Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

PFLga 12 yil avval «kelishilgan o‘yinlarni tashkil etgani» uchun futbol hakamligidan chetlatilgan shaxs rahbar bo‘ldi

PFLga 12 yil avval «kelishilgan o‘yinlarni tashkil etgani» uchun futbol hakamligidan chetlatilgan shaxs rahbar bo‘ldi

Foto: O‘zPFL matbuot xizmati

O‘zbekcha rahbar almashinuv jarayonlari qiziq-da — bir rahbar bir lavozimdan ketsa, u bilan birga uning odamlari ham ketadi. Hammayoqda shunaqa. Xususan, futbolda. Umid Ahmadjonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) birinchi vitse-prezidenti lavozimidan bo‘shash haqida ariza yozishi bilan, uning ketidan O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) direktori Omon G‘ofurov ham shunday ariza yozdi. «Sen ishlayver», deydigan odam yo‘q.

Xabar qilinishicha, shu kungacha «Bunyodkor» futbol klubi sport direktori lavozimida ishlab kelgan Davron Shoqurbonov O‘zPFL rahbari etib tayinlangan. Qayd etishlaricha, O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov (ha, o‘sha, mashhur Ravshan Ermatov) ishtirokida 17 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Shoqurbonovni O‘zPFL direktori etib tayinlash haqida qaror qabul qilingan.

Davron Shoqurbonov ham xuddi Ravshan Ermatov kabi sobiq futbol hakamlaridan (ha-ya, aytmoqchi — Ermatov hakamlik faoliyatini yakunlaganini hali e’lon qilgani yo‘q, lekin yakunlasa kerak baribir). Va u bilan bog‘liq bir qiziq fakt bor — u bundan 12 yil avval, 2007 yil iyulida O‘zbekiston futbolining o‘sha vaqtdagi rahbariyati tomonidan hakamlikdan chetlatilgan. O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan shu munosabat bilan e’lon qilingan maqolada, jumladan, shunday deyiladi:

«O‘FFning futbol bo‘yicha musobaqalarini boshqaradigan hakam va inspektorlarning faoliyatini tartibga solish, adolatsiz hakamlikni oldini olish va ularga barham berish, shuningdek, ishqibozlar orasida futbolning nufuzini yanada oshirish maqsadida S.Ermatov, R.Seraziddinov, G.Imomov, R.Aytekov, A.Kovalenko, D.Shoqurbonov, J.Saidov, Z.Qodirov va N.Ro‘zimovlar O‘FFning hakamlar va inspektorlar ro‘yxatidan chiqarildi.

Ular, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, etik va ma’naviy me’yorlarning buzganligi, jamoalarga yon bosganligi va ularni qo‘llab-quvvatlaganligi, o‘z vakolatlarini o‘zboshimchalik bilan oshirganligi, qoidalarning qasddan buzilishiga yo‘l qo‘ygani, shuningdek, jamoalar o‘rtasidagi «kelishilgan o‘yinlar»ni tashkil etganligi uchun munosib jazolandi».

Shunaqa gaplar. Faqat bir gapni takrorlashni o‘rinli deb bilamiz — bu 12 yil avvalgi gaplar, 12 yil avvalgi ayblovlar. Davron Shoqurbonov o‘sha voqealardan so‘ng uzoq yillar davomida «Bunyodkor» futbol klubida turli lavozimlarda ishladi, katta ehtimol bilan — o‘zgargan, endi, masalan, «kelishilgan o‘yinlar»ni tashkil qilmaydi. Haqqi ham yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring