Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangilangan Konstitutsiyada O‘zbekiston dunyoviy davlat ekanligi qat’iy belgilab qo‘yildi

Yangilangan Konstitutsiyada O‘zbekiston dunyoviy davlat ekanligi qat’iy belgilab qo‘yildi

Dunyoviy davlatda millati, tili, e’tiqodidan qat’i nazar, barcha fuqarolar teng va ular uchun bir xil sharoit yaratiladi. Din, diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan hamda davlat hokimiyatidan ajratilgan bo‘ladi. Davlat boshqaruvi diniy qoidalar bilan emas, balki Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan, qarorlar qabul qilishda diniy asoslar bosh mezon hisoblanmaydi.

Dunyoviy davlatda barcha din vakillari qonun oldida teng bo‘ladi. Bu tamoyil davlatni diniy qarashlardan ajratishni nazarda tutadi, ya’ni, dunyoviy davlatda din davlatdan va siyosatdan ajratilsa-da, jamiyatdan ajratilmaydi.

Dunyoviy davlatda davlat diniy masalalarda rasman betaraf bo‘ladi yoki diniy masalalarga aralashishdan o‘zini tiyadi. Dunyoviy davlat o‘z fuqarolariga dinidan qat’i nazar, teng munosabatni ta’minlaydi va insonlarga ularning diniy e’tiqodi, mansubligiga ko‘ra hech qanday imtiyoz bermaydi.

Boshqacha aytganda, dunyoviy davlatda dinni siyosiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi, biroq ayni paytda diniy tashkilotlar va konfessiyalarning rivojlanishiga ko‘mak ko‘rsatiladi, ularning ichki ishlariga aralashilmaydi, dindorlarga diniy ehtiyojlarini qondirishlariga to‘sqinlik qilinmaydi.

Dunyoviy davlatning muhim xususiyatlaridan biri turli din vakillarining bag‘rikenglik va tinch-totuvlikda yashashidir. Jamiyatda turli tuman din va madaniyatlar vakillari mavjud bo‘lgan holda, davlat boshqaruvi va siyosati albatta bir mafkuraga yoki diniy qarashga asoslana olmaydi. Bunday sharoitda eng adolatli va to‘g‘ri yo‘l dunyoviy davlat bo‘lib, ushbu prinsip barcha dinlar hamda turli qarashlarni teng hurmat qilish, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligini ta’minlaydi.

O‘zbekistonda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2337 ta diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Turli diniy e’tiqodga mansub aholiga ega davlatda e’tiqod erkinligining kafolatlanishi siyosiy va huquqiy ahamiyat bilan birga ijtimoiy ahamiyatga ega.

Shu bois, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilishi yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmasligi huquqiga egaligi, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan bo‘lib, shaxsning diniy e’tiqodi bo‘yicha unga qo‘shimcha huquq yoki majburiyatlar yuklanmaydi.

Dunyoviy davlat tamoyili dunyoga va dunyoviy islohotlarga yo‘l ochadi.

Ma’rifatparvar jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’kidlaganidek, “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur”.

Dunyoviylik ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot ehtiyojlariga hamohang bo‘lib, modernizatsiya jarayonlarini harakatlantiruvchi kuchdir. U jamiyat ilmiy salohiyatining uzluksiz oshib borishi, texnologik taraqqiyotning davomiyligi, iqtisodiy hayotning ratsionallashuvi, madaniyatning yuksalib borishi kabi muhim jarayonlar bilan uyg‘un ravishda takomillashib boradi.

Dunyoviylik demokratiyaning muhim sharti bo‘lib, erkinlikni va uning muhim qismi bo‘lgan diniy erkinlikni, jamiyatda boshqacha fikrlaydigan, diniy qarashlari o‘zaro mos kelmagan insonlarga nisbatan bag‘rikenglikni nazarda tutadi.

Boshqacha qilib aytganda, odamlar o‘zlarining vijdon va din masalalarida erkin bo‘lishini istashsa, boshqacha qarashlar ham borligini va ularning ham haq-huquqlari borligini tan olishlari va ularning tanloviga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari talab qilinadi.

Dunyoviylik ateizm, dinsizlik yoki dahriylik degani emas. Dunyoviylik tushunchasini diniylik bilan mutlaq qarama-qarshi qo‘yish to‘g‘ri emas. Ular dunyo va inson hayotining mohiyatiga turlicha qarash usullaridir. Dunyoviylik tushunchasida diniy tashkilotlarni siyosiy tashkilotlardan ajratish va diniylikni barcha uchun asos qilib olmaslik tamoyili turadi.

Dunyoviy taraqqiyot yo‘lini tutgan davlatlarda garchi din davlatdan ajratilgan bo‘lsa-da, jamiyatdan ajratilmaydi, diniy tashkilotlarning o‘z faoliyatlarini amalga oshirish hamda mamlakat va jamiyat hayotida faol ishtirok etishlari uchun barcha shart-sharoit yaratib beriladi.

Xususan, o‘tgan qisqa davrda Toshkentda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Termizda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi hamda Kalom va Hadis, Buxoroda Tasavvuf, Qashqadaryoda Aqida, Farg‘onada Fiqh ilmiy maktablari tashkil etildi.

Birinchi marta vertikal diniy ta’lim tizimi yaratilib, islom fanlari bo‘yicha falsafa doktori hamda fan doktori ilmiy darajalarini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktorantura va doktorantura yo‘nalishlari joriy etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Haj va Umra ziyoratiga belgilangan kvotalar bir necha karraga oshirildi. Boshqa diniy konfessiyalarga oid diniy tashkilotlar soni ham sezilarli oshdi.

O‘zbekiston xalqining 2023 yil 30 aprelda referendumdagi tarixiy qarori bilan mamlakatimiz o‘zining taraqqiyot yo‘lini –dunyoviy demokratik yo‘lni tanladi. Yangilangan Konstitutsiyada dunyoviy davlat prinsipining belgilab qo‘yilganligi – dunyoviy taraqqiyot, turli din va mazhablar o‘rtasidagi bag‘rikenglikka asoslangan o‘zaro tushunib yashash turmush tarzi, diniy birlashmalarga mustaqil va erkin faoliyat, din va e’tiqod erkinligi, tenglik, ijtimoiy tinchlik va barqarorligimizni asrab-avaylash uchun muhim huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring