Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

EIda katta siyosiy tadbir. Asosiy savollarga javob

EIda katta siyosiy tadbir. Asosiy savollarga javob

Joriy yil 6-9-iyun kunlari Yevropa Ittifoqida muhim siyosiy tadbir – parlament saylovi bo‘lib o‘tmoqda. YeIga a’zo 27 davlatning qariyb 373 million fuqarolari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan 720 nafar deputatni saylaydi.

Dunyo geosiyosatida keskinlik ortgan, xavfsizlik, mudofaa, iqlim o‘zgarishi, migratsiya kabi muammolar kun tartibiga chiqqan bir paytda bu tahlilchilar tomonidan YeI uchun taqdirilamul saylov deb baholanmoqda.

2019-yil may oyida bo‘lib o‘tgan saylovda ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning 50 foizi ishtirok etgan bo‘lsa, bu gal “davomat” yuqori bo‘lishi, elektoratning 60 foizi ovoz berish huquqidan foydalanishi kutilmoqda.

Yevropa parlamenti Yevropa Kengashi kabi YeIning qonun chiqaruvchi idorasi sanaladi. Parlament va Kengash faoliyati ikki palatali parlament faoliyatini yodga soladi.

Yevroparlament 1957-yilda tashkil etilgan. U paytda qonunchilik idorasi Yevropa hamjamiyatlari assambleyasi deb atalgan. Dastlab Yevroparlament a’zolari a’zo davlatlar qonunchilik idoralari tomonidan tayinlangan. 1971-yildan e’tiboran Yevroparlament a’zolari aholi tomonidan saylanadi. Uning yig‘in va majlislari  Strasburg va Bryussel shaharlarida o‘tkaziladi.

Yevropa parlamenti tomonidan maxsus tashkil etilgan saytda saylovga doir muhim savollarga javob berilgan. Quyida ushbu ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.

Har besh yilda o‘tadigan saylovda YeI davlatlari fuqarolari parlamentda o‘z manfaatlarini himoya qiladigan vakillar uchun ovoz beradi. Bu gal yevropaliklar o‘tgan galgidan 15 ta ko‘p – jami 720 nafar deputatni saylaydi. Qoidaga ko‘ra, deputatlar soni har bir saylov arafasida aniqlanadi, ammo ularning umumiy miqdori 750 nafardan oshib ketmasligi kerak.

Deputatlik kreslosi a’zo davlatlar o‘rtasida quyidagicha taqsimlanadi: Germaniya – 96, Fransiya – 81, Italiya – 76, Ispaniya – 61, Polsha – 53, Ruminiya – 33, Niderlandiya – 31, Belgiya – 22, Gretsiya – 21, Chexiya – 21, Shvetsiya – 21, Portugaliya – 21, Vengriya – 21, Avstriya – 20, Bolgariya – 17, Daniya – 15, Finlyandiya – 15, Slovakiya – 15, Irlandiya – 14, Xorvatiya – 12, Litva – 11, Sloveniya – 9, Latviya – 9, Estoniya – 7, Kipr – 6, Lyuksemburg – 6, Malta – 6.

YeI hukumatlari vakillari bilan birgalikda parlament a’zolari iqtisodiyotdan iqlim o‘zgarishi masalalariga qadar – 27 davlat fuqarolari hayotiga daxldor qonunlarni yaratish va qabul qilishga mas’uldir. Parlament inson  huquqlariga hurmat, erkinlik, demokratiya, tenglik va qonun ustuvorligi kabi umumevropa qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va himoya qiladi.

Qonunchilik idorasi, shuningdek, YeI budjetini tasdiqlaydi va uning sarfini nazorat qiladi, Yevropa komissiya rahbari va komissiya a’zolarini saylaydi.

YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel saylov munosabati  bilan yo‘llagan murojaatida elektoratni ovoz berish huquqidan foydalanishga chaqirgan.

Dunyodagi eng yirik siyosiy jarayon sanalgan saylovga tashqi kuchlar tomonidan ta’sir ko‘rsatish, dezinformatsiya, axborot manipulyasiyasi orqali elektoratni chalg‘itishga urinishlar mavjud. Qayd etilishicha, YeIning vakolatli idoralari saylov ochiq, shaffof va demokratik qadriyatlarga muvofiq o‘tishi uchun dezinformatsiya, axborot manipulyasiyasi va feyklarga  qarshi kurashish uchun izchil chora-tadbirlar ko‘rgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring