Elchi Rozenblyum AQShning O‘zbekistonga nisbatan siyosati mohiyatiga oydinlik kiritdi
AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum rasmiy Vashingtonning Toshkentga nisbatan olib borayotgan siyosati asosini nima tashkil etishiga aniqlik kiritdi. AQSh mustaqilligining 246 yilligi munosabati bilan Toshkentda tashkil etilgan marosimda nutq so‘zlagan diplomat bugun davlatlarning suverenitetini asrash hayot-mamot masalasi ekanini ham ta’kidladi. Tadbirda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.
«O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash AQShning 1991 yildan buyon O‘zbekistonga nisbatan olib borayotgan siyosatining asosini tashkil etadi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga 30 yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu qarash bugungi kunda ham siyosatimizning asosi bo‘lib qolmoqda. Chinakam milliy mustaqillik uchun haqiqiy suverenitet bo‘lishi kerak. Bu degani mamlakat o‘zi qaror qabul qila olishi, jamiyat va iqtisodiyotni qanday tashkil qilishni o‘zi hal qilish kerak degani», – dedi elchi D.Rozenblyum.
Qayd etilishicha, AQSh xalqi o‘tgan 246 yillik mustaqil davlatchiligi davomida ikki muhim saboq chiqardi: birinchidan, mustaqillik va suverenitet bebahodir va ularni hech qachon o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan deb qabul qilmaslik kerak; ikkinchidan, mustaqillikning o‘zi yetarli emas – erkinlik va raiyat roziligiga asoslangan yaxshi hukumat bo‘lmasa, millat ravnaq topmaydi.
AQSh diplomati suveren mamlakat qanday mezonlarga javob berishi kerakligini ham sharhlab o‘tdi.
«Suveren mamlakat tashqaridan bosim va po‘pisaga qaramay, boshqa davlatlar bilan qanday munosabat o‘rnatishni o‘zi hal qiladi. Aminmanki, o‘zbekistonliklar va amerikaliklarning aksariyati aynan shunday fikrda. O‘z milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda, qaysi ittifoqlar yoki uyushmalar tuzishni biz o‘zimiz hal qilamiz», – dedi u.
Ukrainadagi urush dunyo hamjamiyatini xavotir va tashvishga solayotgani sir emas. AQSh elchisi o‘z nutqida so‘nggi to‘rt oy davomida ro‘y berayotgan hodisalar ham aynan suverenitet tamoyilining buzilishi ekanini qayd etdi.
«O‘tgan to‘rt oy ichida sodir bo‘lgan voqealar shuni yaqqol ko‘rsatdiki, suverenitetning buzilishi aholi orasida dahshatli talafotlar keltiradi, suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik xalqaro munosabatlarning himoya qilinishi lozim bo‘lgan tamoyillaridir», – deb ta’kidladi diplomat.
Eslatib o‘tamiz, AQSh elchixonasi 9 may – Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba sanasi munosabati bilan bergan bayonotida bir davlat o‘z qo‘shnisini bo‘ysundirib, uning hududini kuch bilan bosib olishga urinayotgani, ammo bashariyatning bu tariqa qorong‘i va xatarli o‘tmishga qaytishiga sira yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ta’kidlangan edi.
Elchi D.Rozenblyum o‘z nutqida mazkur fikrning mantiqiy-uzviy davomi sifatida harbiy jihatdan qudratli davlatlar o‘z xohish-istagini boshqa xalqlarga zo‘rlab o‘tkazishi, dunyoning o‘rmon qonunlariga qaytishi g‘oyat xatarli holat ekanini uqtirdi. Ta’kidlanishicha, hozirgi beqaror pallada mamlakatlarning ezgulik yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi muhimdir.
«Amerika davlatchiligining donishmand otalaridan biri va mamlakatimizning birinchi diplomati Benjamin Franklin 1776 yil 4 iyulda Mustaqillik deklaratsiyasini imzolayotganida imzo chekuvchi boshqa hamfikrlariga qarata aytganidek, «Biz hammamiz bir yoqadan bosh chiqarmasak, boshlarimizga birma-bir sirtmoq solinadi», – deya atoqli mutafakkirdan iqtibos keltirdi D.Rozenblyum.
Bu yil O‘zbekiston hamda AQSh o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi.
Ushbu yirik sanani yodga olgan diplomat ikki mamlakat hamkorligi yana uzoq yillar ijobiy o‘zanda davom etishiga ishonch izhor etdi.
«O‘zbekiston va AQSh mustaqillikning o‘zi yetarli emasligi, balki erkinlik va yaxshi hukumat ham kerakligini doimo yodda tutsinlar. Ikki davlatimiz barcha fuqarolarimizning vijdon erkinligi, so‘z erkinligi va uyushma tuzish erkinligi kabi tamal va umumbashar huquqlarini hurmat qilishga intilsinlar», – deya tilak bildirdi AQSh elchisi.
Avvalroq AQSh elchisi O‘zbekistonning Ukrainadagi urush bo‘yicha pozitsiyasini baholab, Vashington bu pozitsiyani hurmat qilishini qayd etgan edi. Diplomat o‘shanda ham AQSh suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik kabi prinsiplarni ayricha qadrlashini ta’kidlab, ularni «dunyo barqarorligi uchun o‘ta muhim xalqaro prinsiplar» deb atagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter