Behruz Karimov faoliyatini Shveysariyada davom ettiradi
O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Behruz Karimov yaqin kunlarda Shveysariyaning «Lugano» klubi bilan shartnoma imzolaydi. Bu haqda Championat.asia xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yaqin kunlarda barcha hujjat ishlari yakunlanib, futbolchi «Lugano» ixtiyoriga borib qo‘shilishi kutilmoqda.
«Lugano» Shveysariya futbolining eng o‘ziga xos va tarixiy klublaridan biri hisoblanadi. Klub 1908 yilda tashkil etilgan. 2000 yillar boshida moliyaviy inqiroz va bankrotlikni boshdan kechirib, quyi ligalarga tushib ketgan. Keyinchalik qayta tiklanib, 2015 yilda Superligaga qaytgan va shundan buyon Yevropa ligasi hamda Konferensiyalar ligasining doimiy ishtirokchilaridan biriga aylangan.
O‘tgan mavsumda «Lugano» Shveysariya chempionatida «Bazel» va «Yang Boyz» kabi kuchli raqiblarni ortda qoldirib, 3-o‘rinni egalladi. Shu tariqa jamoa Konferensiyalar ligasi saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ayni paytda jamoani 44 yoshli shveysariyalik mutaxassis Mattia Krochi-Torti boshqarmoqda.
Klub yutuqlari:
- Shveysariya chempioni — 3 marta (1937/38, 1940/41, 1948/49);
- Shveysariya kubogi sohibi — 4 marta (1931, 1968, 1993, 2022).
2021 yilda klubni amerikalik milliarder Jo Mansueto (AQShning «Chikago Fayr» klubi egasi) sotib olgan.
Jamoa o‘z uy uchrashuvlarini «Stadio Kornaredo» stadionida o‘tkazadi. Mazkur stadionda 1954 yilgi Jahon chempionati uchrashuvlari ham bo‘lib o‘tgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter