Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

my.gov.uz ning 50 dan ortiq funksiyasiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi

my.gov.uz ning 50 dan ortiq funksiyasiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi

Raqamli texnologiyalar asrida davlat va fuqaro o‘rtasidagi muloqotning sifati tubdan o‘zgardi. Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining kundalik hayoti, biznes jarayonlari va davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri my.gov.uz portali bilan bog‘lanmoqda. Tobora kengayayotgan elektron imkoniyatlar nafaqat odamlarning vaqtini, balki milliardlab mablag‘larni ham tejashga xizmat qilmoqda.

Portalga bo‘lgan ishonch yil sayin emas, balki oy sayin o‘sib bormoqda. Buni quyidagi dinamikadan ham bilish mumkin:

  • O‘tgan yili mamlakatdagi barcha turdagi davlat xizmatlarining 85 foiz qismi onlayn tarzda amalga oshirildi (taqqoslash uchun, 2020-yilda bu ko‘rsatkich 34 foizdan ham kam edi);
  • Ayni paytda portalda ro‘yxatdan o‘tgan faol foydalanuvchilar soni 15 million nafarga yetdi;
  • 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida portal va uning mobil ilovasi orqali yuborilgan arizalar soni 31 milliondan ortdi (bu umumiy so‘rovlarning 90 foizini tashkil etadi);
  • Raqamlashtirish tufayli aholi 186 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ini va 155 tonnadan ziyod qog‘ozni tejab qoldi.

Bugungi kunda portalda 862 tadan ortiq elektron xizmatlar mavjud bo‘lib, ularning 62 tasi aynan shu yilning boshidan buyon joriy etildi. Ular orasida eng ommabop va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lganlari quyidagilardir:

  • 3,5 milliondan ortiq fuqaro o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishiga taqiq qo‘yish xizmatidan foydalangan;
  • O‘tgan yili ishga tushirilgan «Haj ziyoratiga navbatga turish» xizmati orqali 45 mingdan ziyod kishi ro‘yxatdan o‘tdi;
  • Avtotransportni boshqarish uchun elektron ishonchnoma olish (1,5 mln ariza) va tibbiyot muassasalariga ro‘yxatga turish (1 mln ariza) xizmatlari eng yuqori pog‘onalarda turibdi.

Biznes uchun ham yengilliklar kengaydi. Jumladan, onlayn tizim tufayli 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, yana 150 turdagi hujjatlarni talab qilish amaliyotiga chek qo‘yildi. Bundan tashqari, 190 dan ziyod xizmat «uch qadam» tamoyili asosida soddalashtirilib, ariza to‘ldirish vaqti 2 baravarga qisqartirildi.

Bugun MyGov mobil ilovasi smartfonlar uchun eng ommabop dasturlar yetakchisiga aylangan. Uning foydalanuvchilari soni o‘tgan yilgi 9 milliondan bugungi kunda 13,5 milliondan oshib ketdi.

Yaqinda ilovada mobil telefon raqamini onlayn tarzda boshqa shaxs nomiga qayta rasmiylashtirish xizmati ishga tushdi. Endilikda UZTELECOM, UCELL, BEELINE va MOBIUZ abonentlari kompaniya ofislarida navbat kutmasdan, masofadan turib raqam egasini o‘zgartirishlari mumkin.

Shuningdek, ilovada 30 turdagi raqamli hujjat (pasport, haydovchilik guvohnomasi, tug‘ilganlik va nikoh to‘g‘risidagi guvohnomalar) joylashtirilgan. Bu hujjatlar temir yo‘l va aviakassalarda, notarius hamda banklarda rasmiy hujjat sifatida tan olinmoqda. Portaldagi 50 turdagi PUSH bildirishnomalar orqali esa aholiga 100 milliondan ortiq muhim eslatmalar yuborildi.

Joriy yilda tizimni yanada rivojlantirish bo‘yicha katta marralar belgilangan:

  • Elektron xizmatlar soni 880 taga yetkaziladi va yana 30 turdagi ma’lumotnoma talab qilinishi bekor bo‘ladi;
  • Portalning 50 dan ortiq funksiyasiga sun’iy intellekt (AI) texnologiyalari joriy etiladi;
  • Foydalanuvchilarga o‘z nomlariga ochilgan barcha bank kartalari va SIM-kartalar ro‘yxatini ko‘rish hamda ularni masofadan turib bloklash imkoniyati beriladi;
  • «Zero Bureaucracy» (nol byurokratiya) konsepsiyasi doirasida hujjatlarni OneID orqali shaxsiy imzo bilan tasdiqlash va xizmat sifatini yashirin xaridor mexanizmi orqali baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekistonning raqamlashtirish sohasidagi bu yutuqlari jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholandi. 2025-yilgi Davlat texnologiyalarining yetuklik indeksida mamlakatimiz birdaniga 71 pog‘onaga yuqorilab, dunyoda 9-o‘rinni egalladi va «A» toifasiga (GovTech yuqori darajada rivojlangan davlatlar) kirdi. Shuningdek, Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMT Forumida O‘zbekiston elektron hukumat sohasidagi yutuqlari uchun maxsus mukofot bilan taqdirlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring