanadigan turli soha vakillari tez ko‘nikishi;

- yozuvda bir harf bir tovush tushunchasi mutanosibligi;

- lotin yozuvidan foydalanadigan turkiy tilli qardosh xalqlar tili bilan shakliy uyg‘unlik;

- shakliy soddalik;

- qardosh turkiy xalqlar yozuviga yaqinlik va aloqadorlikning oshishi (turk, ozarbayjon, turkman va boshqa);

 

 

 

 

Noqulayligi

- tovushlar soni bilan belgilar soni nomutanosib bo‘lishi;

- yozuvdagi murakkab ko‘rinish;

- ikkita harf ayni paytda bir harf hisoblanishi;

- so‘zlarning qisqartmalarini yozishda noquylik va tushunmovchiliklarning bo‘lishi. Misol uchun AQSH – AQSh va boshqa shunga o‘xshash.

- aynan o‘sha til kodirovkasi o‘rnatilmagan qurilmalarda yozish noqulay. Agar kodirovka mavjud bo‘lmasa alohida dastur o‘rnatish lozim.

- turli xil belgilar ba’zan chalkashliklar keltirishi mumkin;

- o‘zbek lotin yozuvidagi Oʻ va Gʻ harflarining teskari verguli bilan yozish noqulayliklar keltirmoqda.

- atoqli otlarni boshqa tillarda yozilishida shakl ko‘rinishi birlamchiligi uchun o‘sha tilda mavjud bo‘lmagan diakratik belgilar yozilmay ketishi mumkin. Masalan, shakliy yozuvga asosan, Škoda, Citroën, Beşiktaş kabilar ingliz hamda boshqa aynan shunday belgili harflar bo‘lmagan tillarga Skoda, Citroen, Besiktas ko‘rinishida yoziladi va talqin qilinishi mumkin.

Ko‘rinib turibdiki, har birining o‘ziga xos qulayligi va noqulayligi mavjud. Shunday ekan umumiy bir qarorga kelish lozim. Ko‘proq birinchi ustundagi yozuv amaldagi o‘zbek lotin alifbosiga yaqin, qabul qilish oson va yevropa tillari hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda qulay.

Ikkinchi ustundagi esa turli belgilar ishlatilsa-da, nisbatan sodda, kirill alifbosida savod chiqargan avlod va undan bugungi kunda ham foydalanuvchilari uchun ayni muddao. Aslida, ikkinchi ustundagi «uslub» biz uchun begona emas. O‘tgan asrning 20-yillari oxiri va 1940-yilgacha foydalanilgan va 1993-1995-yillarda foydalanilgan lotin yozuvi aynan diakratik belgilarga asoslangan edi.

Endi esa 2-misolda yuqoridagi tanlovlarimizning yozuvdagi aks etilishi holatini ko‘rib chiqamiz.

2-misol

Yozuv ko‘rini-shi

1-Diagrafli

(taklif)

2-Diakratik belgili

(1929-1940, 1993-1995)

3-Amaldagi

(1995)

Misol-lar

Ghalla, maghrur, ötkir, töla, ghalaba, ghör, chana, chang, singlim, chöl, shahar, shör, Shermat, achchiq, pashsha, shashkachining, mening, öghil

Ğalla, mağrur, ötkir, töla, ğalaba, ğör, çana, çañ, siñlim, çöl, şahar, şör, Şermat, aççiq, paşşa, şaşkaçiniñ, meniñ, öğil

Gʻalla, magʻrur, oʻtkir, toʻla, gʻalaba, gʻoʻr, chana, chang, singlim choʻl, shahar, shoʻr, Shermat, achchiq, pashsha, shashkachining, mening, oʻgʻil

 

18 ta so‘z, 88 ta tovush, 110 ta belgi

18 ta so‘z, 88 ta tovush, 88 ta belgi

18 ta so‘z, 88 ta tovush, 116 ta belgi

Ikkinchi misolda esa 3ta yozuv ko‘rinishidagi tovush va harflar (belgilar) mutanosibligi qay darajada ekani ayon bo‘lmoqda. Bu borada nomutanosiblik eng ko‘pi amaldagi lotin alifbosida ekan.

Albatta, hech bir tilning alifbosi to‘kis bo‘lmasligi mumkin. Lekin, vaqti-vaqti bilan dunyodagi eng ko‘p aholi so‘zlashadigan tillar yozuvlarida noqulayliklar to‘liq bo‘lmasa-da, maksimum darajada bartaraf etilgan. Amaldagi lotin yozuvimizning beo‘xshovligi O‘o‘ va G‘g‘ harflarini aks ettirish uchun ikkita harf va alohida belgi kombinatsiyasidan iborat diakratik belgili «nostandart» ko‘rinishi eng tushunarsiz holat. Eng qizig‘i G‘, O‘ kabi «okinta»li, alohida tovushni aks etadigan harf birorta tilda yo‘q!

Ayni paytda, boshqa harflarga tegmagan holda, G‘, O‘ ni diagraf belgili ko‘rinishga o‘tkazib «qutilish» mas’uliyatsizlik va o‘z tilimizga nisbatan hurmatsizlikdir!

Savodsizlikni kelib chiqishidan xavotir esa, hozirgi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asrida, juda uyatli holatdir. Chunki, hozir turli tillarga xos bo‘lgan yozuvlar, shiorlar, atoqli otlar, joy nomlari va turli reklamalar bir zumda barcha uchun yod bo‘lib ketaveradi. Faqat maqsadimiz aniq bo‘lib birgalikda olg‘a qadam tashlasak, mazkur muammoni qisqa muddatda bartaraf etish hech gap emas.

Hurmatli ziyolilar, alifbo masalasida oldimizda ikkita yo‘l turibdi. Yo u yoqli, yo bu yoqli ko‘rinishga o‘tish kerak! Mazkur jarayonda bizning o‘rnimiz oldingi qatorda bo‘lishi ShART!

Mehroj Usmonov,
O‘zbek tili alifbosi va joriy imlo qoidalarini
takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha
Respublika ishchi guruhi a’zosi, sotsiolog

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring