Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekneftgaz»: Xorvatiya futboli tajribasini «Bunyodkor» klubida qo‘llash bo‘yicha ijobiy ishlar boshlandi

«O‘zbekneftgaz»: Xorvatiya futboli tajribasini «Bunyodkor» klubida qo‘llash bo‘yicha ijobiy ishlar boshlandi

«Bunyodkor» klubi so‘nggi paytda Xorvatiya futboli bilan yaqindan hamkorlik qilishni boshlagan. Qisqa vaqt ichida tomonlar bir nechta amaliy tadbirlarni ro‘yobga chiqarishga ulgurishganligi ham ko‘pchilikka ma’lum. Oldinda rejalashtirilgan yana qator yangi loyihalar mavjud.

Shunday o‘zaro istiqbolli dasturlar doirasida yurtimizga Xorvatiya delegatsiyasi tashrif buyurdi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi, «Bunyodkor» futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullayev Xorvatiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Refik Shabanovich, o‘tmishda taniqli futbolchilar bo‘lgan, hozirda esa futbol mutasaddilari hamda mamlakat savdo-sanoat palatasi vakillari sanalmish Ivitsa Pirich va Vladimir Ribich, xalqaro yurist Marko Bekavats-Basich, mutaxassis Ante Gabrilolardan iborat mehmonlar delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuv kun tartibidan yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish, jumladan, «Bunyodkor» futbol klubi, uning tasarrufidagi akademiya faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish mavzusidagi hamda o‘zaro hamkorlik aloqalarni o‘rnatish va malakali trenerlarni jalb qilish, xorvatiyalik sarmoyadorlarning respublikamiz yoqilg‘i-energetika sohasiga sarmoyalarini jalb qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi muzokaralar ham o‘rin oldi.

«Janob Mehriddin Abdullayev, avvalambor, bizni oliy darajada kutib olganingiz uchun Sizga o‘zimizning cheksiz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Yaqinda «Bunyodkor»ning uchta yosh jamoasi Split shahrida tashkillashtirilgan xalqaro Dalmatinko kubogida munosib va muvaffaqiyatli qatnashib qaytishdi. Uch yarim mingdan ortiq ishtirokchilar to‘p surgan bellashuvlarda yosh futbolchilaringiz juda ham mazmunli o‘yinlar ko‘rsatishib, ko‘plab mahalliy mutaxassislarda ijobiy taassurotlar qoldirishdi. Bu yurtingizda iqtidorli sportchilar yetarlicha ekanligini, O‘zbekiston hukumati bolalar-o‘smirlar futboliga alohida katta e’tibor qaratayotganini yaqqol namoyon etdi», – dedi elchi Refik Shabanovich.

Shundan so‘ng, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi, «Bunyodkor» FK prezidenti so‘z olib, ertangi kunimiz vakillariga yaqindan g‘amxo‘rlik ko‘rsatish siyosati «Bunyodkor» futbol klubida ham eng yuqori darajada bo‘lishi uchun biz har doim izlanishdamiz. O‘zbekistonda iste’dodli futbolchilar juda ko‘p. Ularning kelajagi porloq bo‘lishi uchun, ularning mahoratlari kelgusida xalqaro talablarga albatta mos bo‘lishi uchun, vaqti kelib, ular ulg‘ayib, Yevropa klublarida to‘p surishlari hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafini munosib himoya qilishlari uchun biz sizlar bilan, ya’ni Xorvatiya futboli bilan hamkorlik qilishni maqsadga muvofiq deb bildik», - dedi.

Shu bilan birga, xorvatiyalik mehmonlarga «O‘zbekneftgaz» AJ umumiy faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Ikki tomonlama hamkorlik doirasida kechgan qizg‘in muzokaralar natijasiga ko‘ra, taraflar bir qancha yo‘nalishlarda kelishuvga erishishdi.

Bolalar-o‘smirlar futboli sohasida tajriba almashish, o‘zbekistonlik yosh murabbiylarning Xorvatiyaga amaliyot o‘tashga yuborilishi, yevropalik malakali mutaxassislarning yurtimizga kelib, seminar va treninglar tashkil etishlari, o‘z ish uslubi va usullari bilan o‘rtoqlashishlari, bizda va ularda uyushtiriladigan musobaqalarda o‘zbekistonlik va xorvatiyalik jamoalarning qatnashishlari shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, yuqorida ta’kidlab o‘tilgandek yoqilg‘i-energetika sohasida, shu jumladan uglevodorodlarni qazib chiqarish va ularni qayta ishlash masalasida ham «O‘zbekneftgaz» AJ va Xorvatiya neft va gaz kompaniyalari hamkorlik olib borishiimkoniyatlari va istiqbollari to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tildi.

Mazkur hamkorlikning navbatdagi amaliy davomi sifatida «Bunyodkor» U-21 yoshlar jamoasi 18-30 iyul kunlari yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish uchun Zagreb shahriga jo‘nab ketishga tayyorgarlik ko‘rayotganini keltirish mumkin. Yig‘in doirasida «qaldirg‘ochlar» mahalliy klublar bilan 4-5ta o‘rtoqlik o‘yinlarida ham maydonga tushishadi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring