Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Madina Miytan: «Tenglik deganda ba’zi erkaklar negadir qo‘rqib ketadi»

Madina Miytan: «Tenglik deganda ba’zi erkaklar negadir qo‘rqib ketadi»

Amaliyotchi psixolog Madina Miytan bilan suhbatimiz gender stereotiplar haqida bo‘ldi.

– Madina sizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boraman va boshqa psixologlardan farqi o‘laroq faqat ayol muloyim yoki faqat erkak mard bo‘lishi kerak, deb hisoblamaysiz. Aytingchi, stereotiplar nima, gender rol nima va bular haqida to‘liqroq tushuncha bersangiz?

– Gender stereotiplari bu erkaklar, ayollar va boshqa jinslarning jamiyatdagi o‘rni haqida oldindan o‘ylangan g‘oyalarni tavsiflash uchun ishlatiladigan atama. Gender stereotiplar odamlarning jinsi tufayligina o‘z rollarida cheklanganligini ta’minlab beradi. Gender stereotiplarning saqlanib qolishi, kengayib borishi va mustahkamlanishiga har bir jamiyatning o‘zida mavjud bo‘lgan gender rollar katta xizmat qiladi. Gender rollar odamning jinsiga, ya’ni «ayollarga xos» va «erkaklarga xos» tegishli bo‘lgan xatti-harakatlarni qanday turlari ma’qul yoki ma’qul emasligini belgilaydigan ijtimoiy normalar to‘plami.

Bu so‘zlarning kirib kelishi hayotimizda shu tushunchalarni ifoda qilib beradigan holat yoki voqeliklarimiz ilgari bo‘lmaganini yoki hozir yo‘qligini bildirmaydi. Aslida, ikki jins bilan bog‘liq har qanday yangi tushunchalarga nisbatan shubha bilan qarashimiz ham gender streotiplarga yaqqol misol. Aytayli, gender yoki feminizm so‘zini eshitishlari bilan ko‘pchilik bu ayollarimizni qandaydir «buzuvchi» g‘oyalar deb tushunishadi. 

Sartarosh stilist, dizayner yoki raqqosa bo‘lish erkakning, matematik, texnik sohalarda ishlash ayolning gender roliga mos ko‘rilmasligini aynan gender stereotiplar uqtiradi.

Nafaqat xatti-harakatlar, balki insoniy fazilatlarni ham aynan stereotiplar orqali ayolga yoki erkakka moslab olganmiz. 25 mamlakat talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra ayrim madaniyatlarda jasorat, mustaqillik, kuch, hokimiyat va hukmronlik istagi ko‘pincha erkaklarga, noziklik, qaramlik, xayolparastlik, emotsionallik, bo‘ysunish va zaiflik ayollarga tegishli bo‘lib chiqdi. Boshqa tomondan, dangasalik, takabburlik, maqtanchoqlik va tartibsizlik kabi fazilatlar turli madaniyatlarda turli jinslarga tegishli bo‘lib chiqdi. Ko‘rinib turibdiki, biz insoniy fazilatlarni ham jinsga qarab shablonlashtirganmiz. Demak, gender tenglikka erishishimiz uchun ham ko‘plab stereotiplardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.

Gender stereotiplar haqidagi ilmiy izlanishlarning oddiy odamlarga amaliy ahamiyati nimada?

– Bu ilmiy tadqiqotlar G‘arb akademik doirasiga tegishli, ammo buni bizga ahamiyatli joyi shundaki gender stereotiplarni mexanizmi hamma joyda bir xil, garchi shakllari, darajasi farqli bo‘lsa-da.

Ko‘pgina tadqiqotlar erkaklar va ayollar o‘rtasidagi farqlardan ko‘ra, ko‘proq o‘xshashliklarni topdi, aniqlangan kichik farqlar esa hayot davomida orttirilgan. Masalan, erkaklar gender rollariga to‘liq mos kelish uchun o‘zlarini juda empatik, deb hisoblamaydilar, ammo fiziologik va yuz reaksiyalarining o‘lchovlari erkaklar va ayollar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri empatik reaksiyalarda hech qanday farq yo‘qligini ko‘rsatib berdi. Boshqa tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, erkaklar ham xuddi ayollar kabi tez-tez g‘azab, qayg‘u va qo‘rquvni boshdan kechirishsa-da tashqariga ko‘proq g‘azabini chiqarishadi va boshqa salbiy his-tuyg‘ularni gender roliga mos kelmagani uchun ham bostirishadi. Ayollar esa aksincha, g‘azabni bostiradi, qayg‘u va qo‘rquvini ifodalashdan, umuman, tashqariga chiqarishdan o‘zlarini tiymaydilar, chunki stereotiplar buni ma’qullaydi. Yoki ayollarga yumshoq va nazokatli bo‘lishni ma’qullaydigan va tajovuzkorligini, qat’iyatliligini qoralaydigan gender stereotiplarimiz bor. Bu stereotip ish joyida yoki kasb tanlashida ayollarga nisbatan ko‘plab kamsitishlarga yordam beradi. Ya’ni, ayollar kerakli bo‘lgan joyda o‘zini himoya qilish uchun tajovuzkorligini, qat’iyatliligini namoyon qilolmaydi.

Aytaylik, yana bir holatda gender stereotiplar ayollardagi sezgirlik, intuitivlik va g‘amxo‘rlik, mehribonlik, xushmuomalalik kabi ijobiy fazilatlarni ma’qullaydi. Bu albatta, yaxshi stereotip va shu bilan birga, ijobiy fazilat ham hisoblanadi. Ammo ayollarga nisbatan bunday ijobiy fazilatlar keng tarqalgan ko‘plab madaniyatlarda mutaxassislar kitoblarida, adabiyot, san’at va OAVlari orqali e’tirof etish bilan bir paytning o‘zida erkaklarga tegishli bo‘lgan ratsionallik va faollikdan ancha pastroq baholanishini bemalol targ‘ib qilinishini kuzatishingiz mumkin.

Bizda ayolning mehribonligi, ishonuvchanligi va xushmuomala bo‘lishini boshiga tushadigan qandaydir balolarning sababchisi ham deb ko‘rsatib beriladi. Vaholanki, bular eng yaxshi ijobiy fazilatlar edi, ammo gender stereotip qo‘shilib ketganligi uchun, ya’ni ayoldagi qandaydir ratsional qaror qabul qilish xususiyati yo‘qligi bois kutilmagan yomonlik sodir bo‘ldi, deb hisoblashadi. Buni real hayotimizda aldangan ayollar, zo‘ravonlikka uchraganlarda kuzatishimiz mumkin.

Albatta, bu oddiy odamlar hayotida ko‘plab ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Bir paytning o‘zida jamiyat ma’qullaydigan fazilatga ega bo‘lish va ega bo‘lmaslikni tanlash kerak. Bularning barchasi erkak va ayol uchun birday zararli psixologik muhitni yaratadi. Nosog‘lom muhitdagi har qanday jinsga esa oson bo‘lmaydi.

– Demak, gender stereotiplarning zararli oqibatlari ayollar va erkaklar uchun bir xil demoqchisiz. Nazarimda, bizning jamiyatda bundan ko‘proq ayollar jabr ko‘radi.

– To‘g‘ri, shunday. Ammo masalaning yana bir e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan nozik tomoni bor. Ya’ni, zo‘ravonlik sodir bo‘lgan kungacha zo‘ravonlikni keltirib chiqargan tajribalar ildizi bor. Deylik, yaqinda turmush qurgan erkak ayoliga dastlabki zo‘ravonlikni amalga oshirishi uchun xulqidagi o‘zgarish uylanishi bilan yoki ayolning qandaydir harakatiga nisbatan reaksiya natijasida birdan paydo bo‘lib qolmaydi. Zo‘ravonlik ildizlari ancha chuqurroqqa borib taqaladi.  

Masalan, ayrim erkaklarda o‘zini ifodalashi uchun bolaligidan gender stereotiplari tufayli iloji boricha jiddiy bo‘lishi, yig‘lamasligi, kam kulishi va hakozo turli emotsional holatini ifodalashi «erkaklikka xos» bo‘lmagan deb singdiriladi. O‘g‘il bolalarga bolaligidan «erkakka xos»  xulq atvor ko‘rinishlarini, qiz bolalarga esa «ayolga xos»lari singdiriladi. Agar o‘g‘il bolaga har doim kuchli, bo‘ysunmas, boshqaruvchi yoki hokimiyatga ega bo‘lish erkaklikning  «ideal»  ko‘rinishi deb uqtirilsa, bola o‘zini individual xususiyatini borib-borib unutib yuboradi. Bola tabiatan yumshoqdir, odamlarni boshqarishni xohlamas yoki kuchli ijodiy qobiliyati bo‘lishi mumkin. Zo‘ravonlikni tajovuzkorlik bilan bog‘laydigan bo‘lsak, manbasi faqat bolalikda orttirilgan jarohatlar emas, gender stereotiplar tufayli shakllantirilgan xulq atvorga ham borib taqaladi.

Biz bolaligidan singdirayotgan yoki singdirishimiz kerak bo‘lgan barcha ijobiy umuminsoniy fazilatlar gender stereotiplarga har doim ham mos kelavermaydi. Tabiiyki, bu borgan sari bolada turli ichki qarama-qarshilik, bosimlar surunkali tashvish, xavotir, stressli vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday ichki ziddiyatlar bolada yillar davomida yig‘ilib, bostirilib borishi natijasida, insonda u xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol shaxsiyat buzilishiga olib keladi.

Gender stereotiplar ham aslida shu noto‘g‘ri fikrlash shakllari orqali rivojlanadi va mustahkamlanadi. Bunday holatda oddiy odam hayotda nimani yo‘qotadi? Albatta, bularning barchasi yig‘ilib inson hayotida juda muhim bo‘lgan tanlovlar, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishiga xalaqit beradi. Biz qanchalik bilimli yoki yaxshi inson bo‘lishga urinsak ham, gender stereotiplar tufayli tanlovlarda adashishimiz mumkin.

– Nima uchun jamiyatimizda ayollarning «erkakshoda» bo‘lishini ijtimoiy jihatdan ma’qul qabul qilinadi, erkaklarning o‘zini «ayolcha» tutishi esa aksincha qabul qilinadi?

– Erkaklar hali ham madaniy jihatdan aynan shu gender stereotiplar tufayli «ideal» bo‘lib qolmoqda. Erkaklar ayollarga qaraganda ko‘proq imtiyozlarga ega, deylik ular ko‘proq pul topishadi, kechalari yurishi xavfsizroq va ularning fikrlari jiddiyroq qabul qilinadi. Demak, mana nima uchun ayol ko‘proq erkak bo‘lishni xohlaydi.

Lekin nima uchun erkak «zaifroq» bo‘lishni xohlayapti? Biz bunday xohishlari bor erkaklarni uzoq tarixdan yoki bugungi jamiyatlarni kuzatib ham mavjudligini bilamiz. Menimcha, ba’zi bunday erkaklar ham «ayol» xususiyatlariga ega ko‘rinishda bo‘lsalar, aynan o‘sha o‘z jinsdoshlari bo‘lgan erkaklar tomonidan tahdidni his qilishadi – har qanday holatda ham «ayollikka xoslik» qandaydir ideal qabul qilsa bo‘ladigan ko‘rinish emas.  Ya’ni, bu yerda har qanday holatda ham ayol bo‘lishga nisbatan kamsitilishni kuzatish mumkin.

Karl Yungning aytishicha, barchamizda anima (ayol qismi) va animus (erkak qismi) bor. Turli nisbatlarda bu fazilatlar har birimizda mavjud. Ya’ni, ko‘pincha ko‘plab odamlar gender identifikatsiyaga bog‘liq o‘zining qarashlarini bildirayotganda aynan shu animus va anima nuqtai nazaridan kelib chiqib yondashishda noto‘g‘ri hukm chiqaradilar. Aslida, bu kimgadir yorliq yopishtirish bilan bog‘liq tushuncha emas, shunchaki gender stereotiplar tufayli o‘zini ifoda qilolmagan mutlaqo normal odamning yashirin hislari haqida. Masalan, men qaysidir paytlarda xuddi erkaklardek faol, tashabusskor va o‘ta qa’tiyatliligimni namoyon qilishim mumkin. Ba’zi paytlari esa qandaydir o‘zimni ojiz hisoblashim, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lishim yoki nazokatlilikni, go‘zallikni va mehrni ifoda qilishim, bu jarayonlarda tashqi ko‘rinishim va kiyinish stilim ham o‘zgarishi mumkin. Lekin bu degani menga qandaydir yorliq osish uchun asos bo‘la olmaydi va bu erkak, ayol uchun ham mutlaqo normal holatdir.

– Amaliyotchi psixolog sifatidagi tajribangizga asoslanib, ko‘pgina gender rollariga aniq ega bo‘lgan oilada yashash haqida qanday fikrdasiz? Masalan, otasi pul topadi, onasi uyda o‘tiradi uy bekasi, qizining xonasi pushti rangda va o‘g‘il bolaga ko‘k rangni tanlaydi yoki o‘yinchoq tanlovlarida buni doim kuzatamiz. Umuman, o‘smirlarning o‘zini o‘zi qadrlashiga bunday yondashuv ta’sir qiladimi?

– Menimcha, o‘smirning o‘zini o‘zi qadrlashiga gender rollarni ajratishning mazmuni emas, balki jarayonning o‘zi ko‘proq ta’sir qiladi. Shu haqda ko‘p o‘yladim, oilada bunday voqealar qanday sodir bo‘lganiga va shakllanishiga qiziqaman. Ehtimol, ona uy bekasi bo‘lishni chindan ham yoqtirar va u doimo bu rolga o‘zi intilar. Ehtimol, qizining sevimli rangi rostan ham pushti, o‘g‘ilniki esa ko‘kdir. Ehtimol, ota-onalar uy xo‘jaligini shu tarzda taqsimlash borasida mantiqan shunday qaror qabul qilgan bo‘lishi mumkin. Agar bunga har birining xohishlari qarshilik qilmasa muammo emas. Aytaylik, onasi boquvchi, otasi oshxonada, o‘g‘ilning xonasi pushti, qizning xonasi ko‘k rangda bo‘lgan oiladagi bunday tashqi jarayondan ko‘ra, agar oilada o‘smirlarning o‘z qadr-qimmatiga tabiatan putur yetqazuvchi mazmunli holatlar ko‘proq bo‘lsa bu ancha muammoli deb o‘ylayman.

Menimcha, bularning barchasi oila a’zolarining har birining qadr-qimmati qat’iyligiga bog‘liq. Agar kichkina Azimjon: «Bilasizmi, dada, men ko‘k rangni juda yomon ko‘raman. Men pushti va qandaydir dekor bilan xonamni bezashni xohlayman», desa oila bunga qanday munosabatda bo‘ladi? Yoki ayol: «Men ishga qaytib, enaga yollamoqchiman» desa, oila buni qo‘llab-quvvatlaydimi? Yaqinda bir fikrlash tarzi diqqatimni tortdi, ya’ni oilada qizlarining gender tenglikka bo‘lgan rag‘batli munosabatini shakllantirish uchun qo‘g‘irchoq yoki oshxona anjomlari kabi an’anaviy «ayol» o‘yinchoqlari bilan o‘ynashda to‘sqinlik qilayotganini eshitib qoldim. Bu, albatta, noto‘g‘ri yondashuv. Umuman olganda, tenglik degani, bola, erkak, ayol yoki ularning orasidagi biror narsa «kim bo‘lishni tanlash erkinligiga» ega ekanligini anglatadi. Agar bu qizchaning qo‘g‘irchoqlar bilan o‘ynashni xohlamasligini anglatsa, menimcha, bu muammo emas, agar qizcha xohlasayu ota-ona unga ruxsat bermasa mana shu muammo. Qo‘llab-quvvatlashgina o‘smirni o‘zini o‘zi qadrlashiga  eng katta ta’sir qiladi.

 – Nima uchun jamiyatda noto‘g‘ri gender stereotiplari mavjudligini bilganimizdan keyin ham uzoq vaqtlardan buyon saqlanib qolayapti?  Nima uchun ulardan voz kechish qiyin bo‘layapti?

– Inson miyasi stereotiplar orqali o‘ziga tanish narsalarni qidiradi. «Erkak miyasiga stereotiplar orqali erkak kishi yig‘lamasligi kerak» degan fayl mustahkam joylashgan va yig‘lagisi kelsa ham bu g‘ayrioddiy holat sifatida siqib chiqariladi yoki e’tiborsiz qoldiriladi. Stereotiplar shunday yashaydi. Odamlar nimaga ishonsalar o‘sha ishonchini tasdiqlaydigan ma’lumot qidiradi va uni eslab qoladi. Agar ishonchiga to‘g‘ri kelmaydigan biroz o‘zgacharoq, g‘ayrioddiy holatlarga duch kelib qolsa rad etishadi yoki e’tiborsiz qoldiradilar. Agarda biz xohlagan birorta kishidan o‘zining hayotida bor bo‘lgan insonlardan kimni «haqiqiy erkak» yoki «haqiqiy ayol» deb bilasiz, deb so‘rasak ularning bu savollarga javoblari albatta, o‘z hayotiy tajribalari yig‘indisidan iborat bo‘ladi. Har qanday alohida insonning gender stereotiplari bolalik, oila tajribasi, ijtimoiy tajribalari va o‘z ichki izlanishlari natijasida yuzaga kelgan bo‘ladi. Shuning uchun biz gender stereotiplarga bilimlarimizni o‘zi bilan qarshi kurasha olmaymiz, bunga albatta tajribalarimiz ham kerak bo‘ladi.

– Gender stereotiplarni yengib o‘tgan zamonaviy jamiyatlar haqida bilamiz. Bizning madaniyatimizda ham qachondir gender stereotiplar o‘zgarishi va gender tenglikka erishish mumkinmi?

– Gender stereotiplar bartaraf bo‘lishiga va gender tenglikka erishish mumkinligiga ishonaman, lekin buni qachon bo‘lishini bilmayman. Ehtimol, bu ancha pessimistik qarashdir, lekin bir inson umri bilan tushuntirish yoki gender stereotiplar bilan to‘lgan jamiyatda ulg‘aygan mendek ayolga juda qiyin. Hatto, men ham bir yumalab bulardan xalos bo‘lishim ancha noreal bo‘lgan bo‘lardi. Gender tenglikka erishgan ko‘plab zamonaviy jamiyatlarda ham bu borada haliyam ko‘plab muammolar mavjud, ammo shu erishgan yutuqlariga ham uzoq yo‘lni bosib o‘tishgan.

XVIII-XIX asrlarda Yevropa dunyoviy madaniyatida ayollar zaif va mo‘rt bo‘lishi oddiy hol deb qabul qilingan bo‘lsa, ko‘pchilik dehqon madaniyatida ayollar tabiatan kuchli va chidamli deb hisoblangan. G‘arbiy (shimoliy Amerika va g‘arbiy Yevropa) o‘rta sinf madaniyatlarida 1950 yillardan boshlab ayolning gender roli uy bekasi rolini o‘ynay boshladi va ayollar uchun samarali mehnatda erkaklar bilan birga ishtirok etishda istisno qilina boshlagan. 70-yillardan keyin esa ba’zi erkaklar uchun  «mos»  bo‘lgan kasblarda ayollar ham o‘z o‘rnini ko‘rsata boshladi. 

Tadqiqotlar ayollarning matematikada erkaklarnikiga qaraganda kamroq muvaffaqiyat qozonishining bir qancha sabablarini ochib berdi. Birinchidan, ayollarning o‘zlarida bu boradagi o‘z qobiliyatlariga ishonchlari yo‘q. Ikkinchidan, ular matematika darslarini o‘zlarining gender roliga mos kelmaydi deb bilishadi. Hattoki, matematikada mukammal qobiliyatlarini namoyon qilsalar ham, undan voz kechishadi. Uchinchidan, ota-ona va o‘qituvchilar qizlarga matematikani o‘g‘il bolalarga qaraganda kamroq o‘rganishga undaydi. Shunday qilib, bu noto‘g‘ri fikrlash tarzi oqibatida gender stereotiplari  «o‘zini-o‘zi amalga oshiradigan bashoratlar»  kabi ishlay boshlaydi. Bundan keyin rostan ham qizlar matematika bilan kam shug‘ullana boshlaydi.

Xulosa shuki, butun jamiyat gender stereotiplar ayolga ham, erkakka ham zararli ekanligini birday anglab yetishi juda muhim. Bu faqat bir jins vakillarining tashabbusi yoki ayrim soha vakillarining bilishigina bilan erishiladigan holat emas.

Gender stereotiplar gender tenglikka to‘sqinlik qiladi. Gender tenglikni ko‘pchilik, faqat ayollar huquqi uchun bo‘lsa kerak deb tushunishadi, aslida bu jamiyatning iqtisodiy rivojlanishi uchun eng katta to‘siq.

Tenglik deganda ko‘pchilik erkaklar negadir qo‘rqib ketishadi.Tenglik deganda biz, ayol va erkakning bir xilligini emas, balki ularning huquqlari, mas’uliyati, majburiyati va imkoniyatlari teng bo‘lishi kerakligini tushunishimiz kerak. Bunda ularga qaysi jins vakili bo‘lib tug‘ilganligi halaqit bermasligi kerak.

Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring