Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya tashqi ishlar vaziri 12 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekistonga kelmoqda

Yaponiya tashqi ishlar vaziri 12 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekistonga kelmoqda

Yaponiya TIV Yosimasa Hayashi.

Foto: Reuters

Joriy yil 29-30-aprel kunlari mamlakatimizga Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Hayashi  tashrif buyuradi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobuljonov ma’lum qildi. E’tiborga molik jihati, bu – Yaponiya tashqi ishlar vazirining so‘nggi 12 yil ichida O‘zbekistonga ilk tashrifidir.

Yaponiyalik yuqori martabali mehmon yurtimizda bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

«O‘zbekiston Yaponiya bilan yaqin va ishonchli munosabatlarni qadrlashini, biz uni ishonchli do‘st va vaqt sinovidan o‘tgan hamkorimiz deb bilishini alohida ta’kidlamoqchiman. Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 30 yil ichida 230 barobardan ortiq o‘sdi. Ya’ni 1992 yilda 730 ming AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 169 million AQSh dollaridan oshdi. Yaponiya hukumatining imtiyozli kreditlari va grantlari yordami hisobidan energetika, kimyo, neft-kimyo, infratuzilma, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida qiymati 7 milliard AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan qator loyihalar amalga oshirildi», – deydi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili.

Qayd etilishicha, mazkur tashrif O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga to‘g‘ri keldi. Ushbu muhim sana munosabati bilan ikki davlat o‘rtasida o‘zaro tabrik almashildi.

«Biz Yaponiya bilan siyosat, iqtisodiyot, energetika, infratuzilma, innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash, fan, ta’lim va madaniyat sohalarida uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz... O‘zbekistonda yapon xalqiga alohida iliqlik va hurmat tuyg‘usi bilan e’tibor qaratilishini ta’kidlamoqchiman», – deydi TIV rasmiy vakili.

Qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi strategik sheriklik munosabatlariga kuchli turtki berdi.

2004-yilda tashkil etilgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti ham ko‘p tomonlama hamkorlikning muhim platformasiga aylandi. Avval xabar berganimizdek, joriy yil 15-aprel kuni videokonferensiya shaklida o‘tgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» tashqi ishlar vazirlarining 8-yig‘ilishida Kunchiqar o‘lka bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlari muhokama qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil noyabrdan buyon Yaponiya tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Yosimasa Hayashi bunga qadar Liberal-demokratik partiyada mas’ul lavozimlarda ishlagan, mudofaa, ta’lim, qishloq xo‘jaligi vazirliklariga rahbarlik qilgan. Tokio (Yaponiya) va Harvard universitetlarini (AQSh) tamomlagan mutaxassis endilikda Yaponiya tashqi siyosat mahkamasiga boshchilik qilmoqda.

The Japan Times nashriga ko‘ra, vazir Yosimasa Hayashining safar dasturidan O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, shuningdek, Fiji va Palau davlatlariga tashrif ham o‘rin olgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring