Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zavol topgan muhabbat

Zavol topgan muhabbat

foto:kulturologia.ru

Romina Al Bano Karriziga turmushga chiqishini aytganida, onasi qattiq g‘azablanib, xitob qilgan edi: «Dehqonning o‘g‘li, past bo‘yli, ko‘zoynak taqqan, ko‘zga yaqin ham tushmaydigan yigit! Sen unda nimani ko‘rding?» Bu ayolga Al Bano allaqachon mashhur qo‘shiqchi ekanligi muhim emasdi. Hatto, aytishlaricha, u to‘yga ruxsat olish uchun qaynonasiga katta miqdorda pul to‘lashga majbur bo‘lgan. Ammo Al Banoning ota-onasi ham o‘g‘li tanlagan qizni xushlamadilar: «tantiq qiz qanday qilib yaxshi xotin va ona bo‘la oladi?» – deyishdi ular.

Shunga qaramasdan, Karrizi va Pauer nikohdan o‘tishdi. Besh yildan so‘ng, ikki farzandli bo‘lishgach, birgalikda musiqiy duet yaratishdi. Va qisqa fursatda dunyo miqyosida shon-shuhrat qozondilar. San-Remodagi Italiya qo‘shiqlar tanlovida bir necha bor sovrinli o‘rinlarni egallashdi. «Ci Sarà» xonishi bilan birinchi o‘rinni olishdi. «Libertà» qo‘shig‘i esa Italiyada norasmiy milliy gimn sifatida tan olindi.

Ularning mashhurligi cho‘qqiga chiqdi – hatto sobiq ittifoqda ham ularni yaxshi ko‘rishardi. Sahnada ko‘rsatayotgan muhabbatlari soxta emasdi: Al Bano va Romina haqiqatan bir-birini sevardi. Ular bir-biri uchun yaratilgandek edi. Bu juftlik juda uyg‘un bo‘lib, alohida tarzda tasavvur qilish deyarli mumkin emasdi.

Al Bano va Rominada barcha narsa bor edi: shon-shuhrat, boylik, jurnal muqovalaridagi fotosuratlar, suhbatlar, Apuliya viloyatidagi katta hovli va xizmatkorlar.

1980-yillarning oxirida ular yana ikki farzand ko‘rishga qaror qilishdi. Romina uchun jismonan og‘ir bo‘lsa-da, u qo‘shiq kuylash va gastrollardan to‘xtamadi. Shu bilan birga, mehribon ona va sog‘lom oila qurgan ayol bo‘lib qoldi. Romina erini har jihatdan qo‘llab-quvvatlardi. Faqat bir narsa uni bezovta qilardi: doimiy safarlar tufayli farzandlariga yetarli vaqt ajrata olmayotgandi. Keyin esa...

Hammasi bir lahzada vayron bo‘ldi. 1994-yil yanvar oyida ularning hayoti «oldin» va «keyin» sifatida qoq ikkiga bo‘lindi. Mashhur er-xotinning felichitasi – baxti, shodligi bir zumda yo‘q bo‘ldi: chunki xabar kelgan – ularning to‘ng‘ich qizi Ileniya Nyu-Orleandagi mehmonxonadan chiqib ketgan va qaytmagan edi. Turli manbalarga ko‘ra, u Amerikaga yoshlar festivaliga borgan yoki kitob yozish uchun material yiqqan.

Ota-ona barcha imkoniyatlarni ishga soldi: politsiya, ekstrasenslar, hatto Sitsiliya mafiyasi va «Interpol» ham qidiruvga jalb etildi. Lekin oylar, yillar o‘tdi – faqat mish-mishlar va taxminlar paydo bo‘ldi, xolos. Kimdir aytdi: u guru bilan aloqada bo‘lgan, boshqalar – giyohvandlikka berilib ketgan, yana o‘zgalar – Missisipi daryosiga sakragan, deyishdi. Ammo hatto qizning jasadini ham topishning iloji bo‘lmadi.

Oradan bir necha yil o‘tgach, Al Bano jurnalistlarga qizining tirik ekaniga ishonmasligini aytib, uning o‘limiga ko‘nikishga majbur bo‘lganini tan oldi. Bu esa Rominani darg‘azab qildi:

– Sen qizimizni unutding! – deb hayqirdi u. Va eri bilan ajrashishga qaror qildi. Ularning mashhur dueti ham o‘z-o‘zidan parchalanib ketdi.

Romina tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Uning yuzida nur qolmadi, chuqur depressiyaga tushdi. Keyin yoga bilan shug‘ullana boshladi, Hindistonga safar qildi.

2013-yilda Ileniyani qidirish rasman to‘xtatilgani haqida e’lon qilindi, ammo Romina baribir tinchlanmadi. Axir ona uchun bolasini yo‘qotishdan og‘irroq azob yo‘q!

Al Bano yakka ijod yo‘lini tanladi. Shuningdek, uzumzorlar barpo etdi, vino va zaytun moyi ishlab chiqara boshladi. Romina ssenariylar yozdi, hujjatli filmlar suratga oldi, rasm chizish bilan shug‘ullandi. Keyin esa vatani – Amerikaga qaytdi. Hech kim «Al Banoning xotini» deb qaramaydigan mamlakatga. Jurnalistlar ham undan qizining yo‘qolgani haqida og‘riqli savollar bermasdi.

2013-yilda Romina Al Banoning 70 yillik yubileyi munosabati bilan Rossiyadagi konsertga chiqish taklifini qabul qildi. Sahnada sobiq er-xotin yana bir-biriga muhabbat bilan tikilib qarashdi. Ammo bu endilikda boshqacha tuyg‘u edi – muhabbat emas. Ularning sevgisi zavol topib bo‘lgan edi.

Shundan so‘ng Al Bano va Romina Pauer goh-goh birgalikda qo‘shiq aytishda davom etdilar. 2015-yilda, hatto yana bir bor San-Remo sahnasiga chiqishdi. Va o‘shanda ham, ilgari bo‘lganidek, ularning ovozi qalblarni titratadigan darajada jozibali va ta’sirli edi...

Akbar Fathullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring