Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yo‘llardagi qoidabuzarliklar

Yo‘llardagi qoidabuzarliklar

Foto:OOO LAYPANOV

Ko‘pchilikka ma’lum, oxirgi paytda yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga qarshi kurash ancha kuchaydi, poytaxtdagi ayrim chorrahalarga kameralar o‘rnatildi, jarimalar miqdori oshirildi, har bir avtomobil kuzatuvdaligi ma’lum qilindi 

Ayniqsa, so‘nggi kunlarda «Facebook» ijtimoy tarmog‘idagi «Voditeli Tashkenta» guruhidagi asosiy postlar yo‘l-harakati qoidalarini buzgan haydovchilar haqida bo‘lmoqda. Bu borada ko‘pchilik ikkiga bo‘lindi, kimdir bu harakatni yoqladi, kimdir qoraladi. Shaxsan men yoqlaganlar tarafdoriman, chunki har kim qoidaga rioya qilishi, qoidabuzarliklarga qarshi hamma birdek kurashishi kerak deb o‘ylayman.

O‘zim ko‘p yillar piyoda maqomida bo‘ldim, yaqin bir yil ichida haydovchilik maqomiga o‘tib shunga amin bo‘ldimki, yo‘l harakati qoidalari judayam ko‘p buziladi. Xulosa qiladigan bo‘lsak, DYHXBning rasmiy saytida keltirilgan qoidabuzarliklar sonidan bir necha bor ko‘pligiga shubha yo‘q.

Haydovchilik madaniyatiga havas bilan qaray olmaymiz. Misol uchun, ko‘p kuzatdim, piyodalar yo‘lakchasida avtomashinalar to‘xtab, piyodani o‘tkazayaptimi, demak, yo kuzatuv kamerasi bor, yo sal nariroqda DYHXB xodimi. Albatta, bu umumiy xulosa, ya’ni faqat salbiy tomonlari tilga olinmoqda. Qoidalarga rioya qiladigan haydovchilar ham talaygina.

Qoida buzilishi haqida gap ketar ekan, avvalo bir masalani alohida qayd qilib o‘tish kerak: qonun-qoidalarga bo‘ysunish talab qilinishidan oldin shunga yarasha sharoit yaratilishi shart. Poytaxt yo‘llarining o‘zida kamchiliklar bisyor, viloyatlardagi yoki markazdan chekkaroqdagi ahvolni gapirib o‘tirish shartmasdir. Toshkentdagi biror-bir idoraga kirmoqchi bo‘lsang to‘xtashga joy yo‘q, bo‘lsa ham taqiqlovchi belgi bor. Qoidani buzishga majbursan yoki avtomashinani ancha uzoqroqqa qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Toshkentdagi ko‘p ko‘chalarda taqiqlovchi belgilar qo‘yilganiga qaramasdan, avtomashinalar qator bo‘lib turganini deyarli har kuni ko‘rish mumkin.Misol uchun ko‘p yo‘l belgilari betartib (daraxtlarga, elektr ustunlariga) o‘rnatilgan.



Piyodalar o‘tish yo‘lagini aks ettiruvchi belgi elektr ustuniga o‘rnatilgan, mayli, lekin piyodalar maxsus chizig‘i yo‘q, shu paytgacha chizilmagan yoki chizilganiyam o‘chib ketgan.


Toshkentning «Olmazor» metro bekati yonidagi quyidagi holatga qanday izoh berish mumkin? Bu muammochani bartaraf etishga oylab vaqt talab qilinmasa kerak?

O‘zi umuman poytaxt yo‘llariga chizilgan maxsus chiziq, belgilarning rangi o‘chganiga ancha bo‘lgan, yangi chizilganiyam yog‘ingarchilikdan keyin yana yarmi ko‘rinmas chiziqqa aylanadi. Ayrim yo‘llar shunchalik torki, haydovchilar qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishga majbur bo‘lishadi.

Piyodalar...
Ko‘p o‘ylab qolaman: kim ko‘p qoida buzadi: haydovchilarmi yoki piyodalarmi? Ayrim piyodalarni ko‘rib hayron qoladi odam, piyodalar yo‘lakchasidan bemalol, telefonda gaplashib o‘tadi, yerosti yo‘li turganiga qaramasdan, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib katta yo‘lni kesib o‘tadi. Yaqindan boshlab piyodalarga ham jarima solina boshladi. Bu juda to‘g‘ri qaror, lekin ko‘p guvoh bo‘lamiz, piyodalarni jarimaga tortish qiyinroq kechadi, lekin bu bahona bo‘lishi kerak emas. Bir xulosaga qo‘shilaman, ayrim odamlarga soatlab tushuntirish foyda bermasligi mumkin, lekin bir marta jarima solinsa, keyingi safar o‘ylab ish qiladi.

Transportni boshqarish paytida yoqimsiz holatlar bo‘yicha o‘z fikrimni «Twitter» ijtimoiy tarmog‘ida bayon qilgan edim.

Ijtimoiy tarmoqda o‘tqazgan kichik so‘rov natijasi.

Xulosa o‘rnida...
Yo‘llarda inson hayoti, haydovchi va piyodalarning xavfsizligi juda muhim. Qoidabuzarlar haqida xabar qilayotganlar o‘z fuqarolik burchini bajarib, qonunni buzgan shaxslarni ma’lum qilishayapti, buni normal holat deb hisoblayman. Zero, Toshkent shahar IIBB DYHXB rahbariyati ta’kidlab o‘tganidek, soha xodimlarining sa’y-harakatlarining samaradorligi ko‘p jihatdan butun jamoatchilik, har bir fuqaroning bu ishlardagi faol ishtirokiga ham bog‘liq.

Jasurbek Normetov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring