Zelenskiy Yaqin Sharq davlatlariga yordam taklif qildi. Sharti shuki...
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaqin Sharq davlatlariga Eron dronlariga qarshi kurashishda yordam berishga tayyorligini bildirdi. Uning aytishicha, agar mintaqa yetakchilari Vladimir Putinni Rossiya–Ukraina urushida kamida bir oylik o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘ndirsa, Kiyev o‘zining eng tajribali mutaxassislarini yuborishi mumkin.
«Yaqin Sharq yetakchilari rossiyaliklar bilan yaxshi munosabatlarga ega. Ular Rossiyadan bir oylik o‘t ochishni to‘xtatishni so‘rashlari mumkin», – deydi Zelenskiy Bloomberg News’ga bergan intervyusida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, shundan so‘ng Ukraina «dronlarni tutib qolish bo‘yicha eng yaxshi operatorlarini Yaqin Sharq davlatlariga yuboradi».
Prezident, shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish muddati bir oy emas, balki ikki oy yoki ikki hafta ham bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu vaqt ichida ukrain mutaxassislari mintaqada fuqarolarni himoya qilishga ko‘maklashishi mumkin.
Avvalroq Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer London Ukraina ekspertlarini Fors ko‘rfazi davlatlariga yordam berish uchun jalb qilish niyatida ekanini bildirgan.
Ukraina prezidentining strategik masalalar bo‘yicha maslahatchisi Aleksandr Kamishin esa ukrain mutaxassislari «yordam berish va o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor» ekanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 28-fevral kuni AQSh va Isroil Eron hududiga zarba bergan edi. Shundan so‘ng Eron Isroil hamda AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari deb hisoblanadigan davlatlarga qarshi hujumlar boshladi.
Eron dronlari, jumladan, Saudiya Arabistoni, BAA, Omon, Kuvayt, Qatar va Kiprdagi AQSh harbiy bazalariga hujum qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter