Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abituriyentlar uchun asosiy yangilik va o‘zgarishlar

Abituriyentlar uchun asosiy yangilik va o‘zgarishlar

2022 yilda abituriyentlar uchun test topshirishdagi o‘zgarishlar va yangiliklar haqida ma’lumot olish uchun Davlat test markazi bilan bog‘landik. DMT axborot xizmati bu yilgi asosiy yangiliklar haqida ma’lumot berdi.

1. Oldingi yilgi qabulda mutaxassislik blokidagi 2 ta fanga teng – 3,1 balldan berilgan edi. Bu yil esa shu 2 ta fan muhimliligiga qarab darajalanadi. Masalan, matematika yo‘nalishi uchun 1-fan matematika (har to‘g‘ri javobga 3,1 balldan) , 2-fan esa fizika (har to‘g‘ri javobga 2,1 balldan) bo‘ladi.

2. Mutaxassislik fanlarining darajalanishi abituriyentlarning 5 ta yo‘nalish tanlash imkoniga ham ta’sir qiladi. Endi abituriyentlar o‘tgan yilgidek mutaxassislik blokida mavjud 2 ta fanga qarab emas, balki ularning birinchi yoki ikkinchi fanligini ham hisobga olib 5 ta OTMni tanlaydi.

3. Barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan 3 ta fan – matematika, ona tili va O‘zbekiston tarixi bo‘yicha 10 tadan jami 30 ta savol tushadi va ularga 1,1 balldan beriladi (2021 yili majburiy blok uchun 2,1 balldan berilgan).

Majburiy blokdan jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 33 ball. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos bo‘lgan 2 ta fan bo‘yicha esa jami 60 ta savol beriladi. Birinchi fandan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 93 ball, ikkinchi fandan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball esa 63 ball.

Umumiy holda, 2022-2023 o‘quv yili qabulida abituriyentlarga 5 ta fan bo‘yicha jami 90 ta test topshirig‘i beriladi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 189 ballni tashkil etadi.

4. Bu yil kirish imtihonlarida abituriyentlarga testlarni ishlash uchun 3 soat vaqt beriladi. Vazirlar Mahkamasining test topshiriqlarini o‘tkazishga oid 261-sonli nizomida 30 ta savol uchun bir soat vaqt berilishi yozilgan. Demak, 90 ta savolga 3 soat vaqt beriladi.

5. Bu yildan 6 ta OTMda test ijodiy imtihonga o‘zgarmoqda. Fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan:

  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • Samarqand davlat chet tillari instituti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.

Shuningdek:

  • Toshkent davlat pedagogika universiteti;
  • Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
  • Nukus davlat pedagogika institutining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida chet tilidan test emas, tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon olinadi.

Bunda ushbu OTMlarning birinchi fani chet tili bo‘lgan yo‘nalishlarida abituriyentlar ijodiy imtihon topshiradi. Ingliz tili bo‘yicha ijodiy imtihon kompyuter variantda, qolgan tillar bo‘yicha esa qog‘oz variantda olinishi rejalashtirilmoqda.

Bu yo‘nalishlarga topshiradigan abituriyentlar uchun eng murakkab va tavakkalli tomoni – ular mana shu 6 ta OTM doirasidagina 5 ta yo‘nalish tanlashi mumkin bo‘ladi. Sababi boshqa OTMlarda chet tili imtihoni test ko‘rinishida olinadi va savollar turi bir-biridan farq qiladi.

6. Shuningdek, ba’zi yo‘nalishlarda imtihon olinadigan fanlar o‘zgargan. Davlat OTMlarida ta’lim yo‘nalishlari soni – 461 ta, shundan 7 foizida 2 ta fanning o‘rni o‘zgargan. Bitta fan o‘zgargan ta’lim yo‘nalishlari esa 2,8 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, faqatgina bitta yo‘nalish – biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishida mutaxassislik fanlari butunlay o‘zgargan.

Jumladan, filologiya va o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishlarida ham ikkinchi fan – tarix o‘rniga chet tili kiritildi.

7. Maktab yoki kollej, litseyni bir yil avval tugatgan abituriyentlarning barchasi kirish imtihonlarida qatnashish uchun pul to‘laydi. Bu yildan boshlab kirish imtihonlari uchun to‘lov undirilmaydigan abituriyentlar toifasiga:

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari;

«Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turuvchi yoshlar ham kiritildi.

Bungacha ozod qilinganlar ro‘yxatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va mehribonlik uylari bolalari, bolalar shaharchasining bitiruvchilari bor edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring