Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kreml nihoyat haqiqatni tan oldi – bunga 4,5 yil kerak bo‘ldi

Kreml nihoyat haqiqatni tan oldi – bunga 4,5 yil kerak bo‘ldi

Foto: AFP

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaga qarshi olib borilayotgan “maxsus harbiy amaliyot”ni ilk bor urush deb atadi. Tahlilchilar Kremlga ushbu haqiqatni tan olish uchun 4,5 yil kerak bo‘lganini yozmoqda.

“Ha, urush, chinakam urush ketmoqda. Nega urush bilasizmi? Bari maxsus harbiy amaliyot shaklida boshlangan edi. Urush tarzida davom etmoqda. Chunki Kiyevning ortida Berlin, Parij, Haaga, Oslo va, afsuski, Vashington turibdi”,degan D.Peskov “Vesti” dasturiga bergan intervyusida.

Kreml voiziga ko‘ra, G‘arb davlatlari Ukrainaga Rossiya nishonlariga zarba berishda ko‘mak bermoqda, buning uchun sun’iy yo‘ldosh infratuzilmasi ham safarbar etilmoqda. Peskov hozirgi sharoitda Ukraina hukumati “hamma narsaga tayyor” ekanini ham ta’kidlagan. 

Rossiya qurolli kuchlari 2022-yil 24-fevral kuni Ukraina hududiga bostirib kirib keng ko‘lamli urush boshlagani ma’lum. Ammo prezident Vladimir Putindan tortib Moskvaning katta-kichik mulozimlarigacha Ukrainadagi urushni o‘z nomi bilan atamay, “maxsus harbiy amaliyot” degan iborani qo‘llab kelayotgandi.

O‘tgan to‘rt yildan oshiq vaqt mobaynida Ukrainadagi xunrezlikni urush deb atagani sabab yuzlab kishi jarimaga tortilgan.

Rossiyalik siyosatshunos Arkadiy Dubnov Rossiya rahbariyati maxsus harbiy amaliyotni urush deya tan olishiga 4,5 yil zarur bo‘lganiga e’tibor qaratgan.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Otabek Akromov Kremlning siyosiy ritorikasi o‘zgarishi sababini ochiqlagan.

“Menimcha, bu Kreml uchun yangi freym yaratishga urinishdir. Chunki “Ukrainaga qarshi maxsus operatsiya” bilan “butun G‘arbga qarshi urush” o‘rtasida katta siyosiy va psixologik farq bor. Agar operatsiya qisqa muddatli maqsadlarga erisha olmagan bo‘lsa, uni “G‘arbga qarshi urush” sifatida qayta talqin qilish muvaffaqiyatsizlikni nisbatan yumshatish, jamiyatni uzoq davom etadigan qarama-qarshilikka tayyorlash va qurbonliklarni oqlash uchun qulayroq ritorik asos yaratadi”, – deb yozadi O.Akromov.

2022-yil fevral oyidan buyon faol ravishda urush olib borayotgan Rossiya hozircha sulh takliflariga ro‘yxushlik bermayotir.

Avval xabar berganimizdek, 6-iyulga o‘tar kechasi ham Rossiya Ukraina poytaxti Kiyevga raketa va dronlar bilan ommaviy hujum uyushtirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lgan, 46 nafar inson jarohatlangan. Ular orasida besh nafar bola ham bor.

So‘nggi kunlarda Yevropa maxsus xizmatlari Ukrainaga qarshi urushda muvaffaqiyatga erisha olmayotgan Rossiya Federatsiyasi NATO davlatlariga nisbatan provokatsion harakat sodir etib, vaziyatni izdan chiqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring