Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maktabdagi bazm tatimadi: Andijonda o‘quvchilar va sinf rahbari shifoxonaga yotqizildi

Maktabdagi bazm tatimadi: Andijonda o‘quvchilar va sinf rahbari shifoxonaga yotqizildi

Foto: «Goodfon»

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi «Xabar.uz»ga yana bir ommaviy zaharlanish holati haqida xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 8-oktyabr kuni soat 20:30 da Andijon tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 4 nafar fuqaro ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasidagi og‘riq, tana haroratining  ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan.

So‘ngra soat 24:00 ga qadar faol aniqlash yo‘li bilan 23 nafari «ovqat toksikoinfeksiyasi» birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Ularning 24 nafari Andijon tumanining 35-maktab o‘quvchilari, 1 nafar sinf rahbari, 1 nafar maktab o‘quvchisining onasi, ya’ni tug‘ilgan kun munosabati bilan tort tayyorlab olib borgan fuqaroning o‘zi ham zaharlangan.

Shuningdek, 1 nafar shu sinfning o‘quvchisi uyda tarbiyalanayotgan kichik yoshdagi singlisiga o‘sha tort bo‘lagidan berganligi natijasida unda ham zaharlanish qayd etilgan.

Holat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib borish uchun voqea joyiga viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi, viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi mutaxassislari jalb etildi. Barcha bemorlardan olingan tahlil namunalari viloyat SEOM laboratoriyasida o‘rganilmoqda. Hozirda shifoxonada 12 nafar bemor davolanyapti, 15 nafari ahvoli yaxshilangani uchun uyiga ruxsat berilgan.

Bemorlarning ahvoli, laboratoriya tahlil natijalari, yakuniy tashxis hamda o‘tkazilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, ovqatdan ommaviy zaharlanish holati kuni kecha Samarqandda ham qayd etilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring