43 avto, 172 do‘kon, 14 uy — «sotqin zamhokim»ning noqonuniy mulklari
2018-2020 yillarda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Akram Rahmonqulovga tegishli 12 mlrd so‘m (1 mln. dollar), Jizzax shahridagi «Eski shahar» buyum bozorida qurilgan 172 ta savdo do‘koni, ko‘p qavatli uylarda 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina, 37 ta boshqa ko‘chmas mulklar borligi aniqlangandi.
Kecha A.Rahmonqulov va uning jinoiy sheriklariga nisbatan sud hukmi e’lon qilingandi. 27 kishi jinoiy sherik sifatida ishga jalb qilingan va ularning orasida 4 nafari Rahmonqulovning aka-ukalari (Akbar, Alisher, Abror, Adham), bir nafari esa o‘g‘lidir (Sh.Badriddinov).
Rahmonqulovga nisbatan ish shu yilning yanvar oyida boshlangandi. O‘shanda unga tegishli firma qurgan ko‘p qavatli bino qulab tushgandi. Oqibatda sobiq «zamhokim» ishdan olinib, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa uni «sotqin» deb atagandi.
Eslatib o‘tamiz, Akram Rahmonqulov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari, 184-moddasi 3-qismi, 189-moddasi 1-qismi, 205-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari, 207-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdorida ya’ni, 111 500 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter