Korreksion sinf tashkil etganlarga subsidiya beriladi
Hukumatning 2026-yil 12-noyabrdagi 619-son qarori bilan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibi tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkiloti korreksion sinf tashkil etish uchun bitim tuzish maqsadida ta’lim xizmati ko‘rsatiladigan hududdagi hududiy boshqarmaga «YaMIH» AT orqali belgilangan ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda ariza beradi.
Arizani ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha hududiy boshqarma bir ish kuni ichida bitim tuzishni rad etish asoslari mavjud emasligi aniqlansa, axborot modulida bitim tuzish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa rasmiylashtiradi va bitim imzolanadi.
Nodavlat ta’lim tashkilotining har bir korreksion sinfida o‘quvchilar soni 12 nafardan oshmasligi lozim.
To‘liq bir oy davomida korreksion sinfda ta’lim olgan har bir bola uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratiladi:
- Toshkent shahrida — BHMning 11 baravari;
- viloyatlar markazlari va Nukus shahrida — BHMning 9,5 baravari;
- boshqa tuman va shaharlarda — BHMning 8,5 baravari.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter