Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yapon elchisi so‘z berdi

Yapon elchisi so‘z berdi

Sodiq Safoyev va Takashi Hatori.

Foto: Cyenat matbuot xizmati

Yaponiyaning O‘zbekistonda yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori Oliy Majlis palatalari rahbariyati bilan uchrashdi. O‘zaro muzokaralarda parlamentlararo hamkorlik ikki davlat munosabatlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishi ekani ta’kidlandi.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va  Yaponiya elchisi Takashi Hatori uchrashuvida parlamentlar o‘rtasidagi do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘zaro tashriflarni amalga oshirish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, suhbat chog‘i ikki mamlakat ishbilarmon doiralari  va yirik kompaniyalari o‘rtasida amalga oshirilayotgan sarmoyaviy loyihalarni yanada rivojlantirish maqsadida aniq dasturlarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etish borasida yakdil xulosa aytildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov va Yaponiya elchisi T.Hatori muzokarasida esa nafaqat parlamentlararo, balki boshqa soha va yo‘nalishlar ravnaqi yo‘lida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishildi.

Yapon diplomati ikki davlat o‘rtasidagi an’anaviy va barqaror hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safarbar etishga so‘z berdi.

Eslatib o‘tamiz, Kunchiqar o‘lkaning mamlakatimizdagi yangi elchisi Takashi Hatori 2022 yil 5 dekabr O‘zbekiston tashqi ishlar vaziriga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirdi.

Avval xabar berganimizdek, 2022 yil 24 dekabr kuni Tokio shahrida O‘zbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Vladimir Norov hamda Yocimasa Hayashi uchrashdi. Yapon tomoni O‘zbekistonga hukumat tomonidan suveren kafolatlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni kengaytirishga shay ekanini bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 30 yil ichida 230 barobar o‘sgan. Yaponiya hukumatining imtiyozli kredit va grantlari asosida energetika, kimyo, neft-kimyo, infratuzilma, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida qiymati 7 milliard dollardan ziyod bo‘lgan o‘nlab loyihalar hayotga tatbiq etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring