Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi

BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalari, shu jumladan BMT Bosh Assambleyasining bo‘lajak 80-yubiley sessiyasini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, Antoniu Guterrishning o‘tgan yil iyul oyidagi mamlakatimizga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda 160 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

So‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyusiyasi qabul qilindi.

Joriy yilda Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YuNISEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda "BMT-Ayollar" tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.

Davlat xizmati masalalari bo‘yicha forum birgalikda o‘tkazildi. Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Mamlakatimiz Global barqaror rivojlanish maqsadlari indeksi bo‘yicha eng ilg‘or beshta davlat qatoriga kirdi. BRMga erishish nuqtai nazaridan BMT bilan hamkorlik bo‘yicha yangi besh yillik dastur imzolanishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyoda integratsiyani chuqurlashtirish, Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma dastur va loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladilar.

Ma’lumot uchun, dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro savdoda ishtirok etish, transportdan foydalanish va iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bunday davlatlar qatoriga 32 mamlakat, jumladan, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Boliviya, Tojikiston, Turkmaniston, Moldova, Chad va boshqalar kiradi.

O‘zbekiston ana shunday davlatlardan biridir. Mamlakatimiz eng yaqin dengizga chiqish uchun kamida ikkita davlat hududini kesib o‘tishi kerak.

Bularning barchasi transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish zarurligini taqozo etmoqda.

Shu munosabat bilan BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha Uchinchi konferensiyasi dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida muhim sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ochadi. Birinchi konferensiya Olmaotada (2009), ikkinchisi Venada (2014) bo‘lib o‘tdi.

Manba: president.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring