Jahon chempionatida mojaro: Fransiya U-17 terma jamoasi diskvalifikatsiyadan qutilib qolishi ehtimoli yuqori
Fransiya o‘smirlar terma jamoasi Indoneziyada bo‘lib o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati chorakfinaliga yo‘llanma olgan bo‘lsa-da, turnirdan diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.
Gap shundaki, fransuzlar hujumchisi Yannis Issufu U-17 jahon chempionatining Afrika qit’asi miqyosidagi saralash bahsi doirasida Niger o‘smirlar jamoasi safida maydonga tushgani aniqlandi. FIFA qoidalariga ko‘ra, futbolchining bir turnirda ikki jamoa safida o‘ynashi qat’iyan man etilgan. Bu esa Fransiya o‘smirlar jamoasining turnirdan diskvalifikatsiya qilinishiga olib kelishi mumkin.
Sport News Africa nashri Fransiya futbol federatsiyasi «Monpele» klubi hujumchisi sanalmish Yannisning Niger o‘smirlar jamoasi safida musobaqaning saralash bosqichida maydonga tushganidan xabari bo‘lmagani haqida yozgan. Tabiiyki, sportchining terma jamoasini o‘zgartirgani haqida FIFA ogohlantirilmagan.
L’Equipe xabariga ko‘ra, Fransiya o‘smirlar jamoasi bosh murabbiy Jan-Lyuk Vannuki aynan diskvalifikatsiya ehtimoli tufayli Yannis Issufuni Senegalga qarshi nimchorakfinal o‘yini oldi tarkibdan chiqargan.
Qayd etilishicha, Fransiyaning guruhidan keyingi bosqichga chiqa olmagan Burkina-Faso jamoasi apellyasiya berishi mumkin. Issufu fransuzlar safida guruh bosqichidagi 3 o‘yinda ham maydonga tushgan, shu jumladan Burkina-Fasoga qarshi bahsda (3:0) ham.
Yannis Niger o‘smirlar jamoasi safida 2022-yil Kot-d’Ivuar va Beninga qarshi saralash o‘yinida maydonga tushib, bitta golga mualliflik qilgan, Beninga qarshi esa jamoasining eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan.
FIFA fransuz nashri so‘roviga javoban ayni paytda ushbu masala o‘rganilayotgani, hozircha bundan boshqa izoh berilmasligini bildirgan. Lekin nashr o‘z manbalariga tayangan holda xalqaro futbol tashkiloti ish diskvalifikatsiyagacha bormasligi xususida Fransiya terma jamoasi mutasaddilarini tinchlantirgani haqida yozgan. Nashrga ko‘ra, Burkina-Faso chindan ham apellyasiya bergan, ammo bu reglamentda belgilangan muddatdan keyin sodir bo‘lgani aytilmoqda. Shu sababli ushbu vaziyatda fransuzlar oddiygina tushuntirish berish orqali mojaroli vaziyatdan oson chiqishlari ehtimoli yuqori.
Ma’lumot uchun, Fransiya o‘smirlar jamoasi chorakfinalda O‘zbekistonga qarshi maydonga tushadi. O‘yin 25-noyabr kuniga belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter