Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya «keksalar mamlakati»ga aylandi

Yaponiya «keksalar mamlakati»ga aylandi

Foto: Dzen

Kecha, 16-sentyabrda Yaponiyada milliy bayram — Yoshi ulug‘larga ehtirom ko‘rsatish kuni nishonlandi. The Asahi Shimbun xabariga ko‘ra, mamlakat ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi shu munosabat bilan Kunchiqar yurt aholisi haqida hisobotini e’lon qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, 15-sentyabr holatiga mamlakatda yoshi 65 dan oshganlar yoki keksayish ko‘rsatkichi 0,2 foizga oshgan. Ya’ni demografik ma’lumotlar batafsil hisoblab kelinadigan 1950-yildan buyon Yaponiya yalpi aholisiga nisbatan keksalar ulushi va aholining qarish sur’ati eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi.

65 va undan katta yoshli ayollar soni 20,53 million nafarni yoki Yaponiyadagi jami ayollarning 32,3 foizini tashkil etmoqda. Xuddi shu yosh toifasidagi erkaklar soni — 15,72 million nafar (jami erkaklarning 26,1 foizi).

Yaponiya keksalari:

  • 75 yoshlilar va undan kattalar — 20,76 mln kishi (aholining 16,8 foizi);
  • 80 yoshlilar va undan kattalar — 12,9 mln kishi (aholining 10,4 foizi)

1947–1949-yillarda tug‘ilgan «bebi-bumerlar» yoki «dankay avlodi» 2024-yilning oxiriga borib 75 yoshlilar va undan kattalar qatoriga qo‘shiladi.

Yaponiya hukumati tibbiyot xizmatlari va uzoq muddatli parvarish xizmatlari keksayib borayotgan aholiga qarashga ulgurmay qolishi kutilayotgan «2025-yil muammosi»ga jiddiy hozirlanmoqda.

Aholisining qarish darajasi 29,3 foizga yoki 36,25 mln nafarga yetgan Yaponiya dunyoning 200 mamlakati va hududi orasida yaqqol yetakchiga aylandi.

G7 ayrim mamlakatlarida aholining qarish darajasi: Italiya — 24,6 foiz, Germaniya — 23,2 foiz, Fransiya — 22,1 foiz.

Qolaversa, Yaponiya keksalari ulushi bo‘yicha Janubiy Koreya (19,3 foiz), Xitoy (14,7 foiz) va Hindiston (7,1 foiz)dan tafovutli tarzda oldinda.

Ayni paytda Yaponiyada ishlovchi keksalar soni oshib boryapti. 2023-yilda 65 yoshli va undan katta yoshdagi ishlovchilar soni rekord ko‘rsatkich — 9,14 million nafarga yetgan. Qatorasiga 20-yildirki, ishlovchi keksalar soni tinmay o‘smoqda. Keksalarning jami ishchi kuchidagi ulushi 13,5 foizni tashkil etmoqda.

So‘nggi ma’lumotga qaraganda, 65–69 yoshlilarning 50 foizi, 70-74 yoshlilarning 34 foizi, 75 yoshlilar va undan kattalarning 11,4 foizi ishlashda davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring