Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna böliş ×

Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli 50 musulmoni qatoriga kiritildi

Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli 50 musulmoni qatoriga kiritildi

Iordaniyadagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi (RISSC) tomonidan tayyorlangan «The Muslim 500: The World’s 500 Most Influential Muslims» nashrining 2027 yilgi soni e’lon qilindi.

Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli 50 musulmoni reytingida 40-o‘ringa joylashtirilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, davlat rahbari 2024, 2025 va 2026-yillarda eng nufuzli 450 shaxs ro‘yxatiga kiritilgan, biroq birinchi 50 talikdan o‘rin olmagan.

Nashrda Mirziyoyevning 2016-yildan buyon O‘zbekistonga rahbarlik qilib kelayotgani va «Yangi O‘zbekiston» islohotlar dasturini amalga oshirayotgani qayd etilgan.

Xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish, valyuta sohasidagi islohotlar, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro savdoni kengaytirish va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish borasidagi ishlar tilga olingan. Paxtachilikda tizimli majburiy mehnatga barham berilgani ham muhim natijalardan biri sifatida ko‘rsatilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini yaxshilash, mintaqaviy savdo va hamkorlikni mustahkamlashdagi tashabbuslariga e’tibor qaratilgan.

Nashr mualliflari Mirziyoyevning islomiy merosni asrab-avaylash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish borasidagi faoliyatini ham alohida qayd etgan. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazlar, tarixiy ziyoratgohlarni tiklash hamda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan bog‘liq ishlar e’tirof etilgan.

Bundan tashqari, madaniy yodgorliklar, muzeylar va ta’lim muassasalariga yo‘naltirilgan investitsiyalar O‘zbekistonning islom ilm-fani va sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatidagi xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, «The Muslim 500» reytingi musulmon dunyosiga siyosiy, diniy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslarni qamrab oladi. Reytingning birinchi 50 taligi o‘rinlar bo‘yicha saralanadi, qolgan 450 nafar shaxs esa sohalar bo‘yicha, alohida o‘rinlar berilmasdan ro‘yxatga kiritiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting

Kiriş

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring