Marko Rubio — Tramp hukumatida «uchinchi odam» bo‘lishga yaqin
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘z yangi ma’muriyatida Davlat kotibi lavozimini floridalik senator Marko Rubioga topshirmoqchi. Bu haqda USA Today xabar berdi.
Ma’lumot uchun: Davlat kotibi — AQSh federal hukumatidagi yuqori lavozim bo‘lib, tashqi siyosat masalalari bilan shug‘ullanuvchi Davlat departamentining rahbari hisoblanadi. Boshqa mamlakatlardagi tashqi ishlar vazirlaridan siyosiy vazni ancha salmoqli ekani bilan farq qiladi. AQSh ijroiya hokimiyati pog‘onasida prezident va vitse-prezidentdan keyingi uchinchi shaxs. Hozirda ushbu lavozimda Entoni Blinken faoliyat yuritmoqda.
53 yoshli Rubio tashqi siyosat bo‘yicha boy tajribaga ega, Trampning raqibidan ittifoqchisiga aylangan inson. Trampning vitse-prezidentlik uchun nomzodlari orasida ham nomi bor edi.
Senat tasdiqlagan taqdirda, «Avvalo Amerika» dasturiga sodiqlikka qasamyod qilgan Rubio AQShning bosh diplomatiga aylanadi, Ukraina – Rossiya, Isroil – HAMAS nizolarida uning nomini ko‘p eshitamiz.
«Floridalik senator Marko Rubio nomzodi Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibi lavozimiga ilgari surilganini e’lon qilish — men uchun faxr. Marko — ozodlik himoyasining juda kuchli ovozi va hurmatga sazovor yetakchi. U millatimizning juda kuchli himoyachisi, ittifoqchilarimizning sodiq do‘sti va dushmanlar qarshisida aslo chekinmaydigan qo‘rqmas jangchi bo‘ladi. Amerikanini va butun dunyoni yana xavfsiz va buyuk qilish uchun Marko bilan birga ishlashni intiqlik bilan kutyapman», — deyiladi Trampning bayonotida.
Rubio hozirda Senatning razvedka qo‘mitasidagi yetakchi respublikachi sanaladi. Mayami (AQSh)da tug‘ilgan, kelib chiqishi kubalik Marko Rubio Davlat kotibi lavozimida ishlagan ilk lotin amerikalik bo‘lishga yaqin.
U o‘tgan yili Ukrainadagi urushni «muzokaralar yo‘li bilan» to‘xtatish mumkinligini aytgan va Tramp ham buni ma’qullagandi. Rubio AQShning Xitoy, Rossiya, Eron, Venesuela va Kuba singari raqiblariga qattiqroq choralar qo‘llash tarafdori ekanligi bilan tanilgan.
Manbalarga ko‘ra, Tramp Davlat kotibi lavozimiga, Rubiodan tashqari, senator Bill Hagerti (Tennessi shtati), AQShning Germaniyadagi sobiq elchisi Rik Grenell hamda milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchi Robert O'Brayen nomzodlarini ham ko‘rib chiqqan.
Marko Rubioning Davlat kotibi bo‘lishi Senatdagi ko‘pchilik ovozga bog‘liq, biroq kelgusi yili palatada respublikachilar ko‘pchilik o‘rinlarni egallashi hamda Rubio Senatda anchadan buyon ishlab kelayotgani nazarda tutilsa, masalani rasmiylashtirish qolgan, xolos.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter