Prezident Shavkat Mirziyoyev BAA yetakchisi bilan suhbatlashdi
4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat tobora keskinlashib, nizo va ziddiyatlar avj olayotgani qattiq tashvishga solayotganini qayd etdi.
Muqaddas Ramazon oyida ro‘y berayotgan bunday noxush holatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi hamda tinchlik-osoyishtalikka tahdid solayotgan har qanday harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu murakkab damlarda O‘zbekistonning strategik sherigi va yaqin hamkori bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari Rahbariyati va xalqi bilan birdam va yakdil ekanini bildirdi.
Hozirda ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak, ularni Vataniga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan choralar uchun alohida tashakkur izhor etdi.
O‘z navbatida Amirliklar yetakchisi ushbu sinovli damlarda O‘zbekiston Prezidentining samimiy qo‘llab-quvvatlagani, ko‘rsatayotgan birodarlik hurmati va hamjihatlik ruhi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter