Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Akmal Nur Yaponiya TIV tomonidan taqdirlandi

Akmal Nur Yaponiya TIV tomonidan taqdirlandi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nur (Nuriddinov) Yaponiya tashqi ishlar vazirining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Mukofot Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama tomonidan Toshkentda tashkil etilgan anjumanda tantanali tarzda topshirildi.

Yaponiya TIVning Faxriy yorlig‘i Kunchiqar o‘lka hamda hamkor mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona robitalarni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan shaxslar va tashkilotlarga taqdim etiladi.

«Janob Akmal Nuriddinov O‘zbekistondagi «Xalq rassomi» yuksak unvoniga ega eng taniqli rassomlardan sanaladi. U tasviriy san’at faoliyatidan tashqari oliy ta’lim muassasasi professori sifatida madaniyat va san’at yo‘nalishida kadrlar tayyorlash bilan ham shug‘ullanib kelmoqda. Sirasini aytganda, janob Nuriddinov O‘zbekistonda madaniyat va san’at yo‘nalishida muhim o‘rin tutuvchi ijodkor sanaladi», – dedi Yaponiya elchisi taqdirlash marosimida.

Badiiy akademiya raisi Yaponiya elchixonasining madaniyat, san’at yo‘nalishidagi loyihalarida ham faol hamkor sifatida qanashib keladi.

«Janob Nuriddinov O‘zbekistonda yapon madaniyatini tanitish borasida qanchalik ko‘p sa’y-harakat qilganini so‘z bilan ifodalash mushkul», – deya ijodkor faoliyatini yuksak baholadi diplomat. 

O‘z navbatida, Akmal Nur ushbu mukofot O‘zbekistondagi barcha san’at namoyandalari mehnatining e’tirofi ekanini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Badiiy akademiya raisi Akmal Nurni taqdirlash marosimi O‘zbekiston va Yaponiya diplomatik munosabatlariga 30 yil to‘lgan paytda o‘tkazilayotgani ramziy ma’no-mazmun kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevga Yaponiya hukumatining Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni topshirilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring