Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston–Qozog‘iston: chegara hududlarda savdo zonalari tashkil etilishi kutilmoqda

O‘zbekiston–Qozog‘iston: chegara hududlarda savdo zonalari tashkil etilishi kutilmoqda

Elchi B.Atamqulov va palata raisi D.Vahobov.

O‘zbekiston va Qozog‘iston  chegarasiga yaqin hududlarda savdo zonalari tashkil etiladi. Ikki davlat fuqarolari uchun kirdi-chiqdi muhrlarini olmay ushbu zonalarda savdo aloqalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkentda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov hamda Qozog‘istonning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov uchrashuvida so‘z borgan.

Palata raisi D.Vahobov ikki davlat biznes vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilayotganiga e’tibor qaratgan.

Elchi B.Atamqulov O‘zbekiston–Qozog‘iston Savdo-sanoat palatasi tashkil etish taklifini bergan.

Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, tadbirkorlar va investorlar uchun zarur axborot manbaiga aylanuvchi biznes maydonchasini yaratish, shuningdek, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.

Qozog‘iston elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yil fevral va aprel oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan hukumatlararo komissiya va ikki davlat ishbilarmonlar kengashining V yig‘ilishida kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishga kelishilgan.

Qozog‘iston O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy sohadagi muhim sheriklaridan biri sanaladi. Qo‘shni davlat bilan tabiiy gaz, mashinasozlik, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash kabi sohalarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 1184 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2022 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 30 foizga oshib, 5 milliard dollarga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 3 fevral kuni Qozog‘iston va O‘zbekiston bosh vazirlari Alixon Smailov va Abdulla Aripov Almatida uchrashib, o‘zaro robitalarning buguni va ertasi, jumladan, tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish istiqbolini muhokama qilgan.

Avval xabar berganimizdek, Beybut Atamqulov 2022 yil 31 oktyabr kuni prezident Q.To‘qayevning farmoni bilan Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan.

Bunga qadar u Malayziya, Indoneziya, Bruney va Filippinda elchi, Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimi, mudofaa va aerokosmik sanoat vaziri, tashqi ishlar vaziri, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring