Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yurak tez urishi, titroq, vazn yo‘qotish: shifokorning xavfli kasallik bo‘yicha tavsiyalari

Yurak tez urishi, titroq, vazn yo‘qotish: shifokorning xavfli kasallik bo‘yicha tavsiyalari

Aksariyat endokrinologik kasalliklar og‘ir asoratlari bilan xavfli hisoblanadi. Shulardan biri bo‘qoqdir.

Bo‘qoq qalqonsimon bezning kattalashuvi bilan kechuvchi xastalikdir. Kasallik ushbu a’zoning gormonal faoliyati kuchayishi, susayishi yoki o‘zgarmasligi bilan namoyon bo‘ladi, deydi  tibbiyot fanlari nomzodi Sevara Faxrutdinova.

Qalqonsimon bez — bo‘yinning old qismida joylashgan. U tiroksin va triyodtironin gormonlarini ishlab chiqarish orqali tanadagi ko‘plab jarayonlar, xususan, asab, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak va suyak-tayanch tizimlari faoliyatini boshqaradi. Hatto miyaning normal ishlashi ham qalqonsimon bez faoliyatiga bog‘liq.

Qalqonsimon bez kasalliklarini keltirib chiqaruvchi bir qator omillar mavjud. Bularga turli autoimmun va infeksion kasalliklar, yod tanqisligi, stress, intoksikatsiya, oqsil va vitaminlar yetishmasligini misol qilish mumkin.

Qalqonsimon bezdagi o‘zgarishlarning xususiyatiga ko‘ra, diffuz bo‘qoq, tugunli bo‘qoq va aralash turlari tasniflanadi. Qalqonsimon bez gormonal faoliyatiga ko‘ra, diffuz buqoq, o‘z navbatida, gipotireoz, eutireoz va diffuz-toksik (gipertireoz) shakllarga bo‘linadi.

Jumladan, uning diffuz-toksik turi xalq orasida zaharli bo‘qoq deb ham ataladi. Mazkur xastalikka qalqonsimon bezning kattalashishi va unda gormonlarning me’yordan ortiq ishlab chiqarilishi sabab bo‘ladi.

Bunda bemorlar asabiylik, yurak tez urishi, bezovtalik, ozish, soch to‘kilishi, teridagi turli toshmalar, qizib ketish, ko‘p terlash, qo‘llarda titroq, ko‘zlarning kattalashishidan shikoyat qiladi.

Qolaversa, bu dardga chalinganlar uyqusizlikdan qiynaladi. Kasallikka tashxis qo‘yish laborator-qon tahlillari va instrumental tekshiruvlar natijasida amalga oshiriladi.

Bugungi zamonaviy tibbiyot zaharli bo‘qoqni 3 xil usulda davolashni taklif etadi. Bular medikamentoz davo, ya’ni dori-darmon bilan, shuningdek radioaktiv yod hamda jarrohlik usullaridir.

Agar tegishli tekshiruvlardan so‘ng zaharli bo‘qoq tashxisi qo‘yilsa, bemor shifokor qat’iy nazorati ostida davolanishi lozim. Aks holda kasallik organizmda turli og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring