«Zargarona firibgarlik» fosh bo‘ldi

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand va Qashqadaryoda firibgarlarni fosh qildi.
Birinchi holat — firibgarlikning nisbatan yangi qirrasi, ta’bir joiz bo‘lsa, «ochilmagan qo‘riq». Unga ko‘ra, Samarqand shahridagi geologik xizmatlar ko‘rsatuvchi xususiy korxona direktori ixtiyorida oltin ma’danlarining maxfiy geologik xaritasi va fotosuratlari borligiga mahalliy fuqaroni ishontirib, ularni 25 ming dollarga sotishini aytadi. Korxona rahbari muqaddam tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida ma’sul lavozimlarda ishlaganligini, xarita va suratlar Samarqand va Jizzax viloyatlari hududlarida amalga oshirilgan geologik qidiruv ishlari mahsuli ekanligini aytadi.
DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs kelishilgan pullardan 10 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tegishli tashkilotlar bergan xulosaga ko‘ra, u iddao qilayotgan hech bir ma’lumot maxfiy hisoblanmaydi.
Ikkinchi holat — «klassika». «O‘ztransgaz» AJ tarkibidagi «Muborak magistral gaz quvurlari» boshqarmasi gaz tarqatish stansiyasi bo‘limi Shahrisabz GTS operatori Qarshi shahrida yashovchi fuqaroni, 4000 ming dollar bersa, yuqori lavozimdagi tanishlari orqali «O‘ztransgaz» AJ tizimidagi tashkilotlardan biriga nazoratchi lavozimiga kiritib qo‘yishga va’da beradi.
DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda IJQK Departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda operator o‘sha 4 000 dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter