Yevropa davlatidan AQSh uchun kutilmagan «sovg‘a»
Shveysariya Eronga qarshi urush munosabati bilan AQShga qurol-aslaha eksportini taqiqladi. Bu hol mamlakatning betaraflik pritsipi bilan izohlangan.
«Eron bilan harbiy ziddiyatda qatnashayotgan mamlakatga ushbu ixtilof mobaynida harbiy texnika eksportiga ruxsat etilmaydi», — deyiladi Shveysariya hukumati bayonotida.
Rasmiy Bern joriy yil 28-fevraldan, ya’ni AQSh hamda Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli urush boshlaganidan buyon Vashingtonga qurol sotish uchun litsenziya bermagan.
Shveysariya hukumati joriy yil 14-mart kuni AQShning Eron tomon uchayotgan ikki razvedkachi uchog‘i mamlakat havo hududidan o‘tishini ham man etgan edi.
1996-yilda qabul qilingan Shveysariya federal qonuniga asosan harbiy texnika va texnologiyalarning importi, eksporti hamda tranziti uchun inson huquqlari hamda betaraflik prinsiplariga ko‘ra litsenziya olib talab etiladi.
Ayni shu mezonga muvofiq so‘nggi yillarda Isroilga ham harbiy texnika eksporti uchun ruxsat berilmay kelmoqda. Bu tartib Eronning o‘ziga ham tatbiq etilayotir.
AQShga nisbatan qurol savdosi taqiqi maxsus ekspertlar guruhi tomonidan nazorat qilinadi.
Tahlillarga qaraganda, Vashington Bernning ikkinchi qurol importchisi sanaladi. 2025-yilda AQSh Shveysariyadan qariyb 120 million dollarlik qurol sotib olgan.
Shveysariya AQSh 2003-yilda Iroq hududiga bostirib kirganida ham o‘z havo hududidan foydalanish va qurol savdosi bo‘yicha taqiq joriy etgan edi.
Tahlilchi G‘ayratxo‘ja G‘afforxo‘ja o‘g‘li fikricha, «Shveysariyaning ushbu qarori Vashington uchun kutilmagan zarba bo‘lishi mumkin, chunki Shveysariya harbiy sanoati AQShning ayrim mudofaa tizimlari uchun muhim butlovchi qismlar yetkazib beruvchi hisoblanadi. Bu qadam Bernning xalqaro maydondagi «xolis vositachi» maqomini saqlab qolish va mojaroning ishtirokchisiga aylanib qolmaslik istagini yana bir bor tasdiqlaydi».
G‘arb davlati tomonidan AQShga nisbatan qurol taqiqi joriy etilishi ramziy ma’noda ham Oq uyga kuchli zarba hisoblanadi. Chunki bu Vashingtonning Tehronga qarshi urushi hatto yaqin ittifoqchilari tomonidan ham ma’qullanmayotganining yana bir isbotidir.
AQSh Isroil bilan birgalikda Eronga qarshi urush boshlagan 28-fevraldan keyin dunyo energetika bozorida keskin qimmatlashuv ro‘y berdi. Vashington hamda Tel-Aviv Eronga qarshi intensiv zarbalar yo‘llab, mamlakat oliy rahbari Ali Xomanaiy hamda bir qator harbiy qo‘mondonlarni o‘ldirgan bo‘lsa-da, fors davlati ular kutgandek osonlikcha taslim bo‘lmadi.
Pentagon Kongressdan Eronga qarshi harbiy amaliyotni davom ettirish uchun 200 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratishni so‘ramoqda.
Bir tomondan, jahon energetika bozorida narx oshishi, ikkinchi tomondan, AQSh jamoatchiligi hamda muxolifat bosimi sabab Tramp garchi yakuniy maqsadga erishmagan bo‘lsa-da, urushdan chiqish yo‘lini qidirayotgani aytilmoqda.
Boz ustiga, Eronga qarshi urush AQShning xalqaro maydonda deyarli yakkalanib qolganini ko‘rsatdi. Tramp hamda Oq uy mulozimlarining asabiy bayonotlari ham buni tasdiqlaydi.
Avval xabar berganimizdek, Tramp kuni kecha NATO davlatlarini Eron bilan bog‘liq mojaroda faol ishtirok etmaslik vajidan keskin tanqid qildi va ularni «qo‘rqoqlik»da aybladi.
Gap shundaki, Tramp avvalroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft va gaz eksportini tiklash masalasida NATO davlatlaridan yordam so‘ragan edi.
Ammo Buyuk Britaniya, Fransiya kabi AQShning ittifoqchilari ham ehtiyotkor pozitsiyada qolmoqda. Yaponiya va Avstraliya esa Ho‘rmuzga harbiy kema yuborish rejasi yo‘qligini aytgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter