Yangi tajriba o‘tkazilmoqda — yotib 5 ming yevro ishlash mumkin
Fransiyada ko‘ngillilar yangi tajribada qatnashib, 20 kunda 5 ming yevro ishlab olishlari mumkin. Le Figaro nashri yozishicha, tajribani Tuluzadagi fazoviy tibbiyot va fiziologiya instituti o‘tkazmoqda.
Tadqiqotdan maqsad — uzoq muddatli fazoviy missiyalarda vaznsizlik va yotoq rejimining organizmga ta’sirini o‘rganishdir.
Ishtirokchilar tajriba uchun ajratilgan 20 kundan 10 kunini boshi pastga qaratilgan olti darajali qiyalikdagi karavotda yotib o‘tkazadilar. Bu holat suyuqliklarning tananing yuqori qismiga siljishiga yordam beradi va bu vaznsizlik holatini ifodalaydi.
Bir paytning o‘zida tajribada qatnashayotganlarga kuniga 250 kaloriyadan oshmagan ovqat beriladi. Ular sho‘rva, meva sharbati va asal bilan oziqlanadi. Ko‘ngillilar bir qator tibbiy tekshiruvlardan o‘tishadi, jumladan, qon va siydik tahlillari, shuningdek, psixologik testlarni topshirishadi.
Tadqiqotning asosiy vazifasi uzoq muddatli ochlik va yotoq rejimi kosmik sharoitlarda sog‘liqqa qanday ta’sir qilishini tushunishdir (texnik nosozliklar, yetkazib berishdagi kechikishlar yoki parvoz davomiyligining o‘zgarishi tufayli uzoq muddat ovqatsiz qolib ketish ehtimoli kabilar ko‘zda tutilgan).
Tajribada sog‘lom turmush tarziga ega, kasalligi bo‘lmagan 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 10 nafar erkak ishtirok etishi mumkin. Ko‘ngillilarga yaqinlari bilan telefon orqali muloqot qilish, kompyuterdan foydalanish va kitob o‘qishga ruxsat beriladi, ammo ular bularning barchasini tana holatini o‘zgartirmasdan amalga oshirishlari kerak.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter