Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zokirjon Mashrabov qattiq charchadi, ammo kayfiyati chog‘...

Zokirjon Mashrabov qattiq charchadi, ammo kayfiyati chog‘...

Zokirjon Mashrabov.

Foto: Xabar.uz

Mamlakatimizda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud kuni keng nishonlandi.

Buyuk ajdodimiz tug‘ilgan sana ayniqsa Andijonda alohida ishtiyoq va ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilishi ma’lum. Negaki, Andijon – Bobur hazratlari tavallud topgan tabarruk maskan hisoblanadi. Qolaversa, bu yerda ashaddiy boburparast, fidoyi ma’rifatparvar Zokirjon hoji Mashrabov rahbarligida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi faoliyat yuritadi. Mazkur jamoat fondiga betakror shoir va sarkardaning muborak nomi shunchaki qo‘yilgan emas.

Tashkil etilganiga salkam o‘ttiz yo‘l bo‘libdiki, jamoat fondi nafaqat Bobur Mirzoning ibratli hayoti va hukmdorlik faoliyati, noyob adabiy merosi, ul zot qadami yetgan tabarruk joylarga tashrif buyurish, o‘ta noyob qo‘lyozmalarni o‘rganish, ilmiy ahamiyatga ega kitoblarni keltirish, balki xalqimizning o‘nlab boshqa atoqli shoirlari, olimlari shaxsi bilan bog‘liq qadamjolarni obod qilish borasida beqiyos va ibratli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Foto: Xabar.uz

Fond huzuridagi Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi tomonidan ellikdan ortiq xorijiy mamlakatlarga uyushtirilgan o‘ttizga yaqin safarlar davomida nainki buyuk va adolatli hukmdorning avlodlari, balki Beruniy, ibn Sino, Navoiy, Lutfiy, Mashrab va boshqalar ajdodlarimiz mangu orom topgan manzillari obodonlashtirildi, Andijondagi «Bobur va jahon madaniyati» ekspozitsiyasiga 700 dan ortiq nodir hujjatlar, qo‘lyozmalar keltirildi. Ular asosida fond homiyligida ellikdan ortiq turli janrdagi kitoblar nashr etildi.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida «Boburnoma» (kirill va lotin imlosida, boshqa tillarda o‘nga yaqin nashri), «Bobur ensiklopediyasi» (ikkinchi nashri – uchinchi hamda ingliz va rus tilidagi nashrlari tayyorlanmoqda), «Bobur va Boburiylar bibliografiyasi» kabi salmoqli asarlar chop etildi. Shuningdek, «Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar. Ensiklopedik, ilmiy va ilmiy-ommabop materiallar to‘plami” nomli to‘rt jilddan iborat kitob (Rossiya Fanlar Akademiyasining Turkologiya instituti bilan hamkorlikda), «Bori elg‘a yaxshiliq qilg‘il», «Boburiylardan biri», «Ko‘hinur – Boburning olmosi», «Risolai Boburiyya», «Ta’rixlarda temuriylar siymosi» kabi asarlar ham o‘quvchilar e’tiboriga havola qilindi.

Shu va shu kabi mashaqqatli, ammo juda xayrli ishlarga uyg‘un ravishda fond mutasaddilari yil davomida Bobur Mirzo tavalludi sanasiga izchil taraddud ko‘rib keladi. Tayyorgarlik jarayoni qanday kechishi aytishga yoki yozishgagina oson. Shu bois ayni sana munosabati bilan o‘tadigan mashvaratlar xo‘jako‘rsin uchun tashkil qilinadigan tadbirlarga o‘xshab, ertasigayoq hammaning yodidan ko‘tarilmaydi. Shunday bo‘lishi ham kerak. Chunki Bobur hazratlarining umr yo‘li va qoldirgan ulkan madaniy-ma’rifiy meroslar faqat ma’lum sanalardagina yodga olinadigan tarixning bir parchasi emas.

Foto: Xabar.uz

Bu gal ham shunday bo‘ldi. Bobur hazratlari tavallud topgan sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar Andijon shahridagi «Bobur hiyoboni»dan boshlandi. Erta tongda shoh va shoirga o‘rnatilgan muhtasham haykal poyiga gullar qo‘yildi. Viloyat mutasaddilari, fond rahbariyati, keng jamoatchilik va xorijdan tashrif buyurgan boburshunoslar ishtirok etgan mazkur tadbirda dilbar shoir va jahongirning adabiy merosining jahonshumul ahamiyati haqida so‘z bordi, shoir g‘azallariga bastalangan taronalar yangradi, ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Foto: Xabar.uz

Asosiy tadbir esa «Bog‘i Bobur majmuasi»da o‘tdi. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy anjumanning bu galgisida ham avvaliga amalga oshirilgan ishlar, fondning xalqaro darajadagi faoliyati sarhisob qilindi, shuningdek, yaqin kelajakdagi rejalar xususida axborot berildi. So‘ng mahalliy va xorijiy boburshunos olimlarning ilmiy ma’ruzalari tinglandi. Hindiston, Eron, Afg‘oniston, AQSh va qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar bilan o‘zaro ilmiy hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi. Buyuk ajdodimiz adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishda katta zahmat chekkan olim, adib, san’atkorlar Bobur nomidagi xalqaro mukofot, shuningdek, fondning Faxriy Yorlig‘i hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan siylandi.

Foto: Xabar.uz

...Muxtasar xabarga bugun o‘tgan tadbirlarning «bor bo‘yi basti»ni sig‘dirish qiyin, albatta. Yuzga yaqin mahalliy, uzoq va yaqin xorijdan kelgan mehmonlarni kutish va kuzatishning o‘zi uncha-muncha jamoa a’zolari tinkasini quritadi. Shu jarayonda katta ilmi-amaliy anjuman ham o‘tkazilishini tasavvur qilavering!

Xullas, bugun kechga borib mezbonlar yelkasidan tog‘ ag‘darildi. Muhimi, rejadagi tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tdi.

Charchoq? Albatta, bor: charchamaslikning iloji yo‘q. Biroq fond rahbari Zokirjon Mashrabovning kayfiyati chog‘. Fond xodimlarining aytishicha, har yilning 15 fevral sanasida Bobur Mirzo yana bir yoshga ulg‘ayadi, ammo shu sanani munosib o‘tkazish jarayonida fond rahbari kamida bir yoshga yosharar ekan...

Bu gap biroz erish tuyulishi mumkin, illo unda mubolag‘a yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring