Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zangezur yo‘lagi: Turkiy davlatlar tashkiloti bu «yo‘lak» bo‘yicha o‘z pozitsiyasiga ega – ekspert

Zangezur yo‘lagi: Turkiy davlatlar tashkiloti bu «yo‘lak» bo‘yicha o‘z pozitsiyasiga ega – ekspert

10-11-noyabr kunlari Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning birinchi sammiti bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur sammitda o‘tgan yili Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan «Turkiy dunyo nigohi – 2040» istiqbolli dasturiy hujjatida o‘z aksini topgan – a’zo davlatlar o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham muhokama qilinadi.

Bu borada esa ayni vaqtda qurilishi ketayotgan «Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» transport yo‘lagi hamda umidli deb qaralayotgan Sharqiy Zangezur va Naxichevan Muxtor Respublikasini bog‘laydigan Zangezur yo‘lagi muhim ahamiyat kasb etadi.

Xo‘sh, transport-logistika masalasida, ayni paytda savol ostida turgan Zangezur yo‘lagi hamda «Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» transport yo‘lagi masalasida Turkiy davlatlar tashkiloti qanday pozitsiyada? Bu o‘z-o‘zidan uchinchi davlatlar bilan aloqalar o‘rnatish orqali hal etiladigan masala bo‘lgani hisobidan, tashkilot bu borada qanday amaliy choralarni ko‘zlayapti yoki ko‘zlashi kerak?

Xabar.uz muxbiri mazkur savollarga javob olish uchun O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi raisi, iqtisodchi Muxtor Umarov bilan suhbatlashdi.

Muxtor Umarov, jumladan, Naxichevan Muxtor Respublikasi va Ozarbayjonning g‘arbiy viloyatlari o‘rtasidagi Zangezur yo‘lagi nafaqat hududning, balki butun mintaqaning muhim transport yo‘lagi bo‘la olishini urg‘ulab, uning TDTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo aloqalariga ta’siri xususida to‘xtaldi.

– Turkiy davlatlar tashkiloti ko‘p tomonlama transport yo‘laklarining integratsiyasidan manfaatdor. Xususan, «Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» transport yo‘lagini ham faollashtirish va to‘liq ishga tushirishdan ham manfaat topadi. Ya’ni mintaqada «savdo ko‘priklari»ni yaratishda bu kabi yo‘laklarning o‘rni nihoyatda muhim hisoblanadi. Tarixan ham turkiy millatlarni o‘zaro bog‘lovchi savdo yo‘laklari mavjud bo‘lgan.

Afg‘onistonda esa hozirgi kunda deyarli 10 millionga yaqin turkiy millatlar vakillari – o‘zbeklar, turkmanlar va qirg‘izlar yashaydilar. Bu tomondan ham, Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishi ma’nosida ham ushbu yo‘lakning ahamiyati katta.

Zangezur yo‘lagi esa geosiyosiy, geoiqtisodiy masala sifatida qaralganda turkiy davlatlarni bir-birlari bilan bog‘lashda o‘ta muhim loyihadir. Bizni Turkiya va Ozarbayjon bilan, shuningdek, ular orqali Yevropa bilan bog‘lovchi transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish o‘zining mintaqadagi funksional vazifalaridan kelib chiqib ham nihoyatda muhimdir.

Ushbu loyihaning ishga tushishini qadimgi Buyuk ipak yo‘lining qayta ochilishi deyish ham mumkin.

Albatta, bu loyiha tashkilotning muhim strategik yo‘nalishlaridan biri. Ayni vaqtda bu loyihaning, geosiyosat nuqtai nazaridan, bir tomon uchun umidli, biroq yechilmay turgan masala ekanligi e’tiboridan, yechimni TDT berishga intilishi va bu bilan mintaqadagi o‘z pozitsiyasini mustahkamlashga harakat qilishi turgan gap. Haqiqatda bu masalaning hal etilishi xalqaro maydonda tashkilot obro‘siga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladigan omil hisoblanadi. Ya’ni, Tog‘li Qorabog‘dagi tinchlik va bu hududlarni Ozarbayjon hududi ekanligini rasmiylashtirish turkiy tilli davlatlar uchun muhim sanaladi. Bu uchun esa Turkiy davlatlar tashkiloti bor imkoniyatlarini, ya’ni bu ma’noda AQSh bilan bo‘ladimi, Rossiya bilan bo‘ladimi, Armaniston yoki Xitoy bilan bo‘ladimi – barcha geosiyosiy instrumentlarini ishga solgan holda ushbu savdo yo‘lagini qo‘llab-quvvatlashda o‘zining pozitsiyasida mustahkam turadi, albatta, – deydi iqtisodchi.

Ma’lumot uchun, Zangezur transport yo‘lagi Ozarbayjon loyihasi bo‘lib, undan Rossiya, Eron, Turkiya va boshqa qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston ham manfaatdor. Yangi yo‘lak Ozarbayjonning asosiy qismini Naxchivan bilan, Rossiyani esa Ozarbayjon va Armaniston orqali Turkiya bilan bog‘lashi kutilmoqda. Shuningdek, u Osiyodan Yevropaga eng qisqa quruqlik yo‘li hisoblanib, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi transport aloqalarini Yevropaga yo‘naltirishni ta’minlaydi.

Zangezur yo‘lagining ochilishi uchun esa Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanishi, shuningdek, chegaralar belgilanishi zarur.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring