Zelenskiy Moskvaga boradimi — Kiyev munosabat bildirdi

Ukraina bosh vazirining o‘rinbosari Aleksey Reznikovga ko‘ra, Vladimir Zelenskiy muzokara o‘tkazish uchun Moskvaga bormaydi. Zelenskiy-Putin muzokaralari «normand formati» doirasida o‘tkazilishi kerak, dedi Reznikov.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 20-aprel kuni o‘z videomurojaatida Putinni Donsbassning urush ketayotgan istalgan nuqtasida qabul qilishga tayyorligini bildirgandi. Bunga javoban Rossiya prezidenti agar Zelenskiy ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishni istasa uni Moskvada qabul qilishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, Putin agarda Zelenskiy Donbass masalasini ko‘tarmoqchi bo‘lsa, avval DXR va LXR rahbarlari bilan uchrashib olishini, keyin Rossiya bilan muzokaralar stoli atrofiga o‘tirishi mumkinligiga ishora qilgandi.
Ukrainaning vaqtinchalik bosib olingan hududlari reintegratsiyasi masalalariga ham mas’ul sanaluvchi Aleksey Reznikovning fikricha, urush ketayotgan paytda «agressor-mamlakat vakili» bilan Moskvada uchrashish — «anchayin g‘alati taklif». Agarda shunday uchrashuv tashkil etilgan taqdirda ham u «normand formati» doirasida, xuddi 2019-yilda bo‘lgani kabi to‘rt mamlakat yetakchilari ishtirokida o‘tkazilishi kerak.
Ukraina bo‘yicha muzokaralarning «normand formati» 2014-yilning iyun oyidan boshlangan. O‘shanda ittifoqchi qo‘shinlar Normandiyaga tushirilishining 70 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari doirasida Germaniya, Fransiya, Rossiya va Ukraina rahbarlari ilk marotaba Donbassdagi vaziyatni o‘nglashni muhokama qilishgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter