Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilhom Aliyev Bokudagi maxfiy muzokara haqida gapirdi

Ilhom Aliyev Bokudagi maxfiy muzokara haqida gapirdi

Foto: President.az

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida Germaniya va Rossiya vakillari maxfiy uchrashuv o‘tkazgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi.

Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan birgalikda Berlin shahrida matbuot anjumani o‘tkazgan I.Aliyev ko‘plab masalalar qatorida Bokudagi yashirin muzokara masalasiga ham oydinlik kiritgan.

Aliyevga ko‘ra, Ozarbayjon hukumati ehtimoliy muzokara haqida The Times nashrida chop etilgan maqola orqali xabar topgan.

Berlinga uchish arafasida I.Aliyev Ozarbayjon davlat chegara xizmatidan hisobot so‘ragan. Tekshiruvlar kansler Angela Merkel ma’muriyatining sobiq boshlig‘i Ronald Pofalla va Brandenburg federal yerining sobiq bosh vaziri Mattias Platsek 12-iyul kuni Boku shahrida bo‘lganini tasdiqladi. Ayni shu kuni Moskvadan Ozarbayjon poytaxtiga Rossiya sobiq bosh vaziri Viktor Zubkov va Rossiya prezidenti huzuridagi fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish kengashi raisi Valeriy Fadeyev ham uchib kelgan.

“Na Germaniya, na Rossiya bizni bu uchrashuvdan xabardor qildi. Boshqacha aytganda, bizning hududimizdan bizning ijozatimizsiz foydalanilgan”, – deb bayonot berdi Aliyev.

Ayni choqda, Ozarbayjon rahbari ushbu uchrashuv Rossiya va Ukraina urushi barham topishiga xizmat qilsa, rasmiy Boku bundan faqat mamnun bo‘lishini aytgan. Aliyev urush imkon qadar tez muddatda tugatilishi va mintaqada tinchlik hukm surishi lozimligini urg‘ulagan.

Germaniya federal kansleri Fridrix Mers jurnalistlarning bu haqdagi savoliga javob berar ekan, maxfiy uchrashuvdan bexabar ekanini ma’lum qilgan.

Mers so‘nggi oylar mobaynida Germaniya Yevropadagi boshqa ittifoqchilar bilan birgalikda Rossiya prezidenti Vladimir Putinni muzokaralarga majburlashga harakat qilayotgani, ammo Putin bunga hozircha qiziqish bildirmayotganini aytgan. Bokudagi uchrashuv esa Germaniya hukumatining rasmiy siyosatiga aloqador emasligi uqtirilgan. 

Bokudagi maxfiy uchrashuv haqida 16-iyul kuni G‘arb matbuoti xabar bergan edi. Jurnalistlar surishtiruvlarga tayanib, rus va nemis tomoni Ukraina urushi borasida muzokara o‘tkazgani haqidagi taxminni ilgari surgan edi.

Avval xabar berganimizdek, Putin Yevropa Ittifoqidan muzokarachi sifatida nemis siyosatchisi Gerhard Shryoderni yuborish shartini qo‘ygan edi.

Putinning do‘sti sifatida tanilgan va kremlparastligi bilan tilga tushgan Shryoderning muzokarachi sifatida tanlangani Yevropa yetakchilari, jumladan, kansler Mers tomonidan noxush qarshilandi.

O‘tgan oyda esa Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinga ochiq xat yo‘llab, urushni to‘xtatish uchun shaxsan uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi.

Ushbu taklifga munosabat bildirgan Putin hozircha Zelenskiy bilan uchrashishda ma’no ko‘rmayotganini ta’kidlagan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring