Endi ChatGPT siz bilan haqiqiy odamlardek chaqchaqlashadi
ChatGPT mutlaqo yangi imkoniyatlarga ega bo‘lgan GPT-Live ovozi modeli taqdim etildi. Ushbu yangilik nafaqat virtual yordamchilar bilan muloqotni tubdan o‘zgartiradi, balki ovozli texnologiyalar rivojini yangi bosqichga olib chiqadi.
GPT-Live modelining eng asosiy va inqilobiy yangiligi uning full-duplex architecture (ikki tomonlama bir vaqtning o‘zida ishlaydigan arxitektura) asosida qurilganidir.
Ilgari mavjud bo‘lgan ovozli modellar ma’lum bir ketma-ketlik asosida ishlar edi, tizim avval foydalanuvchining gapini oxirigacha tinglab, matnga o‘girar, so‘ngra javob tayyorlab, uni ovozli shaklda taqdim etardi. Bu esa suhbat davomida tabiiy bo‘lmagan uzilishlar va pauzalarni yuzaga keltirardi.
GPT-Live esa tinglash va gapirish jarayonlarini bir vaqtning o‘zida, parallel ravishda amalga oshiradi. Endilikda sun’iy intellekt sizni eshitib turib, ayni soniyaning o‘zida javob qaytarishga va berilgan murakkab vazifani bajarishga qodir. Mazkur texnologiya tufayli mashina bilan muloqot xuddi jonli inson bilan telefonda gaplashishdek tabiiy va tezkor kechadi. Yangi model faqatgina tezkor javob qaytarish bilan cheklanib qolmaydi. U murakkab mantiqiy vazifalarni bajarish jarayonida ham to‘xtab qolmaydi.
Foydalanuvchi suhbat davomida sun’iy intellektning gapini xohlagan vaqtida bo‘lishi, unga yangi ko‘rsatmalar berishi yoki mavzuni o‘zgartirishi mumkin. GPT-Live yangi ma’lumotlarni ovozli nutq jarayonini to‘xtatmagan holda qabul qiladi va o‘z algoritmlarini o‘sha zahoti moslashtiradi.
Bu tizimdan nafaqat oddiy kundalik suhbatdosh, balki real vaqt rejimida ishlaydigan tarjimon, dasturlash kodini ovoz orqali tahlil qiluvchi yordamchi yoki murakkab biznes loyihalarni muhokama qilishda ishonchli sherik sifatida foydalanish imkonini beradi.
OpenAI ushbu yangilik orqali sun’iy intellekt bilan ovozli aloqa o‘rnatishdagi eng katta to‘siqlardan biri — texnologik kechikish muammosini deyarli to‘liq hal qildi. Ovoz tembri, his-tuyg‘ularni ifodalash darajasi va nutqning ravonligi suhbatni yanada jonli ko‘rinishga olib keladi.
Mazkur ovoz modeli ChatGPT Voice tizimiga bosqichma-bosqich integratsiya qilinishi kutilmoqda va tez kunlarda keng jamoatchilik uchun to‘liq foydalanishga topshiriladi. Sun’iy intellektning mazkur rivojlanish tendensiyasi yaqin kelajakda matnli buyruqlardan butunlay voz kechib, to‘liq ovozli boshqaruv tizimiga o‘tish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter