Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yangi Andijon qurilishi qanday boshlandi? Prezident taаssurotlarini so‘zladi

Yangi Andijon qurilishi qanday boshlandi? Prezident taаssurotlarini so‘zladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Andijonda yangi shahar bunyod etilmoqda. Qurilishi bugun boshlangan shahar loyihasi har qanday odamga yoqishi tayin, hech bo‘lmaganda buning uchun uchta sabab bor — hech kimning uyi buzilmagan, hech kimga davlat budjetidan otning kallasidek kompensatsiya to‘lanmagan va birorta ham daraxt kesilmagan.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda juda ko‘p «siti»lar qurilmoqda, ammo bunaqasi hali bo‘lmagan edi. Bir chetdan, hech kimga kerak bo‘lmagan dala-dashtda butkul yangi shahar bunyod etilyapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun ushbu shahar qurilishi bilan tanishdi va ramziy tamal toshini qo‘yib berdi.

«Ikki yil odin Andijonga kelganimda, uy-joy muammosini ko‘rib, kayfiyatim tushib ketgandi. Toshkentga qaytib borgandan keyin uzoq o‘ylandim va bir qarorga keldim. Biz 25 yil tayinli uy qurmadik, demak, tajribamiz bo‘lmasligi turgan gap. Ikki yil o‘zimni qiynadim, hisob-kitob qildim va mana shu shaharni qurishga kirishdik.

Men Turkiyaga borganimda ko‘rganman, Anqara shahri tog‘ oldida joylashgan, yer yetishmaganidan shahar borgan sari toqqa chiqib boryapti. Qirlar ustida uy qurilyapti. Andijonda ham vaziyat shunday, biz ham qir-adirlarda uy qurmasak bo‘lmaydi», — dedi Prezident.

Darhaqiqat, aholi zich joylashgan Andijonda uy-joy va yer masalasi ancha og‘ir. Davlat rahbari buni yana bir bor ta’kidlab o‘tdi.

«Men bugun bir onaxon bilan suhbatda bo‘ldim. «Prezident bolam, Andijonda bitta uyda beshta oila yashayapti. Uy qilish muammo, yoshlar o‘sib kelyapti, ular oila qurmasa bo‘lmaydi», — dedi. Ularga oson emas. «Qaynona-kelin o‘rtasidagi munosabat qanday bo‘lyapti?» — deb so‘radim. «Xuddi andijonliklar orasida yashayotgan odamdek gapiryapsiz. Hammani o‘z uyi bo‘lgani yaxshi», — deb aytdi onaxon. Men bugun Andijonga o‘sha muammolarni hal qilish uchun keldim. Yangi Andijon shahri afsonaviy shahar bo‘ladi», — dedi Prezident.

Yangi shahar loyihasi 8 ta bosqichda amalga oshiriladi. Uning kommunikatsiya tarmoqlarini boshlash uchun joriy yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar ajratiladi. Bunda 33 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 52 kilometr avtomobil yo‘li, 18 kilometr elektr va 27 kilometr gaz tarmoqlari quriladi.

Birinchi bosqichda 3 ming 310 ta kvartirali 170 ta ko‘p qavatli uy-joy, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 385 o‘rinli bog‘cha, 200 qatnovli poliklinika quriladi. Shahar qurilishi davrida 10 mingdan ortiq, keyin esa sanoat, savdo, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish sohalarida jami 100 mingga yaqin doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring